Poytaxtimizda Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, «A2 Digital» masʼuliyati cheklangan jamiyati hamkorligida oʻtkazilgan «Innovatsion texnologiyalarning yangi qirralari» xalqaro matbaa forumining ikkinchi kunida ishtirokchilar mazkur MCHJ va qator nashriyot-matbaa ijodiy uylari faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizda matbaa sohasini rivojlantirishda davlat korxonalari va xususiy sektor faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 13 sentyabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida»gi qarori hamda 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻibot qilish boʻyicha komissiya tuzish toʻgʻrisida“gi farmoyishi matbaa sohasiga yangi innovatsion raqamli texnologiyalarni olib kirishda muhim ahamiyat kasb etyapti.
Anjuman ishtirokchilari «Oʻzbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyiga tashrif chogʻida u yerda ishlab turgan 8 boʻyoqli chop etish uskunasini koʻzdan kechirdi. Germaniyaning «KBA» kompaniyasida ishlab chiqarilgan mazkur uskuna Markaziy Osiyoda yagona sanaladi.
– 2015 yilda oʻrnatilgan ushbu dastgohning afzalliklari koʻp, – deydi «Oʻzbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyi bosh muharriri Azimboy Boboniyozov. – Ish kuchi va energiya tejaladi, boʻyoq 20-30 foiz kamroq ishlatiladi, qogʻozning bir yoʻla ikki tomoni sifatli chop etiladi. Eng muhimi, kam vaqt sarflanadi. Mahsulotlarimiz turi koʻpaymoqda. Kelajakda raqamli chop etish uskunalarini olib kelib, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz.
Manba: OʻzA