Mavluda XOʻJAYEVA: Jamoatchilik nazoratidan koʻra samarali vosita yoʻq

0
338
marta koʻrilgan.

Har qanday sohadagi rivojlanish, taraqqiyot qonun ustuvorligi, oʻzaro muloqot va samarali jamoatchilik nazorati oʻrnatilgan joyda boʻladi. Davlat idoralari, umuman, ijro hokimiyati nima qilyapti, oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni qay darajada uddalayapti — bularni xalqimiz bilib turishi, xabardor boʻlib borishi shart. Shu asnoda, ularning faoliyatida shaffoflikning taʼminlanishi muhim ahamiyat kasb etadi.  

Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi “Konstitutsiya va qonun ustuvorligi – huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining eng muhim mezonidir” mavzusidagi maʼruzasini tinglagan har bir kishi xayolidan ana shunday oʻy-fikr kechganiga aminman.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari alohida qayd etganidek, Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan koʻra samarali vosita yoʻq. Xalqimiz qonun buzilishiga qarshi qattiq turmas ekan, davlat idoralari, mansabdor shaxslar qanchalik urinmasin, jamiyatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash qiyin boʻladi.

Bugun jamoatchiligimiz tom maʼnoda uygʻondi, endi turli lavozimdagi shaxslarning xatti-harakatlariga odamlarimiz bevosita baho berib, oʻz fikrini erkin ifoda etishga oʻrganmoqda.

Biz deputatlar ham jamoatchilik nazoratining mustahkam oʻrnatilishiga oʻz hissamizni qoʻshishdek masʼuliyatni vazifani zimmamizga olgan ekanmiz, buni avvalo, oʻzimizdan, faoliyatimizdan boshlaganimiz bejiz emas. Yaʼni, parlamentning vaqt sinovidan oʻtgan barcha nazorat funksiyalari — parlament eshituvi, qoʻmita eshituvi, parlament soʻrovi, deputat soʻrovi, parlament faoliyatidagi yangi institut hisoblangan “Hukumat soati” kabilar bunda muhim ahamiyat kasb etib, qonunlar ijrosini samarali tashkil etish, tizimli muammolarni oldindan koʻra bilish, qonun buzilishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish bilan birga, bunday holatni barvaqt bartaraf etishga qaratilgan tizimni shakllantirishda asqotmoqda.

Albatta, bunday ishlarning barchasining tub negizida qonunlarimiz, avvalo, Konstitutsiyamiz turibdi.

Shu jihatdan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mazkur maʼruzasida alohida qayd etib oʻtilganidek, galdagi vazifamiz jamoatchilik nazoratining faqatgina davlat idoralari faoliyati ustidan nazorat emas, balki jamiyatning oʻzini oʻzi boshqarish usuli, boshqacha aytganda, fuqarolik jamiyatini taraqqiy toptirishning muhim omiliga aylanishiga erishishdir. Oʻylaymanki, barcha sohadagi islohotlar kabi, bu borada ham yurtimizda bosqichma-bosqich, dadil qoʻyilayotgan qadamlar oʻz natijasini albatta beraveradi.

Mavluda XOʻJAYEVA,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi deputati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.