Hurmatli ommaviy axborot vositalari xodimlari!
Qadrli doʻstlar!
Avvalo, siz, azizlarni, soha rivojiga bugun ham munosib hissa qoʻshib kelayotgan muhtaram faxriylarni Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga oʻzimning yuksak hurmatim va eng ezgu tilaklarimni izhor qilaman.
Biz ommaviy axborot vositalari xodimlari timsolida oʻzining chuqur bilim va tajribasi, noyob isteʼdod va mahoratini xalqimizning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash, mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, odamlarning ongu tafakkurini yuksaltirish, jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralik muhitini mustahkamlash, global axborot makonida milliy manfaatlarimizni himoya qilishdek olijanob ishlarga bagʻishlagan jonkuyar va zahmatkash insonlarni koʻramiz.
Jonajon Oʻzbekistonimiz oʻz taraqqiyotining yangi va muhim bosqichiga qadam qoʻyayotgan hozirgi davrda media sohasi vakillari – jurnalist va muharrirlar, rejissyor va operatorlar, blogerlar, tele-radio kanallar, gazeta va jurnallar, nashriyot va bosmaxona xodimlari Vatanimizning demokratik qiyofasini shakllantirish, uni dunyoga tarannum etishga beqiyos hissa qoʻshib kelayotganini el-yurtimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.
Muhtaram yurtdoshlar!
Keyingi yillarda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini xalq bilan muloqotning ishonchli koʻprigiga aylantirish, zamonaviy axborot xizmatlari bozorini, sogʻlom raqobatni rivojlantirish, media tarmoqlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ustoz-shogird anʼanalarini kuchaytirish, soha xodimlarining mashaqqatli mehnatini munosib ragʻbatlantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shunday yuksak eʼtibor tufayli yurtimizda ommaviy axborot vositalari soni 2016 yilga nisbatan qariyb 30 foizga ortib, 1962 taga yetgani diqqatga sazovordir. Ayniqsa, xususiy media vositalari hayotimizdan keng oʻrin egallab borayotgani jamiyatimizda fikrlar xilma-xilligini taʼminlashda, tub islohotlarni amalga oshirishda, joylarda yoʻl qoʻyilayotgan kamchilik va muammolarni dadil koʻtarib chiqishda muhim omil boʻlmoqda.
Bu haqda soʻz yuritganda, televideniye va Internet tarmogʻini integratsiya qilish maqsadida zamonaviy internet platformasi va uning mobil ilovasi tashkil etilgani, milliy axborot makonimizda internet nashrlarining soni soʻnggi 6 yilda salkam ikki barobar koʻpayib, 677 taga yetganini alohida taʼkidlash lozim.
Natijada davlat va nodavlat tashkilotlarining axborot manbalari yanada ortib, aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish, odamlarni oʻylantirayotgan muammolarga tezkor munosabat bildirish, turli mavzular boʻyicha ochiq, xolis va tanqidiy fikr bilan chiqishda katta imkoniyatlar paydo boʻlmoqda.
Axborot sohasida miqdor koʻrsatkichlarini sifat koʻrsatkichlariga aylantirish, milliy jurnalistikamiz taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish – oldimizda turgan dolzarb vazifadir.
Oʻzbekiston media kompaniyalari ham jahon axborot maydonida munosib oʻrin egallab, global siyosiy-ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etishga intilmoqdalar.
Buning uchun tinimsiz mehnat qilish, ilgʻor xorijiy tajribalar, zamonaviy axborot texnologiyalari, serqirra tahlil usullarini oʻzlashtirib, doimo izlanib yashash, milliy jurnalistikamizning yangi avlodini tarbiyalash zarur.
Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida oʻz ifodasini topgan bunday yuqori marralarga erishish uchun bizda barcha resurs va salohiyat mavjud.
Fuqarolarimiz uchun axborot sohasida qulay imkoniyatlar yaratish, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining roli va taʼsirini kuchaytirish – yana bir ustuvor vazifamizdir.
Shuni qayd etish zarurki, sohaning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, xodimlar mehnatini ragʻbatlantirishga bundan buyon ham doimiy eʼtibor qaratamiz.
Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish boʻyicha kuni kecha qabul qilingan Prezident qarori bu borada muhim qadam boʻldi. Unga koʻra, ommaviy axborot vositalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, kadrlar salohiyati va raqobatbardoshligini yanada oshirish, ehtiyojmand va yosh jurnalistlarni uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Shuningdek, joriy yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyat markazlari va Toshkent shahrida Matbuot uylarining holati tanqidiy oʻrganib chiqilib, yangi binolar barpo etish yuzasidan zarur choralar koʻriladi.
Maʼlumki, jahonda eʼtirof etilgan demokratik mezonlarga koʻra, matbuot erkinligi – barcha fuqarolik va siyosiy huquqlar orasida alohida ahamiyatga ega. Albatta, bu sohada yutuqlar bilan birga hali muammolarimiz ham yoʻq emas.
Keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlar orqali baʼzi joylarda ommaviy axborot vositasi xodimlariga mensimay qarash, ularning oʻz vakolati doirasida erkin faoliyat yuritishiga toʻsqinlik qilish holatlari uchrayotgani haqida xabarlar tarqalayotgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Shu munosabat bilan yana bir bor taʼkidlab aytmoqchiman: biz barpo etayotgan huquqiy demokratik davlatda soʻz va matbuot erkinligi doimo Bosh qomusimiz va qonunlarimiz hamda Prezident himoyasida boʻladi.
Ommaviy axborot vositalari xodimlarining oʻz faoliyatini qonun doirasida erkin amalga oshirishiga toʻsqinlik qilish – bu demokratik islohotlarimizga qarshi harakat, mamlakatimizning obroʻsiga putur yetkazish sifatida baholanishi kerak. Sud va prokuratura organlari bizga mutlaqo yarashmaydigan bunday salbiy holatlar boʻyicha qatʼiy choralar koʻrishi lozim.
Bir haqiqatni hech qachon esdan chiqarmasligimiz kerak: barchamiz demokratiya deb atalgan buyuk maktabning oʻquvchilarimiz. Bu borada hali koʻp narsalarni oʻrganishimiz zarur. Farzandlarimizni ayni shu ruhda tarbiyalashda jurnalistika sohasi vakillari, muhtaram faxriylarimiz oʻzlarining boy tajribasi va ibratli fazilatlari bilan alohida namuna koʻrsatadilar, deb ishonaman.
Hurmatli ommaviy axborot vositalari xodimlari!
Bugungi bayram munosabati bilan soha fidoyilaridan bir guruhi davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangani, hech shubhasiz, barcha ijodkorlarni yangi-yangi marralar sari ilhomlantirib, ularga katta gʻayrat va shijoat bagʻishlaydi.
Fursatdan foydalanib, siz, aziz qalam ahlini qutlugʻ bayramingiz bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, ijodiy faoliyatingizda ulkan yutuqlar, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, baxt-saodat va fayzu baraka tilayman.
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti