Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarda faollik koʻrsatib, oʻzining bilim va iqtidori, intiluvchanligi va tashabbuskorligi, halol va samarali mehnati bilan Vatanimiz taraqqiyotini yuksaltirish, yangi Oʻzbekistonni barpo etish va uning xalqaro nufuzini oshirishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan, yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlaydigan, qatʼiy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarash va yuqori salohiyatga ega, xalq manfaati va yurt istiqboli uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir boʻlgan fidoyi va mard oʻgʻlonlarimizni munosib ragʻbatlantirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika boʻyicha komissiyaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining iqtidorli yigitlarini fan, taʼlim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot, sanʼat, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat sohalari va huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun «Mard oʻgʻlon» davlat mukofoti bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi takliflari ilovadagi roʻyxatga muvofiq maʼqullansin.
«Mard oʻgʻlon» davlat mukofoti boʻyicha koʻzda tutilgan 28 ta mukofot oʻrniga 2021 yil uchun istisno tariqasida 29 ta mukofot berilishi belgilansin.
2. «Mard oʻgʻlon» davlat mukofoti bilan taqdirlanganlarga sovrindorlik diplomlari va koʻkrak nishonlari tantanali vaziyatda topshirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi «Mard oʻgʻlon» davlat mukofoti sovrindorlarining har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida pul mukofoti berilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga «Mard oʻgʻlon» davlat mukofoti sohiblarining ibratli faoliyati, ularning noyob isteʼdodi va erishgan yutuqlarini keng yoritib borish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV