“Mendirman Jaloliddin» serialida hamkorlikda ijod qilayotgan oʻzbek sanʼatkorlari

0
881
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  2020 yil 20 fevral kuni Anqara shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasining ochilish marosimidagi nutqida  Istanbulda Abu Rayhon Beruniy nomidagi universitet borligini, Turkiya kitob fondlarida Alisher Navoiy asarlarining 100 dan ortiq qoʻlyozmalari saqlanib kelinayotganligini faxr bilan taʼkidlagan edi:

– Oʻzbek va turk xalqlarining ildizi bir, maʼnaviyati mushtarak. Imom Buxoriy, Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino, Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Alisher Navoiy merosi xalqlarimizning milliy yuksalishiga katta hissa qoʻshgan. Qozizoda Rumiy Samarqandda mudarrislik qilgan. Ali Qushchi hayotining soʻnggi yillarini Istanbulda oʻtkazgan. Abdurauf Fitrat, Muhammadsharif Soʻfizoda, Said Ahroriy kabi koʻplab jadid bobolarimiz Turkiyada tahsil olgan.

 Oliy darajadagi uchrashuvdan keyin madaniyat va sanʼat sohasidagi hamkorliklar  yanada  yuksaldi. Ozodbek Nazarbekov  xushovoz xonanda sifatida elimizning nazariga tushgan, mehrini  qozongan edi. Endilikda tashabbuskor va salohiyatli tashkilotchi ekanligini ham koʻrsatdi. Turkiya va Oʻzbekiston hamkorligida suratga olingan “Beruniy” nomli hujjatli film namoyishi hamda turk va ingliz tillarida chop etilgan “Beruniy” kitobining taqdimoti ham buni isbotlab turibdi.

Shuningdek, ayni kunda “Mendirman Jaloliddin» serialida hamkorlikda ijod qilayotgan oʻzbek akterlari barchani qiziqtirmoqda. Serialda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Saida Rametova, Tohir Saidov, Botir Xolmirzayev, Raʼno Shodiyeva, aktyorlar Javohir Zokirov, Alisher Uzoqov, Adiz Rajabov, Akbarxoʻja Rasulov, Akmaljon Mirzayev, Rayhon Ulasenova, Yulduz Rajabova, Feruza Normatova, Farhod Badalov, Nurmuhammad Husniddinov, Jamshid Sagatov, Yahyo Poʻlatov, Jahongir Abdumalikovlar ham suratga tushmoqda. Ular ot minish va qilichbozlik boʻyicha maxsus tayyorgarlikdan oʻtishdi. Shu bilan birga turk tilini mukammal oʻrganib, tarix fani boʻyicha ham bilimlarini boyitishdi. Ha ular xalqimiz mehnatkash, gʻayratchan, tashabbuskorligini yana bir karra isbotlashdi.

“Bozdag‘ film” kinokompaniyasi rahbari Mehmet Boʻzdagʻ yurtimiz aktyorlari haqida ezgu fikr bildirib shunday dedi: Ular endi dunyo miqiyosidagi filmlarda ham rol oʻynashga tayyor. Shaxsan oʻzim keyingi filmlarimga ham aynan oʻzbek akterlarini jalb etmoqchiman, chunki keyingi serialimiz Mirzo Ulugʻbek haqida boʻladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, adabiyotshunos, tarjimon va noshir Boboxon Muhammad Sharif serial bosh maslahatchisi sifatida qatnashmoqda. Liboslar boʻyicha   Sevara Zunnunova va Sharofat Hasanxoʻjayeva dizayner sifatida faoliyat yuritishmoqda.

 Oʻzbek va turk  xalqlari bilan birga butun jahon ahli ushbu serialni sevib tomosha qiladi, degan umiddamiz.

Gujum.uz

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.