Matonatli sportchilarga davlat mukofotlari topshirildi

0
30
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 sentyabr kuni XVII yozgi Paralimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlari bilan uchrashdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Tadbirda Milliy Paralimpiya qoʻmitasi va sport federatsiyalari rahbarlari, murabbiylar, sportchilarning ota-onalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Maʼlumki, mazkur musobaqa 28 avgustdan 8 sentyabrgacha Fransiya poytaxti Parij shahrida boʻlib oʻtdi. Unda 168 ta davlatidan 4 ming 400 ga yaqin paralimpiyachilar qatnashdi. Oʻzbekistondan 9 ta sport turi boʻyicha 65 nafar yigit-qiz ishtirok etdi.

Olimpiadada boʻlganidek, Paralimpiya oʻyinlarida ham mamlakatimiz uchun yutuqlar, rekordlar koʻp boʻldi. Vakillarimiz 10 ta oltin, 9 ta kumush, 7 ta bronza – jami 26 ta medalni qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida dunyoda 13-oʻrinni, Osiyo qitʼasida 3-oʻrinni, turkiy va islom mamlakatlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi boʻyicha 1-oʻrinni egalladi.

Prezident sport jamoatchiligini ushbu natijalar bilan xalqimiz nomidan tabriklab, nutq soʻzladi.

 – Paralimpiya oʻyinlari – bu chinakam iroda, jasorat va matonat, ezgulik va gumanizm namoyishi. Siz yuksak marralarni egallab, musobaqalarning haqiqiy qahramonlariga aylandingiz. Oʻzbekiston oʻz sport tarixida koʻp-koʻp yutuq va zafarlarni koʻrgan. Lekin Paralimpiya oʻyinlarida bunday rekord natija ilgari boʻlmagan edi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilganidek, Yaponiyada boʻlib oʻtgan avvalgi paralimpiadadan soʻng kelgusi safar kuchli oʻn beshta davlat qatoriga kirish maqsad qilingan edi. Oʻtgan yillar davomida bu yoʻlda katta tayyorgarlik koʻrildi. Ijtimoiy davlat tamoyiliga muvofiq, nogironligi boʻlgan sportchilarga barcha sharoitlar taʼminlab berildi. Niyat ortigʻi bilan ijobat boʻlib, mamlakatimiz dunyoda 13-oʻrinni egalladi.

Jumladan, yadro uloqtirish bahslarida oltin medal olgan Husniddin Norbekov uch karra paralimpiya chempioni boʻldi. Yana bir yadro uloqtiruvchimiz Bobirjon Omonov va dzyudochi Sherzod Namozov ikkinchi bor bunday gʻoliblikka sazovor boʻldi.

Disk uloqtirish boʻyicha mohir sportchi Tolibboy Yoʻldoshev biryoʻla ikkita marrani zabt etib, ham oltin, ham bronza medalni qoʻlga kiritdi. Ikki karra paralimpiya chempioni Yorqinbek Odilov nayza uloqtirish boʻyicha Osiyo rekordini yangiladi. Shuningdek, Asadbek Toshtemirov taekvondo, Qudratullaxon Maʼrufxoʻjayev va Elbek Sultonov yadro uloqtirish bahslarida gʻalaba qozondi.

Bu yilgi oʻyinlardagi medallarning 11 tasini qizlarimiz qoʻlga kiritgani diqqatga sazovor. Asila Mirzayorova uzunlikka sakrash, Nurxon Qurbonova nayza uloqtirish boʻyicha paralimpiya chempioni boʻldi. Ular oʻz natijalari bilan ushbu oʻyinlardagi va jahon miqyosidagi rekordlarni ham yangiladi. 15 yashar Shahinaxon Yigitaliyeva kumush medalni qoʻlga kiritib, paralimpiya oʻyinlaridagi eng yosh sovrindor sifatida tarixga kirdi. Roʻza Qoʻziyeva pauerlifting boʻyicha ikkinchi oʻrinni egalladi.

Yana bir eʼtiborli jihati, taekvondo boʻyicha terma jamoamiz birinchi marta Paralimpiya oʻyinlarida 3 ta medalni qoʻlga kiritdi va umumjamoa hisobida 3-oʻrinni egalladi. Yengil atletika boʻyicha vakillarimiz esa birinchi marta 8 ta oltin medalni, yaʼni eng yuqori sovrinlarning 80 foizini oʻziniki qildi.

Davlatimiz rahbari muzaffar sportchilarimizni nomma-nom tilga olib, matonatli gʻalabalarini eʼtirof etdi. Bu gal biroz omad yetishmay, medal ololmaganlarni ham qoʻllab-quvvatlab, kelgusi musobaqalarda zafar yor boʻlishini tiladi.

Sizlar erishgan bu ulkan zafarlar Olloh taoloning chinakam moʻjizasi boʻlgan inson zoti qanday beqiyos imkoniyatlarga, qanday tengsiz qudratga ega ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Chindan ham, bu hayotda koʻp narsani hal qiladigan omil – bu yuksak iroda va matonatdir. Lekin odamning qalbiga mana shunday iroda va matonatni singdirish, uni tarbiyalab, kamolga yetkazish – bu albatta oson ish emas. Siz, aziz farzandlarim bugungi gʻalaba shohsupasiga yetib kelgunga qadar qanday uzoq, ogʻir va mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtganingizni men oʻzimga yaxshi tasavvur qilaman. Bu olis yoʻlda goho turli sinov va muammolar, shubha-gumonlar, ishonchsizlik, iztirob va armonlar ham sizlarni qiynaganini, qancha-qancha uzun tunlarni uxlamasdan, bedor oʻtkazganingizni ham yaxshi bilaman. Oʻz oldingizga qoʻygan maqsadga erishish yoʻlida sizlarning boshqalarga qaraganda oʻn marta, balki yuz marta koʻproq mehnat qilishingizga, mashaqqat chekishingizga toʻgʻri kelganini ham men yaxshi anglayman. Mana shunday murakkab damlarda sizlarning yuragingizga umid va ishonch, qatʼiyat va jasorat tuygʻusini bagʻishlagan, sizlar bilan yonma-yon turib, sizlarni doimo qoʻllab-quvvatlab, zafarli marralar sari ruhlantirgan fidoyi insonlar bor. Bular – avvalo sizlarning mehribon ota-onalaringiz, yaqinlaringiz, jigarlaringizdir, – dedi Prezident.

Shu munosabat bilan marosimda qahramon sportchilarning qahramon ota-onalari, oila aʼzolari ham olqishlandi.

Davlatimiz rahbari tajribali murabbiylar, psixolog va boshqa mutaxassislarga ham tashakkur izhor etdi.

– Oʻzbekistonning oʻz matonat maktabi, shon-sharaf maktabi bor. Bu maktabning chinakam bunyodkorlari sizlar, desak, ayni haqiqat boʻladi. Sizlarning sportdagi, hayotdagi yutuqlaringiz yoshlarimiz uchun kuch-gʻayrat manbai, matonat va ibrat namunasi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yurtimizda sportni rivojlantirishda imkoniyati cheklangan shaxslar ham qoʻllab-quvvatlanib, ularga inklyuziv sharoitlar yaratilmoqda. Bu borada Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi koʻp ishlar qilmoqda.

Prezidentimiz kelgusida nogironligi boʻlgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan sport turlarini yanada kengaytirish, ularning jamiyatga ijtimoiy moslashuvini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilishini taʼkidladi.

Uchrashuvda 2028 yilda Los-Anjelesda boʻladigan Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Avvalo, yanada koʻproq sport turlari boʻyicha qatnashish, tayyorgarlik va natijadorlik yuqori boʻlishi uchun aniq strategiya asosida ish olib borish zarurligi taʼkidlandi. Xususan, tibbiy koʻriklar, farmokologiya va diyetologiya rivojlantiriladi. Paralimpiyachilar bilan ishlaydigan psixologlar faoliyatini ragʻbatlantirish yoʻlga qoʻyiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 12 sentyabrdagi farmoniga muvofiq, Parij shahrida boʻlib oʻtgan XVII yozgi Paralimpiya oʻyinlarida yuksak natijalarga erishgan sportchi va murabbiylardan bir guruhi faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

– Sizlar taqdirning har qanday sinovlariga qaramasdan, faqat gʻalabaga intiladigan insonlarsiz. Intilgan, harakat qilgan odam ham, jamiyat ham kam boʻlmaydi. Mana shunday fazilatlaringiz yanada ziyoda boʻlsin, sizlarga doimo baxt va omad keltirsin, – dedi Prezident.

Sportchi va murabbiylar, ota-onalar soʻzga chiqib, yuksak hurmat va eʼtibor uchun davlatimiz rahbariga rahmatlar aytdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.