Markaziy saylov komissiyasi Prezident saylovining joriy yakunlarini eʼlon qildi

0
86
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi 2021 yil 24 oktyabr kuni boʻlib oʻtgan Prezident saylovida ovoz berishning joriy yakunlarini eʼlon qildi.

Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi saylov uchastkalarida ovoz berish yakunlandi.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, saylovda qariyb 16 million 37 ming saylovchi ishtirok etdi. Bu jami saylovchilarning 80,8 foizini tashkil etadi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizomxoʻjayev xalqaro kuzatuvchilar, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun oʻtkazilgan brifingda shu haqda maʼlum qildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 96-moddasiga muvofiq, saylovda saylovchilarning kamida 33 foizi ishtirok etgan boʻlsa, haqiqiy deb hisoblanishi belgilangan. Demak, Saylov kodeksiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻlib oʻtgan va haqiqiy deb hisoblanishi taʼkidlandi.

Bu – taraqqiyotning yangi, demokratik bosqichiga qadam qoʻygan Oʻzbekiston xalqining siyosiy-huquqiy ongi, madaniyati va siyosiy faolligi tobora yuksalib borayotganining tasdigʻi, xalqimizga xos ahillik va hamjihatlikning yana bir ifodasidir.

Shuningdek, koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ichki va tashqi siyosatni, amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlarni qoʻllab-quvvatlayotganining amaldagi yorqin namoyishidir.

Ovozlarni sanab chiqishda saylov uchastkalarida siyosiy partiyalar kuzatuvchilari, xalqaro kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Saylov davomida joylardan saylov qonunchiligi buzilishi haqida xabar kelib tushmadi.

25 oktyabr kuni boʻlib oʻtadigan brifingda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining dastlabki natijalari eʼlon qilinadi. Shu kuni xalqaro kuzatuvchilar missiyalari ham matbuot anjumanlari oʻtkazadi.

Nurullo NASRIYEV, OʻzA muxbiri

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.