Mehnat faxriysi Leninza Askarova: SPORT va EZGU ISHLAR – UMRIMNING MAZMUNI

0
549
marta koʻrilgan.

Xorazm vohasida Leninza Askarovani juda yaxshi bilishadi. Opa saksondan oshgan boʻlsalar-da, yoshlardek gʻayrat-shijoat bilan hamon mehnat kiladilar. Bilishadiki, el-yurt tashvishi, quvonchiga bir umr kamarbasta boʻlib kelayotgai bu farishtali ayol oʻziga xos kun tartibiga qatʼiy amal qilib yashaydi. Men u kishini oqar daryoga oʻxshataman. Suv bor joyda hayot bor, yashillik bor, obodlik va poklik bor…

Leninza opa, siz bilan bir suhbatlashgan kishi bu qadar yosh koʻrinishingiz, oʻzingizni doimo tetik tutishingiz sirlarini bilishga qiziqishi tabiiy. Biz ham bugun bu fikrdan uzoqda emasmiz.  

Har bir ayol chiroyli, yosh, sogʻlom boʻlishni istaydi. Qirq yoshgacha ish, tashvish bilan ovora boʻlib, sogʻligim haqida qaygʻurmabman. Natijada qattiq betob boʻlib qoldim va xoʻjayinim bilan davolanishga sanatoriyaga bordik. Birvarakayiga ham davolanib, ham zarur muolajalarni olishni rejalashtirdik. Doʻxtir obdon tekshiruvdan oʻtkazdi, yoshimizga mos boʻlmagan semizlikni yoʻqotish zarurligini va buning uchun har kuni yugurish, choʻmilish, suzish lozimligini aytdi. Shundagina kasalliklarni yengish oson boʻlishini tushuntirdi. Doʻxtir aytganidek qildik. Jismoniy mashqlarni ertasi kuniyoq boshlab yubordik. Har kuni ertalab soat beshda turib, uch kilometr yugurish, soʻngra yarim soatcha suvda suzishni odat qildik. Yugurishni dastlab yengilgina jismoniy mashqlardan boshladik. Dastlabki bir hafta ancha ogʻir oʻtdi, keyin asta-sekin koʻnika boshladik. Erimning ham ahdi qatʼiy edi. Bu bizga katta kuch boʻldi. Qisqa vaqt ichida oʻzimiz ham kutmagan natijalarga erishdik. Shu tariqa ham davolanib, ham muolajalar olib, ertalabki sport yordamida semizlik balosidan asta-sekin xalos boʻla boshladik. Mana, oradan oʻttiz yildan ortiq vaqt oʻtdi, biz ertalab yugurish, suvda suzish mashqlarini kanda qilmayapmiz.

Urganch shahrining qoq oʻrtasidan Shovot kanali oqib oʻtadi. U bizning uyimizdan uch kilometr uzoqlikda joylashgan. Kanalgacha yugurib, biroz tanamizni sovutib suzishni boshlaymiz. Deyarlik bir kilometr oqimga qarshi suzish qilamiz. Hammasi boʻlib 12-13 kilometr yuguramiz. 

Atrofdagi odamlar sizning, ayniqsa ayol kishining yugurishi va suvda choʻmilishiga qanday qarashadi? Bizning mahalliy aholi hali sport ommaviylashmagan davrda boshlangan ishingizga qanday munosabatda boʻlishgan? 

Toʻgʻri, dastlabki yillari sport kiyimlarini kiyib koʻchaga chiqqanimizda hamma angrayib qolar edi. Hatto ayollar ham meni koʻrib ajablanishardi. Biz erim bilan hech qanday gap-soʻzga eʼtibor bermadik. Hali tong yorishmasidan, xoʻroz qichqirmasdan uygʻonib, yugu­rish, suzishni davom ettiraverdik. Bora-bora odamlar ham koʻnikib ketishdi. Bizga hozir hech kim eʼtibor bermay qoʻydi. “Ha, oʻzimizning Leninza opa-ku”, deb qoʻya qolishadi.

Bilishimcha, sport oilaviy anʼanaga aylangan. Sizga shaharda yana kimlar ergashyapti? 

Eng avvalo qizlarim, nevaralarim meni qoʻllab-quvvatlashdi. Hozir hammamiz baravar yuguramiz. Sport – hayotimizning mazmuniga aylangan. Bu bizga kuch-quvvat bagʻishlaydi. Dugonalarim, qoʻshnilar oʻzlarini sinab koʻrishdi. Hozir ular ham sportning naqadar foydali ekanligini tushunishyapti.

Izgʻirin, sovuqda, kanal muzlagan kunlari nima qilasizlar?

Shovot kanali hamisha oqib turgani uchun u hech qachon muzlamaydi. Biz juda qattiq sovuqda ham choʻmilaveramiz. Tanamizni shunga chiniqtirganmiz. Bu bizga kuch, iroda bagʻishlaydi, bardoshli boʻlishga yordam beradi.

