«Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 10-11 oktyabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Sochi shahrida boʻlib oʻtgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etdi, deya xabar bermoqda Prezident.uz saytida.
Sammitning asosiy tadbirlari 11 oktyabr kuni boʻldi.
Sochidagi Xalqaro kongresslar markazida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin kutib oldi.
Dastlab MDH davlat rahbarlari tor doirada uchrashuv oʻtkazdi. Unda Hamdoʻstlik doirasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ushbu xalqaro tuzilma faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi 1991 yil 8 dekabrdagi MDHni tuzish toʻgʻrisidagi bitim hamda 1991 yil 21 dekabrdagi mazkur bitimga protokol asosida tashkil qilingan. Ushbu xalqaro tuzilmaga Oʻzbekiston Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Moldova Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Turkmaniston, Tojikiston Respublikasi va Ukraina aʼzo hisoblanadi. Ijroiya qoʻmita MDHning ijro etuvchi, maʼmuriy va muvofiqlashtiruvchi idorasidir.
Oʻzbekiston MDH doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlikda faol ishtirok etib kelmoqda. Bu aʼzo mamlakatlar bilan turli sohalardagi aloqalar rivojiga hissa qoʻshmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Hamdoʻstlik mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport, turizm, ilm-fan, taʼlim va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini taʼkidladi. Yil boshidan buyon mamlakatimiz bilan MDH davlatlari oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 20 foiz oʻsgan.
Oʻzbekiston tuzilmadagi ishtirokini yanada faollashtiradi. Shu yil 3 noyabr kuni poytaxtimizda MDH Hukumat rahbarlari kengashi yigʻilishi oʻtkaziladi.
Davlatimiz rahbari aʼzo mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash, Hamdoʻstlik doirasida yangi, aniq loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish zarurligini qayd etdi.
Transport va kommunikatsiyalar hamkorlikning strategik muhim yoʻnalishi hisoblanadi. Oʻzaro integratsiyalashgan transport tizimlarini rivojlantirish, Hamdoʻstlik mintaqasining ulkan tranzit salohiyatidan toʻla foydalanish barcha uchun manfaatli. Maʼmuriy jarayonlarni takomillashtirish va oʻzaro imtiyozlar berish bu borada muhim ahamiyat kasb etadi.
Turizm sohasidagi imkoniyatlar ham toʻla ishga solinmagani, bu imkoniyatlarni tahlil qilish va aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Afgʻonistondagi vaziyatga ham eʼtibor qaratildi. Jinoiy daromadlarni legallashtirish, korrupsiya, terrorizm, narkobiznes kabi xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashish masalalari muhokama qilindi.
MDHga raislik qiladigan navbatdagi mamlakat masalasi koʻrib chiqildi. Umumiy qarorga muvofiq, 2018 yildan ushbu xalqaro tuzilmaga raislik Tojikiston Respublikasiga oʻtdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan Prezident Imomali Rahmonni tabrikladi va ushbu masʼuliyatli vazifani bajarishda muvaffaqiyatlar tiladi.
Davlat rahbarlari muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirdi.
Majlisda Hamdoʻstlik mamlakatlarining Parlamentlararo assambleyasi faoliyatini takomillashtirish, Tashqi ishlar vazirlari kengashi va Iqtisodiy kengashini rivojlantirish, kelgusi yillarda MDHning madaniy poytaxtlarini belgilash kabi masalalar muhokama qilindi.
MDHga aʼzo mamlakatlar davlat rahbarlarining Oila instituti va anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha bayonoti, Hamdoʻstlikda 2019 yilni Kitob yili, 2020 yilni 1941-1945 yillardagi ulugʻ Vatan urushida qozonilgan gʻalabaning 75 yilligi yili, deb eʼlon qilish haqida qaror qabul qilindi.
Hamdoʻstlik mamlakatlarining jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizm va qirgʻin qurollarini tarqatishni moliyalashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohalaridagi hamkorligiga doir konsepsiyalar maʼqullandi.
Shuningdek, MDH mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yana qator hujjatlar qabul qilindi.
Sammit doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu uchrashuvdan mamnunligini bildirib, Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari aniq amaliy mazmun bilan boyiganini alohida taʼkidladi.
Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevni Sochiga tashrifi bilan qutlab, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil aprel oyida Rossiyaga davlat tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani va bu oʻz samaralarini berayotganini qayd etdi.
Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi hamkorlik 2004 yil 16 iyunda imzolangan Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma, 2005 yil 14 noyabrda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnoma asosida izchil rivojlanib bormoqda. Mamlakatlarimiz BMT, ShHT, MDH kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
Oʻzbekiston Prezidentining Rossiyaga davlat tashrifidan soʻng oʻtgan qisqa davrda oʻzaro aloqalar sezilarli faollashdi. Hamkorlik doirasiga yangi sohalar qoʻshildi. Keyingi oylarda hukumatlararo va hududlararo darajada bir qancha tashriflar amalga oshirildi.
Rossiya Oʻzbekistonning muhim savdo-iqtisodiy sheriklaridan. Mamlakatimizda Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Eksport va importning barcha koʻrsatkichlari boʻyicha oʻsish kuzatilmoqda. Yil boshidan buyon oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 3 milliard dollardan oshgan.
Yaqinda Toshkentda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston – Rossiya biznes-forumida ikki mamlakat ishbilarmonlari koʻplab istiqbolli kelishuvlarga erishdi.
Sanoat va qishloq xoʻjaligi tarmoqlari oʻrtasida kooperatsiya kuchayayotgani, biznes vakillari hamkorligi kengayayotgani, xalqlarimiz oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanib borayotgani taʼkidlandi. Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirillning Oʻzbekistonga tashrifi ham xalqlarimiz oʻrtasida doʻstlik va oʻzaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilgani qayd etildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Shavkat Mirziyoyev davlat rahbarlarining 2016 yil Samarqandda oʻtgan uchrashuvidan keyin Oʻzbekiston va Belarus munosabatlari faollashgani, oʻzaro savdo aylanmasi sezilarli oshganini taʼkidladi. Ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini toʻldirishi, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoati va boshqa sohalarda foydalanilmagan katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Aleksandr Lukashenko Belarus Oʻzbekiston bilan hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Belarus Oʻzbekistonga Markaziy Osiyodagi muhim iqtisodiy sherik sifatida qaraydi. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar doʻstlik va oʻzaro manfaatdorlik tamoyillari asosida rivojlanib bormoqda.
Qoʻshma korxonalar tashkil etish, savdo uylarini kengaytirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash boʻyicha hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoni Oʻzbekistonga taklif etdi.