«Tashkent City‘» dagi Kongresslar xolida ushbu haftada Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdiga bagʻishlangan tarixiy serialning taqdimoti boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi Madaniyat.uz rasmiy saytida.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati, diplomatik korpus vakillari, Oʻzbekiston va Turkiya madaniyat va sanʼat xodimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi olimlari, hamkor tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Taqdimotning ochilish marosimida Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari, loyiha rahbari Saida Mirziyoyeva soʻzga chiqdi. U ushbu kunda oʻzbek milliy kinematografiyasida yangi sahifa ochilganini qayd etib oʻtdi.
– Toʻsatdan paydo boʻlgan COVID-19 pandemiyasi bizning ishga ham jiddiy zarar keltirdi. Karantin davrida suratga olish ishlari rejadan chiqib ketdi. Ochigʻini aytaman, men bu loyihamiz bu yil yakunlanishiga shubha qila boshladim. Lekin biz nima boʻlganida ham, oldimizga qoʻygan har bir rejamizni oxiriga yetkazamiz. Bu loyihani ham uddalay oldik, – dedi Saida Mirziyoyeva.
Maʼlumot uchun: Serialni suratga olish ishlari tarixiy filmlar ishlash borasida katta tajribaga ega Turkiyaning “Bozdag film” kompaniyasiga topshirildi. Serialda ishtirok etish uchun Oʻzbekiston va Turkiyadan tajribali aktyorlar jalb qilindi.
Turkiyadagi 30 gektar maydonda barpo etilgan “Bozdag film” platosida yurtimizning XIII asrga oid muhiti jonlantirildi.
1200 nafar ishchi-xizmatchining mehnati bilan 3500 kv.m maydonda balandligi 5,5 metr boʻlgan ikki qavatli Xorazmshoh saroyi qad koʻtardi; yuzlab metr uzunlikdagi devorlari, taxt zali, biri biridan muhtasham xonalari, darvozalari, oʻyma eshiklari, haram hovlisi, ichki naqshu nigorlari bilan bu bino kino dekoratsiyasini emas, XIII asrga oid haqiqiy saroyni eslatadi.
Gurganch koʻchalari, aholi yashaydigan uylar, katta bozor ham davrga uygʻun tarzda bunyod etildi.
200 dan ortiq libos ustalari oʻzbek va turk rassomlari eskizlari asosida minglab tarixiy kostyumlarni tikib, tayyorlandi.
Serialda Jalolidin Manguberdi obrazini talqin qilayotgan aktyor Emre Kiviljim ham oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi: – Jaloliddin Manguberdining jasorati meni hayratda qoldirdi. Vatani va millat himoyasida oʻzini fido qilgan, tarixda muhim shaxs sifatida nom qozongan buyuk sarkardaning shijoati unga boʻlgan mehrimni uygʻotdi. Biz ikki tilda soʻzlashadigan bitta millatmiz, serialda suratga tushish chogʻida oʻzbek aktyorlari bilan bir oila boʻlib ishladik. Ularning teatr yoʻnalishidagi mahorati kuchli ekanligini koʻrdik. Biz oʻzaro tajriba almashdik. Har ikkala davlat aktyorlarining mahoratidan oʻrgansa arzigulik jihatlar koʻp.
Serialning birinchi fasli 13 qismdan iborat boʻlib, premyerasi 2021- yilning yanvarida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.