MATEMATIK LINGVISTIKA NIMA? Yoxud matnlarning son tahlili xususida 2-maqola

0
365
marta koʻrilgan.

Bugun koʻpgina fan olami vakillari oʻrtasida mamlakatda himoya qilinayotgan dissertatsiyalarning saviyasi haqida salbiy fikrlar eshitib qolamiz. Darhaqiqat, dissertatsiya ilmiy salohiyati, nazariy va amaliy natijasi, fanga kiritgan yangiligi bilan qadrlanadi.

Aks holda u psevdotadqiqotdir (grek tilida “pseudos” “yolgʻon” degan maʼnoni bildiradi). Tadqiqotlarning ilmiy sifati qaysi metod orqali olib borilganiga juda bogʻliq. Ilm-fanda eksperimental tadqiqotlarning alohida oʻrni boʻlib, uning natijasi amaliy ahamiyati bilan taraqqiyotga xizmat qiladi. Tilshunoslik fanida bugun matematik lingvistika yoʻnalishi mavjudki, u kompyuter eksperimentiga asoslangan. Oksford on-layn lugʻatida unga shunday taʼrif beriladi: “Lingvistikaning  matematik modellashtirish metodi orqali amalga oshiriladigan ilmiy tahlil yoʻnalishi matematik lingvistika deb ataladi”. 

Lekin bugun koʻpgina tilshunoslarimiz, xususan katta avlod  filolog olimlarimiz oʻrtasida matn tahlili bu sifat tahlili degan tushuncha mavjud. Matnning son tahlilini esa ular sotsiologik tadqiqot, deb hisoblashadi. Lekin bugun jahon ilm-faniga matnlarning matematik tahlili, statistik tahlili, matnlarning kvantativ tahlili (“kvant” inglizchadan tarjimada “son”, “miqdor” degan maʼnoni bildiradi), matematik lingvistika, statistik lingvistika, kvantativ lingvistika kabi nomlar bilan ataluvchi yoʻnalish kirib kelganki,  jahon tilshunoslik ilm- fanida keng qoʻllanilmoqda.

Jahon tilshunosligiga kvantitiv tahlil XIX asrning oxirlaridan  boshlab kirib kela boshlangan. Masalan, L.A.Sherman ingliz nasriy asarlarida  jumlalarning uzunligi haqida 1888 yilda ilmiy ish eʼlon qiladi. XIX asr oxiri XX asr boshlarida yashab, ijod qilgan  V.A.Bogoroditskiy, A.M.Peshkovskiy, M.N.Peterson kabi  filologlar rus tilidagi qaysi harflar hamda tovushlarning nutqda tez-tez qoʻllanishiga doir tadqiqotlar olib borganlar. Jahon filologiyasi tarixida  mazkur yoʻnalish  haqida XX asrning boshlarida shvetsariyalik tilshunos olim Ferdinand de Sossyur va kelib chiqishi polyak-rus tilshunos olim Ivan Aleksandrovich Boduen de Kurtenelar ilk bor tilga olganlar.  Mazkur metod XX asrning 50-yillariga kelib xorijiy tilshunoslik tadqiqoti amaliyotga keng kirib keldi.

  Aslida  matematik lingvistika koʻrinishlari oʻzbek tilshunosligida ham azaldan mavjud boʻlgan. Masalan, Abu Nasr Forobiy “Kitobu-sh-sheʼr”, “Kalamu-sh-sheʼr va-l qavofi” (“Sheʼr va uning qofiyalari haqida soʻz”), “Kitobu-l-xitoba” (“Ritorika haqida kitob”), “Kitobu-l-lugʻat”, “Kitobun fi sanoʼati-l-kitob” (“Xattotlik haqida kitob”), Abu Rayhon Beruniyning «Hindiston», Abu Abdulloh Xorazmiyning «Mafotuhu-l-ulum» («Ilmlarning kalitlari»), Abu Ali Ibn Sinoning “Asbob al xuruf”,  Aristotelning «Poetika»siga yozgan «Sheʼr sanʼati», Mahmud Qoshgʻariyning “Devoni lugʻotit turk”, Shayx Ahmad Taroziyning “Fununu-l-balogʻa”, Mahmud Zamahshariyning «Hustosu-l-aruz» («Aruziy zehn tarozusi»), Yusuf Sakkokiyning «Miftohu-l-ulum» («Ilmlarning kaliti») asarlari,  Alisher Navoiyning  “Muhokamat ul lugʻatayn”, “Mezon ul avzon”, Zahirirddin Boburning “Mufassal” (bizgacha yetib kelmagan), “Boburnoma”, Abulgʻoziy Bahodirxonning  “Shajarai turk”, keyinchalik Fitrat, Behbudiy, Avloniy, Zohiriy kabi ijodkorlarning asarilarida soʻz sanʼati, til va uning xususiyatlari, umuman lingvistikaga doir ilmiy-nazariy muammolar bayon qilingan boʻlib, ularda son tahlili koʻrinishlari ham mavjud. Jumladan, Abu Ali Ibn Sino Aristotelning «Poetika»siga yozgan «Sheʼr sanʼati» degan sharhida epopeya janri haqida shunday deydi: “Epopeya vazniga kelsak, u ham oʻsha qisqa vazn sanaladi, oʻn olti boʻgʻinli turoqdan iborat. Buni koʻproq tragediyaga oʻxshatganlar va uzunligini yana orttirganlar”.

Alisher Navoiy esa “Muhokamat-ul- lugʻatayn” asarida tilimizning boy imkoniyatlarini isbotlash uchun turkiy tildagi bir feʼlning 99 xil varianti borligiga misol keltiradi.

Sheʼriyatda esa chinakam oʻlchov hisoblanmish aruz qoidalari haqida qadimda juda koʻplab shoirlarimiz ilmiy-nazariy asarlar bitganlar.  Misol uchun, Alisher Navoiy  gʻazal yozish sanʼati haqida soʻz yuritganida, gʻazallarning choʻzilib ketmasligini va koʻproq 7 baytli boʻlishi maqsadga muvofiq, deb hisoblagan. Oʻzi ham gʻazallarni asosan 7 baytli qilib yozgan va bu haqda bir qitʼasida quyidagilarni aytgan:

Navoiy sheʼri toʻqqiz baytu oʻn bir baytu oʻn uch bayt, 

Ki lahza uzra qalam ziynat berur ul durri maknundin. 

Bukim, albatta, yetti bayttin oʻksuk emas, yaʼni — 

Tanazzul aylay olmas rutba ichra yetti gardundin.

Abdurauf Fitrat «Adabiyot qoidalari»da  aruz vaznida yozilgan sheʼrga quyidagicha misol keltiradi:

Oʻnlik:

Otimdir oʻgʻuz / bilinglar ayon,              5+5

Gʻanimdir Xisrav / bilinglar yaqin.      5+5

Erka malak / achchigʻlanmam senga,         4+6

Oʻchursang-da / koʻkka yurak kulin.          4+6

Oʻn toʻrtlik:

 Dunyo, dunyo, sen dunyo / kimga vafo qilibsan?

 Sendan vafo kutganga / sen koʻp jafo qilibsan.  7+7

Uqtirish: bir oʻn toʻrtlik misraʼ ikki (misraʼlik) yettilik misraʼ boʻla olgʻani uchun bu vaznda oz yoziladur(Abdurauf Fitrat).

Xoʻsh, matnni ham son, ham sifat jihatdan oʻrganish jahon tilshunoslik ilm-fanida allaqachon tadqiqot olib borishning “andozasi”ga aylangan ekan, nima uchun bizda unga sotsiologiya fani tadqiqotiga qaraganday qaraladi? Ukrainalik olim V.V.Levitskiy oʻzining “Kvantativ lingvistika” nomli kitobida mazkur tendensiya ukrain tilshunoslari, xususan katta avlod olimlari, jumladan OAK tarkibidagi olimlar oʻrtasida ham  mavjudligini aytib, buning sababi sifatida olimlarning dunyoqarash va qiziqishlarini koʻrsatadi: “Baʼzi tilshunoslarni stilistika qiziqtirsa, baʼzi olimlarni eksperimental fonetika qiziqtiradi… Demak filologik tadqiqotda kvantativ metodlarni qoʻllash ilmiy ehtiyojdan emas, balki olimning qiziqishi, didi, dunyoqarashi, bilimi kabi psixologik sabablar bilan bogʻliq”.

Lekin shunday tadqiqotlar borki, oʻrtaga tashlangan savolga faqatgina matematik tahlil bilangina javob topish mumkin. Psixologiya, sotsiologiya kabi gumanitar fanlar allaqachon statistik tahlil metodiga oʻtib, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi amaliy natijalarni qoʻlga kirityaptilar. Lekin afsuski, jahon tilshunosligida oʻtgan asrdayoq urfga kirgan bunday eksperimental metod bizda oqsoqlanyapti. Zero, rus olimi B.N.Golovinning aytganiday, filologiya sohasidagi tadqiqotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun son va sifat tahlili birgalikda olib borilishi kerak. Ana shundagina tadqiqotlar tom maʼnoda nazariy va amaliy ahamiyatga ega boʻlib, jamiyat taraqqiyoti uchun xizmat qiladi.

OYDIN SAʼDULLAYEVA, OʻZDJTU TADQIQOTCHISI

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.