MAQSAD – HARBIY TAʼLIM SIFATINI OSHIRISH

0
281
marta koʻrilgan.

Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan “Milliy armiyamiz – Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 14 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligini hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi farmoyishi ijrosi doirasida tashkil etilgan ushbu tadbirda Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi aʼzolari, harbiylar, faxriylar, markaziy OAVlarida harbiy-vatanparvarlik mavzuini yoritishga ixtisoslashgan jurnalistlar, oʻqituvchi va kursantlar ishtirok etdi. 

Tadbirda institut boshligʻi, professor, podpolkovnik H. Muhiddinov, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi oʻrinbosari, Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi aʼzosi X. Salimov va boshqalar davlatimiz rahbarining 2022 yil 20 dekabr kuni Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan murojaatnomasida Qurolli Kuchlarimiz jangovor salohiyatini oshirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilgani, milliy armiyamizni isloh qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar,  xususan, harbiylarning jangovar shayligi va jismoniy tayyorgarligini oshirish, ushbu oliy taʼlim muassasasida yangicha yondoshuvlar asosida zamonaviy va sifatli taʼlim berishga alohida eʼtibor qaratilayotgani xususida soʻz yuritdi.   

Shundan soʻng tadbir ishtirokchilari  Prezidentimiz tashabbusi bilan butunlay yangidan barpo etilgan mazkur institutda oʻqituvchi-ofitserlar, kursantlar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, oʻquv dargohida taʼlim sifatini oshirish boʻyicha qilinayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

–Inson qadri ulugʻlanayotgan yurtimizda taʼlimga eʼtibor kuchaymoqda, – deydi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Fayzullo Shermatov. – Kirib kelgan Yangi yilga – Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili, deya bejiz nom berilmadi. Harbiylarimizning jangovor salohiyatini oshirish – koʻp jihatdan soha ofitserlariga, ularning ilmiga bogʻliq. Oʻqitish jarayonida mazkur jihatlarni hisobga olib, zamonaviy texnololgiyalar asosida, yangicha oʻqitish usullari, nazariya va amaliyotni uygʻun holda tashkil etmoqdamiz. Ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Maqsad – taʼlim sifatini yanada oshirish.

Tadbir yakunida “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist”, taniqli shoir va jurnalist, uzoq yillar Mudofaa vazirligining “Vatanparvar” gazetasida faoliyat olib bolrgan Abdurazzoq Obroʻyev oʻz ijod namunalaridan oʻqib berdi. Institut kutubxonasiga Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan tayyorlangan “Umid yogʻdusi” nomli kitobdan oʻnlab nusxa sovgʻa qilindi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.