Mard posbonlari bor xalqning ertangi kunga ishonchi mustahkam, gʻurur-iftixori baland boʻladi – Prezident

0
127
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 13 yanvardagi farmoniga muvofiq, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlarining bir guruh xodimlari harbiy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

14 yanvar kuni Prezident Administratsiyasida ushbu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi boʻldi.

Davlatimiz rahbari, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni barcha harbiy xizmatchilarni va soha faxriylarini mazkur shonli sana bilan tabrikladi.

– Mustaqilligimizning 30 yilida Qurolli Kuchlarimiz tashkil topib, fidoyi askarlar, ofitser va generallar yetishtirib, zarur aslahalar bilan taʼminlanib, bugun mana shunday yetuk armiyaga aylandi. Bu jonajon Vatanimizdagi tinchlik, barqarorlik, xalqimizning osoyishta yashashiga zamin boʻlayapti, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Soʻnggi yillarda mudofaa tizimining jangovar salohiyatini oshirish boʻyicha juda katta ishlar qilindi. Harbiy boshqaruv tizimi deyarli yangidan barpo etildi. Harbiy-maʼmuriy sektorlar tuzildi.  Qoʻshin turlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni taʼminlash boʻyicha taʼsirchan mexanizmlar yoʻlga qoʻyildi. Eng murakkab vazifalarni ham tezkorlik bilan bajarishga qodir boʻlgan boʻlinmalar tashkil etildi. Qoʻshinlarning jangovar va ruhiy tayyorgarlik darajasi oshdi.

Qurolli Kuchlar Akademiyasi, yangi tashkil etilgan Harbiy-tibbiyot akademiyasi, “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari va boshqa ixtisoslashtirilgan oʻquv yurtlari professional kadrlar tayyorlash maskanlariga aylanib bormoqda. Yoshlar oʻrtasida harbiy xizmatga qiziqish va intilish kuchaymoqda.

Har yili Vatan himoyachilari kuni arafasida Xavfsizlik kengashi yigʻilishi oʻtkazilib, sohada bajarilgan ishlar va navbatdagi muhim vazifalar muhokama qilib borilmoqda.

– Kechagi yigʻilishda biz munosib kuch-qudratimizni bundan ham mustahkamlash, har bir yoʻnalishda ilmni rivojlantirish, kadrlar tayyorlash boʻyicha katta rejalar qabul qildik. Dunyoda va mintaqamizda boʻlayotgan tahlikali voqealarni chuqur tahlil qilib, xalqimizning tinchligi, chegaralarimiz daxlsizligi boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻramiz. Biz faqat oʻz kuchimizga ishonamiz, – dedi Oliy Bosh Qoʻmondon.

Vatan himoyachilari bilim va fazilatlari bilan yoshlarga namuna boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

– Harbiy okruglarga, harbiy-maʼmuriy sektorlarga men qoʻygan eng katta vazifa – xalq bilan armiya birligini taʼminlash, inson qadrini ulugʻlash haqida boʻldi. Bunda sizlar yetakchi, har bir harakatingiz bilan yoshlarga namuna boʻlasiz, deb ishonaman, – dedi davlat rahbari. 

Inson qadrini ulugʻlash tamoyili bu sohada ham namoyon. Harbiy xizmatchilar uchun munosib xizmat va yashash sharoitlari yaratilmoqda. Xususan, soʻnggi besh yilda 10 mingga yaqin harbiy xizmatchi imtiyozli kreditlar asosida uy-joy bilan taʼminlandi. Ular xizmat muddatini oʻtab boʻlganidan keyin ish va tibbiy xizmatlar bilan taʼminlanishi ham eʼtiborda.

Bugun bayram munosabati bilan joylarda oʻtkazilayotgan tadbirlar, vatanparvarlarga topshirilayotgan mukofotlar ham  inson qadrini ulugʻlashning yana bir namunasi.

Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev unvon toʻgʻrisidagi guvohnomalarni, orden va medallarni tantanali ravishda topshirdi. Vatan himoyachilariga sihat-salomatlik, zimmasidagi olijanob vazifalarni samarali ado etishda ulkan zafarlar tiladi.

– Afsuski, hamma mukofotlanganlarni bu zalga yigʻishning iloji yoʻq. Lekin barcha mukofotlanganlarni, bugun kelolmaganlarni ham davlatimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan chin dildan tabriklayman. Mukofot bu – eʼtibor, xalqimizning ishonchi timsoli. Bu sizlarga ruh, kuch-gʻayrat bagʻishlab, yangi-yangi muvaffaqiyatlarga undashi kerak. Mard posbonlari bor xalqning ertangi kunga ishonchi mustahkam, gʻurur-iftixori baland boʻladi, – dedi Prezident.

Soʻzga chiqqanlar yuksak mukofot va doimiy eʼtibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.