Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz bir yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Avvalo, mana shu muazzam “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida turib, siz, azizlarni, butun xalqimizni ulugʻ ayyom – Mustaqillik kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Barchangizga oʻzimning yuksak hurmat va ehtiromimni, eng ezgu va olijanob tilaklarimni izhor etaman.
Hurmatli doʻstlar!
Bundan oʻttiz bir yil muqaddam jahon xaritasida “Oʻzbekiston Respublikasi” degan yangi, mustaqil davlat paydo boʻldi.
Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdugʻaniyevich Karimov boshchiligida mamlakatimizning milliy mustaqilligini dunyoga eʼlon qildik.
Oradan yillar, asrlar oʻtadi. Lekin milliy davlatchiligimizni, oʻzligimiz va insoniy haq-huquqlarimizni tiklab bergan, barcha yutuq va marralarimizning zamini boʻlgan Mustaqillik kuni biz uchun, kelgusi avlodlarimiz uchun doimo eng ulugʻ, eng aziz bayram boʻlib qoladi.
Qadrli yurtdoshlar!
Oxirgi olti yil davomida biz Vatanimiz taraqqiyotining yangi bosqichida keng qamrovli islohotlarimizni boshlab, izchil davom ettirmoqdamiz.
Oʻtgan davrda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil faoliyatimiz dasturiga aylandi.
Vazir va hokimlar, deputat va senatorlar, rahbar va mutasaddilar, umuman, barcha-barchamiz, buyuk shoirimiz Choʻlpon aytganidek, xalq ichiga kirib, xalqdan kuch olib, yangi yondashuv asosida xalqimizga xizmat qilmoqdamiz.
Bir haqiqatni ishonch bilan aytishga barcha asoslarimiz bor: bugungi Oʻzbekiston – bu kechagi Oʻzbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas.
Mamlakatimiz pandemiya va global inqirozning salbiy taʼsirlariga qaramasdan, erkin, obod va farovon hayot qurish yoʻlidan dadil olgʻa bormoqda.
Hammamiz yaxshi tushunamizki, bugun biz intilayotgan Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish oson emas. Bunday ulugʻ vazifaning sharti va mezonlari koʻp. Ammo eng muhim va hal qiluvchi omil – bu demokratik islohotlar yoʻlidir.
Shu bois xalqimiz manfaatiga toʻla javob beradigan bu yoʻldan hech qachon ortga qaytmaymiz. Qanchalik qiyin boʻlmasin, faqat oldinga qarab boramiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Biz uchun inson, uning qadr-qimmati qanchalik aziz boʻlsa, uning xotirasi ham shunchalik muqaddasdir.
Shu sababli Vatan ozodligi yoʻlida qurbon boʻlgan ota-bobolarimizning nomlarini oqlash, ularning faoliyati, ilmiy va ijodiy merosini oʻrganish, xotirasini eʼzozlashga yanada muhim ahamiyat qaratmoqdamiz.
Milliy qadriyatlarimizda alohida oʻrin tutadigan avlodlar oʻrtasidagi anʼanalar davomiyligini saqlash, urush va mehnat faxriylarining, muhtaram otaxon va onaxonlarimizning hayotini yanada mazmunli qilish nafaqat vazifamiz, avvalo, insoniy burchimizga aylanmoqda.
Shuningdek, biz Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda azmu shijoatli yoshlarimizni xalqimizning chinakam tayanchi va suyanchi, deb bilamiz.
Farzandlarimiz nufuzli xalqaro musobaqa va festivallar, fan olimpiadalari va tanlovlarda gʻolib boʻlib, Oʻzbekiston bayrogʻini baland koʻtarib kelmoqdalar.
Yaqinda Hindistonda boʻlib oʻtgan jahon shaxmat olimpiadasida terma jamoamiz tarixda birinchi marta “Olimpiya chempioni” degan yuksak sharafga sazovor boʻlgani hammamizga cheksiz gʻurur bagʻishlaydi.
Ushbu ulugʻ ayyomda mana shunday aqlli, irodasi mustahkam, mard va jasur oʻgʻil-qizlarimizni, ularning ota-onalari, ustoz-murabbiylarini oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan yana bir bor qutlab, ularga yangi zafar va omadlar tilayman.
Ayni vaqtda mamlakatimiz yoshlari Turkiyada oʻtkazilgan Islom birdamlik oʻyinlarida, harbiy xizmatchilarimiz esa, xalqaro armiya musobaqalarida munosib ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni egallaganlari tahsinga sazovordir.
