Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida oʻtayotgan sammit ishida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq delegatsiyalar rahbarlari tashkilot doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va bu borada erishilgan natijalar yuzasidan fikr almashdilar, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirish masalalarini koʻrib chiqdilar.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida MDH doirasidagi sheriklikni mustahkamlashning muhim yoʻnalishlari yuzasidan oʻz nuqtai-nazarini bayon qildi.
Taʼkidlanganidek, jahondagi murakkab vaziyat, kuchayib borayotgan keskinlik va strategik mavhumlik barqaror taraqqiyot borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish va MDH maydonidan maksimal darajada samarali foydalanishni taqozo etmoqda.
Hamdoʻstlik mamlakatlarida izchil iqtisodiy oʻsishga erishish muhimligi qayd etildi.
Mavjud xatarlarga qaramasdan, MDH doirasida barcha yoʻnalishlar boʻyicha ijobiy oʻsish surʼatlarini taʼminlashga muvaffaq boʻlinayotgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi. Xususan, Oʻzbekistonning tashkilotga aʼzo davlatlar bilan tovar aylanmasi oʻtgan yil yakuniga koʻra 35 foizga oshdi, bu yil boshidan buyon esa yana uchdan birga oʻsdi.
Mashinasozlik, energetika, kimyo, farmatsevtika, toʻqimachilik va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Birgina soʻnggi oylarning oʻzida MDH mamlakatlaridagi sheriklar bilan 800 dan ortiq yangi korxona ishga tushirildi.
Madaniy aloqalarimiz jadal rivojlanmoqda. Muntazam ravishda festivallar, konsertlar, yarmarkalar, sport va boshqa tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.
Shu bilan birga, oʻzaro savdodagi toʻsiqlarni tezkor bartaraf etish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Davlatimiz rahbari narx-navoning sunʼiy oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik hamda inflyasiyani jilovlash maqsadida MDH makonida oziq-ovqat mahsulotlari toʻsiqlarsiz yetkazib berilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhimligini qayd etdi.
Mamlakatlarimizning transport tizimiga boʻlgan jiddiy tahdidlarni inobatga olgan holda, yangi logistika yoʻlaklarini hamkorlikda rivojlantirish gʻoyat muhimdir. Bu oʻrinda gap “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” hamda “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻllarini qurish loyihalari haqida bormoqda. Ular MDHni transqitʼaviy transport tashishlarning muhim zanjiriga aylantirishga koʻmaklashadi.
MDH makonidagi hamkorlikning eng muhim yoʻnalishlaridan biri madaniy-gumanitar sohadir.
Oʻzaro innovatsion hamkorlik va yoshlar masalasida munosabatlarni kengaytirish maqsadida Prezidentimiz kelgusi yilda Oʻzbekistonda MDH mamlakatlari yosh olimlarining “Yoshlar innovatsiya tarafdori” shiori ostidagi birinchi kongressini oʻtkazishni taklif qildi.
Oʻzbekiston taʼlim, fan, sogʻliqni saqlash, sport, madaniyat va sanʼat borasidagi qoʻshma loyihalar va dasturlar amalga oshirilishida yanada faol koʻmaklashish va ishtirok etishga tayyorligi taʼkidlandi.
2023 yilda Sankt-Peterburg shahrini MDHning madaniyat poytaxti deb eʼlon qilinishi toʻgʻrisidagi qaror qoʻllab-quvvatlandi. 2024 yilda madaniyat poytaxti nomini olishga Samarqand nomzodi ilgari surildi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari har yili shaxmat boʻyicha Hamdoʻstlik ochiq kubogini oʻtkazishni taklif qildi.
Soʻzining yakunida Oʻzbekiston yetakchisi MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedevning vakolatlari navbatdagi muddatga uzaytirilishini maʼqulladi hamda Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovga 2023 yilda tashkilotga raislik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Majlisda yetakchilar MDH doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va muhim hamkorlik loyihalarini ilgari surish yuzasidan fikr almashdi. Davlat rahbarlari kengashi qarorlarining ijrosini nazorat qilishda MDH Parlamentlararo assambleyasi salmoqli oʻrin tutishi qayd etildi.
Sammit natijalari boʻyicha koʻp tomonlama hamkorlikning turli sohalariga oid qator muhim hujjatlar qabul qilindi.