Mark Riss — AQSHning Vashington universitetida “Markaziy Osiyodagi turkiy tillar, xususan oʻzbek tili, jadidchilik va Islom fiqhi” boʻyicha taʼlim olgan.
U 23 yillik ish faoliyatini Markaziy Osiyoda “Tinchlik korpusi” koʻngillisi sifatida boshladi. 1994 — 1997 yillarda Oʻzbekistonda ishladi. Termiz, Samarqand, Qoʻqon shaharlarida ingliz tilidan bolalarga dars berdi va oʻqituvchilar malakasini oshirish dasturlarida ishtirok etdi. Atoqli oʻzbek adibi Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanini ingliz tiliga tarjima qildi. Ayni paytda Tennesi shtati Neshvil shahrida toshkentlik rafiqasi va oʻgʻli bilan yashaydi.
“Xalq soʻzi” gazetasi maxsus muxbiri AQSHda ijodiy safari davomida Mark Riss bilan uchrashib, suhbatlashdi. Muloqot esa oʻzbek tilida boʻlib oʻtdi.
— Mamlakatingizda bir necha yil davomida haqiqiy oʻzbeklardek yashaganman, — deya gap boshladi mezbon. — Xalqingizning mehmondoʻstligi, boy madaniyati, hech qaysi mamlakatlarda uchramaydigan, faqatgina oʻzbeklarga xos boʻlgan noyob urf-odatlar meni oʻziga rom etgan.
— Oʻzingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz. Qanday sabab bilan Oʻzbekistonga borgan edingiz?
— 7-sinfda oʻqiyotganimda, Darz Bergor ismli oʻqituvchim hayotimda muhim rol oʻynadi. U 1963-1964 yilda Afrikaning Gana davlatida tinchlik korpusida ishlagan edi. Unga havas qildim. Shu sohada ishlashni niyat qildim. Oʻsha oʻqituvchim Sovet ittifoqi tarqab ketgandan soʻng, uning tarkibida, ayniqsa, Markaziy Osiyoda juda koʻp mamlakatlar borligi, AQSH ular haqida deyarli maʼlumotlarga ega emasligini aytdi. Shimoliy Arizona Universitetining ingliz tili yoʻnalishi boʻyicha tahsilni tamomlagach, Tinchlik korpusining markaziy shtabiga borib oʻz takliflarimni va Markaziy Osiyoda shu sohada ishlash niyatim borligini aytdim. Ikki haftadan soʻng taklifnoma keldi. Unda hatto Oʻzbekistonning joylashgan hududi Shimoliy Pokiston, deb notoʻgʻri koʻrsatilgan edi. Shunday qilib, 1994 — 1997 yillarda tinchlik korpusida ishladim. Avvalo, Samarqandda oʻzbek tilini oʻrgandim. Keyin Qoʻqon shahridagi 23-maktabda ingliz tilidan bolalarga dars berdim. Qoʻqon shahri mening hayotimda eng yorqin iz qoldirdi. Chunki, qadimiy shahardagi asl oʻzbekona urf-odatlar, tarixiy qadamjolar menga juda yoqqan. Ayniqsa, Qoʻqon shahridagi oʻzbek oilasida ikki yil davomida yashaganim oʻzbek tilini mukammal bilib olishimda tamal toshini qoʻydi.
— Bizning sevimli yozuvchimiz Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” asarini ingliz tiliga tarjima qilibsiz. Bunga nima turtki bergan edi?
— 1997 yilda tinchlik korpusidagi faoliyatim nihoyasiga yetib AQSHga qaytdim. Vashington Universitetida “Markaziy Osiyodagi turkiy tillar, xususan, oʻzbek tili, jadidchilik va Islom fiqhi” boʻyicha magistrlik maqomini oldim. 2000 yilda jonajon vatanimdek boʻlib qolgan Oʻzbekistonga borib aspiranturadagi ilmiy ishimga mavzu topish bahonasida qadrdonlarim bilan koʻrishish ishtiyoqi paydo boʻldi. Ilmiy rahbarim professor Ilza Sirtautas xonimdan ruxsat soʻraganimda, u: “Oʻtkan kunlar” asarining uch bobini tarjima qilsang, aspiranturani bitirgan boʻlasan”, deb shart qoʻydi. Men rozi boʻldim. Shu bahonada asarni toʻliq tarjima qilishga erishdim.
