Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 aprel kuni qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasterini rivojlantirish rejalari taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 31 iyuldagi qaroriga muvofiq, qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqarish va sotib olishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi tizim yaratilgan edi. Bu oʻz natijalarini berib, fermer va dehqonlar unumdor texnikalarga ega boʻlmoqda. Jumladan, shu yil birinchi chorakning oʻzida 1 ming 600 ta texnika uchun 23 milliard soʻm subsidiya ajratildi.
Modernizatsiya natijasida 2021 yilda traktorlar tannarxi 4 ming 600 dollarga arzonlashtirilgan. Ayni paytda, ilgari zarar bilan ishlagan tarmoq korxonalari foydaga chiqqan.
Sohani sanoat klasteri usulida rivojlantirish maqsadida Chirchiqda qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasteri tashkil etilmoqda. Bugungi kunda u yerga sobiq “Texnolog” va “Agregat” zavodlari uskunalari toʻliq koʻchirilgan.
Taqdimotda shunday ishlar va navbatdagi rejalar koʻrib chiqildi.
– Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi – katta va muhim tarmoq. Bu hosildorlik yuqoriligi, oziq-ovqat xavfsizligi bilan bogʻliq masala. Zamonaviy texnikalar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish, sifat va xizmat nuqtai nazaridan hali qilinadigan ishlar koʻp, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu ishlarni tizimli olib borish uchun Bosh vazir rahbarligida qishloq xoʻjaligi mashinasozligi masalalari boʻyicha komissiya tuzilishi belgilandi.
Avvalo, Chirchiqdagi klasterga koʻchirilgan quvvatlar negizida kultivator, seyalka, kosilka, chizel, borona ishlab chiqarishni boshlash zarurligi taʼkidlandi. Shuningdek, Toshkent traktor zavodini ham koʻchirib, klasterni 2023 yil yanvardan toʻliq ishga tushirish vazifasi qoʻyildi. Ungacha agroklasterlar va fermerlar talabini oʻrganib, aniq buyurtmalarni shakllantirish muhimligi aytildi.
Bugungi kunda yerni lazer orqali tekislash texnikalariga talab yuqori. Shu bois, mutasaddilarga shunday texnika ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish topshirildi. Eskirgan traktorlardan toʻliq voz kechib, yangi milliy traktor modelini yaratish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Paxtani kombaynda terish ulushi joriy yilda 35 foizga, 2023 yilda esa 50 foizga yetkazilishi qayd etildi.
Yil yakunigacha Andijonda metall quyish zavodini ishga tushirib hamda 90 turdagi butlovchi qismlarni mahalliylashtirib, texnikalar tannarxini kamida 12 foizga kamaytirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.
Dehqon va fermerlarni oʻylantiradigan masalalardan yana biri – texnika buzilsa, uni tuzatish, ehtiyot qismlar topish va taʼmirlash. Shu bois Prezidentimiz mashinasozlikda savdo va servis xizmatlari koʻrsatish boʻyicha yaxlit tizim yaratish, 14 ta hududda servis markazi va 100 ta mobil guruhlar tashkil etish zarurligini taʼkidladi.
Yangi texnikalar, umuman, qishloq xoʻjaligi mexanizatsiyasi boʻyicha mutaxassislarni oʻqitish boʻyicha ham vazifalar belgilandi.