Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga

0
176
marta koʻrilgan.

Qadrli doʻstlar!

Avvalo, siz, azizlarni, sohaning muhtaram faxriylarini Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etib, barchangizga oʻzimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan mamnunman.

Sizlarning bu galgi kasb bayramingiz eng ulugʻ va eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik sanasi arafasida boʻlib oʻtayotgani unga alohida ruh va mazmun bagʻishlamoqda.

Barchangizga ayonki, keyingi yillarda yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan islohotlar jarayonida ommaviy axborot vositalari sohasida ham tub oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda.

El-yurtimiz, jamoatchiligimiz matbuot nashrlari, tele-radio kanallar, nashriyot va matbaa korxonalari, Internet saytlari, axborot xizmatlarida oʻz vazifasini sidqidildan ado etayotgan zahmatkash jurnalist va blogerlar, noshir va muharrirlar, tarjimon va rassomlar, rejissyor va operatorlar, barcha texnik xodimlarning mashaqqatli mehnatini yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Fursatdan foydalanib, doimo yangilik izlab, yangilikka intilib yashaydigan, jamiyatda yuz berayotgan muhim oʻzgarishlar, ustuvor gʻoya va tashabbuslarning maʼno-mohiyatini odamlarga tezkorlik va xolislik bilan yetkazadigan, hayotning qaynoq nuqtalariga dadil kirib boradigan siz, azizlarga mamlakatimiz taraqqiyotiga qoʻshayotgan beqiyos hissangiz uchun chuqur minnatdorlik bildiraman.

Hurmatli doʻstlar!

Bugungi kunda barcha darajadagi boshqaruv idoralari rahbarlarining ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar bilan muntazam uchrashib, jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalarni erkin muloqot asosida keng muhokama etishi yaxshi anʼanaga aylanib bormoqda. Biz bunday yondashuvni Oʻzbekistonda olib borilayotgan ochiqlik, oshkoralik va demokratik siyosatning eng muhim yoʻnalishlaridan biri deb bilamiz hamda milliy manfaatlarimizga javob beradigan bu yoʻlni qatʼiy davom ettiramiz.

Shu sababli ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsiri, faoliyat samaradorligi va taʼsirchanligini oshirish, ularning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, soha xodimlarining mehnatini har tomonlama ragʻbatlantirish biz uchun hamisha ustuvor vazifa boʻlib kelmoqda.

Bu borada avvalo mavjud meʼyoriy-huquqiy bazani kuchaytirish maqsadida keyingi toʻrt yilda 12 ta qonun hujjati qabul qilinganini, media sohasi, axborot xizmatlari tizimi tubdan yangilanganini taʼkidlash lozim.

Buning tasdigʻi sifatida quyidagi raqamlarga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.

Bu yil tashkil topganining 65 yilligini nishonlaydigan milliy televideniyemiz faoliyatida ham jiddiy oʻzgarishlar koʻzga tashlanmoqda. Oʻz tarkibida tunu kun faoliyat koʻrsatadigan 26 ta tele va 16 ta radiokanalni birlashtirgan Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasining yangi zamonaviy platformasi («Over-the-top») markaziy telekanallarimizda namoyish etilayotgan koʻrsatuvlarni butun mamlakatimiz boʻylab hamda dunyoning yuzdan ziyod davlatlariga uzatish, ijtimoiy tarmoqlarga faol joylashtirish imkonini bermoqda.

Ayni vaqtda nodavlat elektron ommaviy axborot vositalari, gazeta va jurnallar, nashriyot va bosmaxonalar soni koʻpayib borayotgani eʼtiborga loyiq.

Davlat idoralarining jamoatchilik bilan aloqalarini mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Jumladan, hokimiyat va boshqaruv organlari tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, milliy dastur va strategiyalarning bajarilishi yuzasidan doimiy ravishda matbuot anjumani va brifinglar, ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.

Agar 2019 yilda davlat va nodavlat tashkilotlardagi axborot xizmatlarining manbalari – rasmiy veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar 559 tani tashkil etgan boʻlsa, 2021 yilda bu raqam 2410 taga yetdi.

Ommaviy axborot vositalaridagi tanqidiy chiqishlarga vazirlik va idoralar, hokimliklarning axborot xizmatlari orqali tezkor munosabatlar bildirish amaliyoti shakllanmoqda. Buning tasdigʻini davlat idoralari tomonidan tanqidiy materiallarga javob qaytarish koʻrsatkichi 2018 yilda 12 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2020 yil yakuniga koʻra qariyb 90 foizga yetgani misolida ham koʻrish mumkin.

Yaqinda qabul qilingan “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmon bu boradagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi.

