Milliy aviakompaniyani transformatsiya qilishga oid takliflar koʻrib chiqildi

0
121
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 dekabr kuni “Uzbekistan airways” aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 30 apreldagi qarorida fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish boʻyicha vazifalar belgilangan edi. Bu borada ilgʻor xorijiy tajriba oʻrganilmoqda, yetuk konsultantlar jalb etilmoqda.

Xususan, “Uzbekistan airways” aksiyadorlik jamiyatini isloh qilish boʻyicha turkiyalik mutaxassis Ilker Ayji jamoasi bilan ish olib borilmoqda. U “Turk havo yoʻllari” aviakompaniyasini boshqargan kezda uni mintaqaviy darajadan global miqyosga muvaffaqiyatli olib chiqqan.

Bugun “Uzbekistan airways” oldiga ham shunday vazifa qoʻyilgan. Mamlakatimizning geografik joylashuvi va soha infratuzilmasidan oqilona foydalanib, uni xalqaro transport xabiga aylantirish koʻzda tutilgan.

Taqdimotda davlatimiz rahbariga “Oʻzbekiston havo yoʻllari”ni transformatsiya qilish va rivojlantirish boʻyicha ishlab chiqilgan strategiya haqida axborot berildi. 

Unga muvofiq, aviakompaniyaga xalqaro tajriba asosida korporativ boshqaruv tizimini joriy etish, havo kemalarini koʻpaytirish, xizmatlar sifatini oshirish va yuk tashish tarmogʻini kengaytirish choralari koʻriladi. Xorijiy investorlarni jalb etgan holda aviakompaniyani jahon standartlari asosida xususiylashtirish ishlari yakuniga yetkaziladi.

Bulardan koʻzlangan asosiy maqsad “Oʻzbekiston havo yoʻllari”ni yetakchi mintaqaviy aviakompaniyaga aylantirish, shuningdek, aholining mahalliy va xalqaro yoʻnalishlarda arzon narxlarda harakatlanishini taʼminlashdan iboratdir.

Prezidentimiz bu rejalarni maʼqullab, uning ijrosiga tezroq kirishish kerakligini taʼkidladi.

– Bu sohada oʻn yilga kechikkanmiz. Aviakompaniya eskicha uslubda ishlayapti, yoʻlovchilar xizmat sifatidan rozi emas. Agar iqtisodiyotimizni, turizmni rivojlantiramiz desak, yakkayu yagona yoʻlimiz shu, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Aviakompaniyada loyiha ofisi tuzib, tranformatsiya jarayonini muvofiqlashtirib borish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.