Tarjima jarayonida har gal biror soʻz va asardagi voqelikni ingliz tilida qanday bayon qilish ustida bosh qotirsam professor Ilza xonim koʻz oʻngimda gavdalanadi. Chunki u tarjima sanʼati har qanday izlanishdan koʻra mashaqqatli ekanligini yaxshi anglagan. Yillar davomida tarjima jarayonida har bir sahifada yaxlit bir ilmiy ish qilayotganimni his qilganman. Tarjimaga qoʻl urishdan avval asardagi oʻsha davr tarixi, ijtimoiy-siyosiy vaziyat, urf odatlarning turkiy xalqlar oilalaridagi oʻrni haqida batafsil maʼlumotlarni oʻrganib chiqdim. Bu odatlarga Qoʻqonda oʻzbek oilasida yashaganimda koʻp marta duch kelganman. Masalan, asarda kelinning choy uzatishi, ota-ona va farzandlar suhbatidagi muomala odobi, andisha, lutf, mehmon kelishiga tayyorgarlik koʻrish… hammasini avvalo toʻliq his etdim.
Keyin birinchi ishni Toshkentdagi Abulqosim madrasasi bilan hamkorlik oʻrnatishdan boshladim. Abdulaziz Muhammadkarimov kerakli, lugʻatda yoʻq soʻzlarning mazmunini tushuntirishda, beradigan ikkinchi maʼnolari va etimologiyasini anglatishda juda katta yordam berdi. Madrasadagi Qahramonshoh Ismoilov, Kamoliddin Mirzayevlar esa asarga chiziladigan suratlarda koʻmak qoʻlini choʻzishdi. Afgʻoniston safarida 1907 yilda bosmadan chiqqan ikki tomli Oʻzbek tilining izohli lugʻatini sotib olgandim. Tarjima jarayonida ana shu lugʻat koʻp tarixiy soʻzlarga asos boʻldi. Har kuni ishdan keyin bir betga 8 soatdan vaqt sarfladim. Rafiqam Yelenaga rahmat deyman. Oʻzbek tilini yaxshi biladigan bu ayol men bilan birga tajimonlik qildi, desam adashmayman. Tarjimani 2005 yilda Oʻzbekistonda boshlab 2017 yilda AQSH da tugatdim. Indiana Universitetida ilmiy izlanish olib borayotgan toshkentlik olima Umida Hikmatullayeva kitobga muharrirlik qilgan.
Men oʻzim va tarjimamni asar qahramoni Otabekka qiyoslayman. U Margʻilon — Toshkent oʻrtasida ishq tufayli qatnaganidek, men ham Amerika va Oʻzbekiston oʻrtasida “Oʻtgan kunlar” asariga boʻlgan muhabbatim sabab koʻp bora kelib-ketib yurdim.
Ushbu asar tarjimasi bilan toʻxtab qolmoqchi emasman. Endi Abdulla Qodiriyning oʻz hayotini, ijod maktabi haqida ssenariy yozib, badiiy film olmoqchiman. Chunki, Markaziy Osiyoda qanday buyuk ijodkorlar, qalam ahli borligini, ular har qanday ogʻir kunlarda ham oʻz maqsadlari, orzu umidlaridan, xalqidan voz kechmaganliklarini butun dunyo, jumladan, amerikaliklar ham katta ekranlar orqali bilishini juda-juda istayman.
“Xalq soʻzi” maxsus muxbiri
Elyorjon EHSONOV suhbatlashdi
AQSH, Kolumbiya okrugi.