Hozirgi vaqtda elektron ommaviy axborot vositalari, xususan, Internet jurnalistikasi hayotimizga tobora chuqur kirib bormoqda. Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 1893 ta ommaviy axborot vositasidan 638 tasi yoki 33,7 foizi Internet nashrlari – veb-saytlar sifatida roʻyxatdan oʻtgan.

Shu oʻrinda, mamlakatimizda soʻz va matbuot erkinligini taʼminlash maqsadida ommaviy axborot vositalarini roʻyxatdan oʻtkazishda barcha jarayonlar inson omilisiz, elektron shaklda amalga oshirilayotgani bu yoʻldagi yana bir muhim qadam boʻlganini qayd etish zarur.

Sohada yuksak malakali kadrlar tayyorlash masalasi ham doimiy eʼtiborimiz markazida boʻlib kelmoqda. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti faoliyat koʻrsatmoqda, shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Samarqand davlat chet tillari institutida ham jurnalistika yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.

Aziz yurtdoshlar!

Mamlakatimizdagi barcha siyosiy-ijtimoiy institutlar kabi Oʻzbekiston jurnalistikasi ham hozirgi raqamli texnologiyalar davrida yangi shakllanish jarayonini boshidan kechirmoqda.

Bugun avlodlar, ijodiy maktablar, anʼanalar, tushuncha va tasavvurlar yangilanmoqda. Internet zamoni oʻz talab va qoidalarini ilgari surmoqda. Ana shunday murakkab oʻtish davrida milliy jurnalistikamiz ilgari kuzatilmagan turli sinov va qiyinchiliklarga ham duch kelayotganini eʼtirof etish va ularni birgalikda bartaraf qilish haqida oʻylashimiz lozim.

Aminmanki, mazkur sohada yillar davomida erishilgan eng yaxshi yutuq va anʼanalarni saqlab qolish, xolislik va haqqoniylik prinsiplariga, qonun talablariga qatʼiy rioya qilish, fuqaroning shaʼni va gʻururi, uning oʻz mustaqil fikriga ega boʻlish huquqini hurmat qilish, yuksak professional mahorat sizlar uchun doimo asosiy faoliyat mezoni boʻlib qoladi.

Ushbu maqsadlarga erishishda Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan ilgari surilgan bir qator tashabbuslar, yaʼni milliy media makonimizga dadil kirib kelayotgan yosh jurnalistlar, blogerlar, axborot tizimlari xodimlari ishtirokida “Milliy jurnalistika: anʼanalar davomiyligi va zamonaviylik” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida “Oʻzbekiston jurnalistika maktabi: ijodiy meros va anʼanalar”, “Jamiyat va ommaviy axborot vositalari”, “Jurnalistika odobi” kabi mavzularda davra suhbatlari va mahorat darslari, ijodiy tanlovlar uyushtirishga doir takliflar shubhasiz katta ahamiyatga ega.

Oʻtish davri bilan bogʻliq sabablar tufayli bugungi kunda bir qator bosma nashrlarning moliyaviy ahvoli murakkab boʻlib qolayotgani hammamizga yaxshi maʼlum. Yaqinda oʻzining yangi rahbarini saylagan Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, respublikamizdagi yetakchi gazeta va jurnallar bosh muharrirlari bilan birgalikda mazkur masalani atroflicha muhokama qilib, tegishli chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish haqidagi takliflarini biz albatta maʼqullaymiz.

Ushbu hujjatda bosma ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlashga oid amaliy chora-tadbirlar bilan birga, sohaga bozor iqtisodiyoti mexanizmlarini toʻliq joriy etish, mazkur nashrlarning mazmuni va jozibadorligini yanada oshirish, ularning axborot maydonida raqobatbardosh boʻlishi uchun mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish masalalari koʻzda tutilishi maqsadga muvofiqdir.

Ayni vaqtda sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirish va jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilish, davlat va jamiyat oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlash, kuchli jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyish ham oldimizda turgan muhim vazifadir.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari tomonidan ommaviy axborot vositalari ijodiy faoliyatiga toʻsqinlik qilish, senzura oʻrnatish, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq oʻtkazish, materiallar va zarur texnik vositalarni ulardan gʻayriqonuniy ravishda olib qoʻyish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlikni nazarda tutadigan moddalarni kuchaytirish lozim.

Taʼkidlab aytamanki, mamlakatimizda demokratik yangilanish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, ommaviy axborot vositalari faoliyati samaradorligini oshirish yoʻlida davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan sohani qoʻllab-quvvatlash, jurnalistlarning mashaqqatli mehnatini har tomonlama ragʻbatlantirishga bundan buyon ham alohida eʼtibor qaratiladi.

Muhtaram ommaviy axborot vositalari xodimlari!

Sizlarni qutlugʻ bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Masʼuliyatli va sharafli faoliyatingizda barchangizga yangi yutuq va omadlar yor boʻlsin!

Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.