Hayot quvonch va tashvishlardan, oq va qora chiziqlardan, yaxshi va yomon kunlardan iborat. Inson uchun hayotning oʻtib boʻlmas sinovlari, yechib boʻlmas tugunlari, oshib boʻlmas dovonlari bor. Yaratgan kimgadir dard bersa, kimgadir gʻam beradi. Bu bir kam dunyoning sir-sinoatlari koʻp. Bu haqiqatlarni anglagan inson borki, mehr-muruvvat, xayru sahovat, koʻngli yarim odamga yaxshilik qilishni ezgu amallardan deb hisoblaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 avgustdagi “Yetim bolalar va ota-ona qarmogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5216-son qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 25 oktyabrdagi “Yetim bolalar va ota-ona qarmogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni turar joylar bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisda”gi 656-sonli qarori, Toshkent shahar hokimining 2021 yil 12 oktyabrdagi “Yetim bolalar va ota-ona qarmogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi 340-14-0-Q/21-son qarori va Yakkasaroy tuman hokimining 2021 yil 9 dekabrdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun turar-joylar xarid qilish toʻgʻrisida”gi qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent shahar 23-sonli Mehribonlik uyining ikki nafar bitiruvchisiga uy ajratildi.
Yakkasaroy tuman hokimligi bolalarni himoya qilish shoʻbasi mudiri hamda boshqa masʼullar ishtirokida Vodonayeva Yelena Ivanovna va Umarova Sabrina Raxmatjonovnalarga xonadonlarning hujjatlari va kalitlari topshirildi.
Yakkasaroy tuman hokimligi Matbuot xizmati