MDH davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvi

0
247
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 26 dekabr kuni Moskva shahrida boʻlib oʻtgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.

Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Novo-Ogaryovo qarorgohida Shavkat Mirziyoyevni Vladimir Putin kutib oldi.

Suratga tushish marosimidan soʻng MDH davlat rahbarlarining uchrashuvi boshlandi.

Vladimir Putin davlat rahbarlarini tashrifi bilan qutlab, Rossiyaning MDHga raisligi yakunlari haqida toʻxtalib oʻtdi. Joriy yil oʻzaro integratsiyani mustahkamlash va tashkilot nufuzini oshirish boʻyicha muhim ishlar amalga oshirilganini taʼkidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilda Oʻzbekistonning MDH mamlakatlari bilan hamkorligi yanada mustahkamlanib, tovar ayirboshlash hajmi sezilarli oshganini taʼkidladi. Oʻzaro manfaatli hamkorlik aʼzo davlatlarni uzviy bogʻlab turishi, ushbu uchrashuv aloqalarga yangi surʼat bagʻishlashini qayd etdi.

2018 yil Rossiyada boʻladigan voqealar muhim ahamiyatga ega ekani, Prezident saylovida Rossiya xalqi munosib nomzodga ovoz berajagi taʼkidlandi.

Uchrashuvda Hamdoʻstlik davlatlari oʻrtasida turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, xavfsizlikni mustahkamlash, mintaqaga tahdid va xatarlarning oldini olish masalalariga eʼtibor qaratildi. 

Maʼlumki, Oʻzbekiston MDH doirasidagi hamkorlikda faol ishtirok etib kelmoqda. Prezidentimiz shu yil 10-11 oktyabr kunlari Sochi shahrida boʻlib oʻtgan MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etdi. 3 noyabr kuni poytaxtimizda Hukumat rahbarlari kengashi yigʻilishi oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida davlatimizning tashqi siyosatidagi ustuvorliklar ham aytib oʻtildi. Mamlakatimiz, jumladan, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi bilan aloqalarni yangi bosqichda davom ettirayotgani taʼkidlandi. “Oʻzbekistonning tashqi siyosatida Markaziy Osiyo – bosh ustuvor yoʻnalish” tamoyili asosida qoʻshni davlatlar bilan munosabatlar mustahkamlandi. Bu Hamdoʻstlik doirasidagi aloqalar rivojida ham muhim oʻrin tutadi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

 


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.