Mashinasozlik klaster usulida rivojlantiriladi

0
123
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 fevral kuni mashinasozlik sanoatidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Sanoatning barcha tarmoqlarida boʻlgani kabi avtomobilsozlikda ham transformatsiya jarayoni ketmoqda. Soʻnggi toʻrt yilda avtomobil ishlab chiqarish hajmi 1,8 barobarga, tarmoq eksporti esa 2,7 barobarga oshgan. Xorijiy kompaniyalar ishtirokida yangi korxonalar tashkil etilib, 2 ming 600 turdagi butlovchi qismlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan.

“UzAuto Motors” kompaniyasi “Fitch Ratings” hamda “Standard & Poor’s” xalqaro agentliklarining “barqaror” kredit reytinglarini olib, jahon moliya bozorida ilk bor 300 million dollarlik yevrobond joylashtirdi.

Lekin, bu tarmoq hali isteʼmolchilar talabini toʻliq qanoatlantirolmayapti.

Shu bois Taraqqiyot strategiyasida avtomobil sanoatida kooperatsiyani yanada rivojlantirish orqali ishlab chiqarish hajmini 1,4 baravarga, eksport hajmini 2 baravarga koʻpaytirish va mahalliylashtirish darajasini oshirish maqsadi belgilangan.

Yigʻilishda bunga erishish yoʻlidagi joriy yilgi vazifalar muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari, avvalo, aholi talablariga eʼtibor qaratdi.
Avtomobillar uchun oldindan toʻlov miqdorini 85 foizdan 50 foizga pasaytirish va 1 mayga qadar avtomobil sotib olishdagi navbatlarni toʻliq bartaraf etishga koʻrsatma berdi. Hozirgi kunda navbatda turgan xaridorlarga avtomobili yetkazib beriladigan aniq sana koʻrsatilgan xabarnoma yoʻllanadi.     

Ichki talabni qondirish maqsadida birinchi yarim yillikda 160 mingta, yil yakuniga qadar 275 mingta avtomobil ishlab chiqarish zarurligi qayd etildi.

Bozorda taklifni oshirib, xalqimizga tanlash imkoniyatini yaratish maqsadida import avtomobillar uchun bojxona boji stavkalarini 2 barobarga pasaytirish boʻyicha hukumatga topshiriq berildi.

Joriy yilda 23 ta loyiha doirasida 600 turdagi butlovchi qismlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish moʻljallangan. Natijada  mahalliylashtirish darajasi 48 foizdan 56 foizga chiqadi. Shuningdek, 336 million dollar investitsiya evaziga ikkita yangi avtomobil modeli va zamonaviy dvigatel ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Yigʻilishda tarmoqning eksport rejalari haqida ham maʼlumot berildi.

Prezidentimiz bu rejalar mavjud imkoniyatlarga nisbatan kamligini taʼkidlab, yangi bozorlarga chiqish boʻyicha tavsiyalar berdi. Xususan, yirik savdo tarmoqlari orqali butlovchi qismlar sotishni kengaytirish hisobiga 2022 yilda eksport hajmini kamida 500 million dollarga yetkazish mumkinligi aytildi.

Davlatimiz rahbari mashinasozlik tarmogʻini sanoat klasteri usulida rivojlantirish lozimligini taʼkidladi. Bu tizim “injiniring – butlovchi qismlar – tayyor mahsulot – savdo va servis” zanjirini qamrab oladi. 8 ta mashinasozlik korxonasi, butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi 300 dan ziyod korxona, logistika, ichki va tashqi bozorlardagi savdo va servis tarmogʻi, Turin politexnika va Andijon mashinasozlik institutlarini umumiy maqsad yoʻlida birlashtiradi.

Shundan kelib chiqib, hukumatga “milliy mashinasozlik klasteri” dasturini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Maʼlumki, jahonda elektromobillar ishlab chiqarish jadal rivojlanib bormoqda. 2021 yilda bunday mashinalar ulushi avtomobil bozorida 2 barobarga oʻsgan.

Prezident bu sohada ortda qolmaslik uchun hozirdan harakat boshlash kerakligini taʼkidladi. Bu boradagi texnik talab va standartlar, mahalliylashtirish masalalarini inobatga olgan holda, elektromobil tarmogʻini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish topshirigʻi berildi.

Yigʻilishda qishloq xoʻjaligi mashinasozligiga ham toʻxtalib oʻtildi. Bu yoʻnalishda Chirchiq shahrida klaster tashkil etilishi belgilangan. Buning uchun byudjetdan 100 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan. “Texnolog” va “Agregat” zavodlaridagi uskunalarni Chirchiqqa koʻchirish boshlangan.

Ushbu klasterni 2023 yildan toʻliq ishga tushirish muhimligi taʼkidlandi. Joriy yilda qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarishni 2 barobarga oshirib, ularning tannarxini 12 foizga kamaytirish, eksportni 15 million dollarga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.