Meva-sabzavot eksportini oshirish choralari belgilandi

0
9
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 noyabr kuni meva-sabzavot yetishtirish, qayta ishlash va eksportini koʻpaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda 4 million gektardan ziyod sugʻoriladigan ekin maydonlari bor. Ularda, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari va iqtisodiyot tarmoqlari uchun xomashyo yetishtirilmoqda. Oxirgi yillarda paxta va gʻalla maydonlaridan 260 ming gektar dehqonchilik uchun ajratilgan. Endi yana 104 ming gektar berilishi moʻljallangan.

Bu yil oziq-ovqat eksporti oʻtgan yilga nisbatan 370 million dollarga koʻpayib, hozirgacha 2 milliard dollardan oshdi. Oʻzbekiston oʻrik eksporti boʻyicha dunyoda uchinchi, gilos va shaftoli boʻyicha ettinchi, mosh va boshqa dukkakli mahsulotlar boʻyicha oʻninchi oʻringa chiqdi. Birgina gilos 16 ta mamlakatga eksport qilinmoqda.

Eksport Qoraqalpogʻiston va Jizzaxda 2,2 barobar, Xorazmda 1,8 barobar va Surxondaryoda 1,6 barobar koʻpaygan. Lekin ayrim viloyat va tumanlarda oʻzgarish sezilmagan.

Masalan, yeri koʻp boʻlgan Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatidagi oʻsish ularning imkoniyatiga mos emas. Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida eksport oʻtgan yilga nisbatan kamaygan.

Yurtimizda 5 mingdan ortiq qishloq mahallasi bor. Tuman markazi va shaharlarda yana 2 mingdan koʻproq mahalladagi xonadonlar tomorqaga ega. Lekin atigi mingta mahallaga koʻchat tarqatilib, mahsulotni sotib oluvchi tadbirkor biriktirilgan. 26 ta tumanda tomorqa xizmati yoʻlga qoʻyilmagan. Baʼzi joylarda dehqonlarga sifatsiz urugʻ sotilgani tufayli mahsulot yoʻqotilgan.

Shu bois har bir mahalla, xonadon va fermer xoʻjaligiga Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi xodimi biriktirilishi belgilandi.

Tomorqa va uylar oldi, mahalladagi koʻchalar boʻyi, dala cheti va kanallar atrofida 650 ming gektar yer bor. Bu ham oziq-ovqat mahsulotlari va daraxtlar ekish uchun yaxshi imkoniyat. Endi bu erlarning aniq oʻlchami tasdiqlanib, Agroplatformaga kiritiladi. Aholi va fermerlar sifatli urugʻ tanlash, dori va oʻgʻitni toʻgʻri qoʻllash, mahsulotni sifatli saqlashga oʻrgatiladi.

Bu saʼy-harakatni ragʻbatlantirish katta yengilliklar beriladi. Dala chetini samarali ishlatgan fermerlarga tadbirkorlar reytingida qoʻshimcha ball hisoblanadi, ichki fitosanitar sertifikati bir yil davomida bepul beriladi. Fermerning barcha yerlari uchun yer soligʻini ikki yilga boʻlib toʻlashga ruxsat etiladi. “Oilaviy tadbirkorlik” dasturidagi 100 million soʻmgacha boʻlgan kreditlar soddalashgan tizimda ajratiladi. Dala chetlari hisobi, yetishtirilgan mahsulot hajmi “e-Fitouz” portali orqali nazorat qilib boriladi.

Mahallalardagi koʻchalar va koʻp qavatli uylar atrofida 10 million tup uzum ekish tashabbusi bildirildi. Ular oʻsib, hosilga kirguncha Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi barcha agrotexnik tadbirlarga koʻmaklashadi. Mahsulotlarni sotib olish uchun mahallalar eksportchi korxonalarga bogʻlanadi.

Yigʻilishda meva-sabzavotlarni qayta ishlash masalasi tahlil qilindi.

