Margʻilonda 25 ming aholiga moʻljallangan uy-joylar quriladi

0
42
marta koʻrilgan.

Fargʻona viloyatining Margʻilon shahrida aholi zich yashaydi. Yaqin kelajakda bu nufus oshib boradi. Yosh oilalarga va kelgusi avlodlarga munosib sharoit yaratish maqsadida Prezidentimiz shaharda yangi massiv qurish gʻoyasini ilgari surdi. Tashrif chogʻida bu borada margʻilonlik nuroniylar, jamoatchilik vakillari bilan maslahatlashildi.

— Mamlakatimizning koʻp joylarida yangi massivlar, shaharchalar qurayapmiz. Margʻilonliklarning yashash sharoitlaridan, uy-joylarga ehtiyojidan xabarim bor. Shu talab va istaklarni, koʻpchilik oilalarning orzularini inobatga olib, zamonaviy imoratlar qurishni oʻylayapmiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Loyihaga koʻra, 110 gektar maydonda bunyodkorlik ishlari olib boriladi. Xususan, 25 ming aholiga moʻljallangan 5 mingta xonadonli koʻp qavatli uylar quriladi. Shuningdek, Burhonuddin Margʻiloniy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Maqom teatri, yuridik institut, 4 ta mehmonxona, shoir va sanʼatkorlar xiyoboni, savdo va xizmat majmualari boʻladi. Istirohat bogʻi unga fayz va havo bagʻishlaydi.

Jamoatchilik nomidan soʻz olgan nuroniylar bu xalq kutgan loyiha ekanini aytib, mamnunligini bildirdi. Ushbu ezgu ishga muvaffaqiyat tilab duo qilindi.

— Bugun borib koʻrdik, Fargʻonada katta sanoat korxonalari ishlayapti. Yangi elektr stansiyalarini ishga tushirdik. Nima uchun? Xalqimizning sharoiti boʻlishi uchun, korxonalar barqaror ishlashi uchun. Endi sizlar ham islohotlarga kamarbasta boʻlib, mahallalar ishsizlik va kambagʻallikdan xoli boʻlishiga koʻmak berishingizni istardim, — dedi Prezident. 

Mutasaddilarga massivni xorij tajribasi asosida puxta loyihalashtirish, uylar va infratuzilmani uzoqni koʻzlab barpo etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.