Qish kunlari choʻmilganda shamollab qolish hollari boʻlganmi hech? 

Ha, endi tirik jon. Baʼzan nevaralarim shamollab qolishgan vaqtlari boʻladi. Lekin mashgʻulotni toʻxtatmaymiz, shamollashlar esa tezda oʻtib ketadi. Hozir nevaralarimiz bizdan oldin uygʻonishib, “startga” shay turishadi. Men ertalabki bomdod namozini oʻqib boʻlgunimcha intiqlik bilan kutishadi. Xudoga shukur, ular sogʻ-salomat, baquvvat, kuchli boʻlib voyaga yetishyapti. Oʻzim esa charchash, toliqish, holsizlik nimaligini bilmayman. Oʻzimni hamisha sogʻlom, yoshlar­dek his qilaman. 

Har kuni ertalab sport bilan shugʻullanishga necha soat sarflaysiz?

Hammasi boʻlib ikki soat yetadi. Jismoniy mashqlar, soʻngra yugurish, suzish va yana yugurish uchun ana shu vaqt kifoya. Soat 7 da uyda boʻlamiz.

Ertalabki nonushtada, tushlik va kechki ovqatga nimalar tanovul qilasiz?

Nonushtaga turli salatlar, sharbat tayyorlayman. Tuxum, tvorogli aralashma, non albatta boʻladi. Salatlarni kechqurun tayyorlab, muzlatgichga solib qoʻyaman. Har kuni kechqurun uxlashdan oldin bir sta­kan qatiq ichib yotaman. Bu oshqozon, ichak faoliyati uchun juda foydali. Nonushtada yaxshilab ovqatlanamiz. Tushlikka suyuq ovqat va salatlar yeyman. Kechqurungi ovqatga esa meva va sabzovot yoki salatlar bilan kifoyalanaman, non yemayman. Kechki ovqatda hech qachon yogʻli, goʻshtli ovqatlarni tanovul qilmayman.

Leninza opa, tiniq va beajin yuzingizga karagan kishining xavasi keladi. Sir boʻlmasa, bunga qanday erishgansiz. Yuzingizga qanday oro berasiz?

Yuzimga har kuni erinmasdan yarim soatcha qatiqli maska(niqob) qilaman. Buning uchun qatiqqa tuxumning oqi, ozgina kungaboqar yogʻi, asal va kashnich oʻtini mayda-mayda toʻgʻrab, obdon aralashtiraman. Bir marta tayyorlagan aralashma 3-4 kunga yetadi. Har kuni kechqurun toʻyintiruvchi yumshoq kremlar yordamida yuzimni oʻn daqiqa yengil massaj qilaman. Baʼzan maskalarimni olmali, bodringli qilib almashtirib turaman. 

Leninza opa, jamoatchilik asosidagi faoliyatingiz katta tahsinlarga loyiq. Ish, jismoniy mashqlar bular bari sizni charchatib qoʻymayaptimi?

Yoʻq, qizim, aksincha. Men ishdan hecham charchamaganman. Oʻz ishimni juda-juda yaxshi koʻraman. Bizdan mehr-shafqat soʻrab kelgan har bir kishi uchun eshigimiz doimo ochiq. Baholi qudrat yordam berayapmiz. 

Baʼzilar “vaqt topa olmadim, ulgurmadim”, degan gaplarni koʻp ishlatishadi. Olloh hamma ishni uddalashi uchun insonga kuniga 24 soat bergan, agar uning 7-8 soati uxlash uchun sarflansa, qolgan 16-17 soatda koʻp ishlarni amalga oshirish mumkin. Buning uchun oʻtkir hafsala, kuchli istak-xohishni qaror toptirish lozim. Jismoniy mashqlar bilan shugʻullangan har qanday inson yuksak iroda, kuch-quvvat, aql-idrok sohibiga aylanadi.

Maroqli suhbatingiz uchun rahmat! Hech qachon qarimang!

Leninza Asqarova bilan suhbatimizdan soʻng men ham kundalik rejamni puxta ishlab chiqdim. Tong sahardan yugurish,  suzishni boshladim. Muhimi, oʻzimni juda tetik, sogʻlom va goʻzal his qilyapman. Hamma ishga ulgurayapman. Dastlabki bir hafta qiyinchiliklar bilan oʻtsa-da, orqaga chekinishga yoʻl yoʻq. Butun kuch va irodamni sarflab boʻlsa-da shunga erishayapman. Opaning shaxsiy ibrati hayotimda katta oʻzgarish yasadi. Endi sportsiz men ham yashay olmayman. Sport oilamizning anʼanasiga aylandi. Bolalarimni ham sportga jalb qila olganimdan baxtiyorman.

Dilbar BEKCHANOVA, jurnalist.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.