Pishiqchilik davrida narx tushib ketishi oqibatida karam, lavlagi, piyoz kabi mahsulotlar dalada qolib ketayapti. Bu yil tarvuzning ham katta qismi yigʻib olinmadi. Holbuki, ehtiyojdan ortgan mahsulotni quritib, kukun shaklida eksport qilish mumkin, bunga qandolatchilik korxonalarida talab katta.

Eksport yil davomida boʻlishi uchun “shok” usulida muzlatish texnologiyasi samarali. Shu bois Qishloq xoʻjaligi vaziri va viloyat hokimlariga kelasi yil shunday loyihalarni ishga tushirish topshirildi.

Shuningdek, 10 ta agrologistika markazi, mingdan ortiq sovutkichli omborxona tashkil etiladi. 40 ming gektardan ortiq sanoatlashgan intensiv mevali bogʻ va tokzorlar barpo etiladi.

Maʼlumki, jahon bozorida organik mahsulotlar narxi 2-3 barobar qimmat. Yurtimizda 10 ta tumandagi 3 ming 900 gektar maydonda organik sertifikat bor, xolos. Andijon, Jizzax va Xorazmda esa bunday mahsulot yetishtiriladigan birorta yer yoʻq.

Vaholanki, suv omborlari atrofida pestitsid ishlatilmaydigan 2 ming gektar yerda ekin yetishtirilayapti. Faqat ularga organik sertifikat olinib, toza urugʻ va koʻchatlar ekilsa boʻlgani.

Shu kabi imkoniyatlar koʻrsatib oʻtilib, mutasaddilarga 2025 yilda organik maydonlarni 10 ming gektarga, kelgusi uch yilda 100 ming gektarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Endi organik maydon tashkil qilgan fermer va dehqonlarga yerni lazer bilan tekislash xarajati davlat tomonidan qoplab beriladi. “Organik”, “Global Gap”, “Halol”, “Kasher” kabi sertifikatlarni olish xarajatlari uchun tadbirkorlarga subsidiya ajratiladi.

Bu yil Oʻmon Sultonligining yirik savdo tarmoqlarida Oʻzbekiston mahsulotlari uchun alohida rasta ajratilib, ilk bor gilos, shaftoli va oʻrik eksporti yoʻlga qoʻyildi. Buni Malayziya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya va Yevropada ham kengaytirish zarurligi taʼkidlandi. Savdo yarmarkalari tashkil qilish, fitosanitar ruxsatnoma olish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Umuman, ushbu chora-tadbirlar orqali kelgusi yilda meva-sabzavot eksportini 3,5 milliard dollarga yetkazish mumkinligi qayd etildi.

Yigʻilishda, shuningdek, atrof-muhitni asrash masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Mutasaddilar Andijon, Jizzax, Navoiy, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida chiqindilarni qayta ishlash loyihalarining borishi yuzasidan axborot berdi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasiga yana bir bor eʼtibor qaratildi. Bu harakat doirasida har yili bahor va kuzda 200 million tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish belgilangan. Shu paytgacha vazirlik, idora va hokimliklar tomonidan 257 ta “yashil bogʻ” barpo etilib, ularning soni 517 taga yetgan.

Prezidentimiz bu xayrli ishda davlat tashkilotlari namuna boʻlishi, qurilish kompaniyalari ijtimoiy masʼuliyat olishi kerakligini taʼkidladi.

Yigʻilishda ijro intizomi masalasi ham tahlil qilindi. Yil yakunigacha oz qolgani, belgilangan barcha vazifalarni bajarish natijadorlikni oshirishi qayd etildi. 

Kelgusi yil har bir vazirlik, viloyat va tumandagi ishlarning tizimli hisobi olib boriladi. Bu elektron platformaga oʻtkazilib, soʻrov ham, maosh ham shunga bogʻlanadi.

Bosh vazirga ushbu tizimni yoʻlga qoʻyib, ijro intizomi va nazoratini kuchaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.