Aziz yurtdoshlar!
Mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi va obroʻ-eʼtibori tobora yuksalmoqda. Biz barcha hamkor davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan doʻstona va teng huquqli tashqi siyosat yuritishni davom ettiramiz.
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanali marosimda ishtirok etayotgan chet davlatlarning muhtaram elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillarini samimiy qutlaymiz.
Samarali hamkorlik aloqalarimizni rivojlantirishga qoʻshayotgan katta hissalari uchun chin qalbdan tashakkur bildirib, ularning mamlakatlari va xalqlariga tinchlik va farovonlik tilaymiz.
Hurmatli doʻstlar!
Biz bugun Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini jadal amalga oshirmoqdamiz.
Bizning maqsadimiz aniq va ravshan.
Yangi Oʻzbekiston:
– har bir fuqaroning hayotini yanada yaxshilash maqsadida davlat xizmatlaridan foydalanish uchun keng imkoniyatlar beradigan;
– odamlar oʻz muammolari haqida ochiq gapirishi va ularning yechimi uchun birgalikda harakat qilishlariga barcha sharoitlar mavjud boʻlgan;
– hamma uchun adolatni soʻzsiz taʼminlash imkoniyatini beradigan hamda fuqarolari ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida teng boʻlgan;
– tadbirkorlikning rivojlanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan davlatdir.
Bir soʻz bilan aytganda, Yangi Oʻzbekiston deganda, har bir fuqarosi uchun gʻamxoʻrlik qiladigan, ochiq va adolatli jamiyat ham tushuniladi.
Ushbu yuksak marralarga erishish uchun 2026 yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida keyingi ishlarimizni 5 ta asosiy vazifalar boʻyicha tashkil etamiz.
Birinchidan, taʼlim sohasida farzandlarimiz zamonaviy bilim va koʻnikmalarni puxta egallashlari uchun eng qulay sharoitlar yaratishni izchil davom ettiramiz. Buning uchun maktablarning oʻquv dasturlari, oʻqitish uslubi, darsliklar mazmuni tubdan qayta koʻrib chiqiladi.
Ushbu tizim avval ilgʻor xorijiy mutaxassislar tomonidan ekspertizadan oʻtkazilib, keyingina hayotga tatbiq etiladi. Natijada Yangi Oʻzbekiston maktab bitiruvchisi zamonaviy koʻnikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta oʻzlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs boʻlib etishadi. Buning uchun barcha hududlarimizda, ayniqsa qishloq joylarda maktablar qurish, ularni malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor beramiz.
Ustoz va murabbiylarning mashaqqatli mehnatini ragʻbatlantirish borasidagi ishlarimizni yangi bosqichga koʻtaramiz.
Imkoniyati cheklangan bolalar uchun inklyuziv taʼlimni har tomonlama rivojlantiramiz.
Ikkinchidan, sud tizimi mustaqil boʻlmas ekan, jamiyatimizda rivojlanish boʻlmaydi.
Sud idorasiga ishi tushgan har bir shaxs ushbu dargohda qonun va adolat ustuvor ekaniga ishonch hosil qilishi lozim.
Yangi Oʻzbekistonda har qanday bahsli masalaga adolatli yechim faqat odil sud tomonidan topilishi kerak. Sudyalar ishiga har qanday aralashuv keskin jazolanadi, ularning xavotirsiz ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi. Qanchalik qiyin boʻlmasin, sud tizimidagi islohotlarimizni albatta davom ettiramiz.
Uchinchidan, dunyo tajribasidan maʼlumki, faqat tadbirkorlik rivojlangan davlatda – sifatli taʼlim, malakali tibbiyot, farovon hayot hamda ertangi kunga ishonch boʻladi.
Umuman aytganda, biz qurayotgan Yangi Oʻzbekistonda biznesni rivojlantirish orqali qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratiladi, kambagʻallik qisqaradi, aholi daromadlari koʻpayadi. Buning uchun xususiy mulk va tadbirkorlikka xalaqit berayotgan barcha toʻsiqlar bartaraf etiladi.
Davlat boshqaruvi isloh qilinib, iqtisodiyotda davlat ishtiroki keskin kamaytiriladi.
Biz aholi va tadbirkorlarga soliq yukini yengillashtirish, soliq tizimini soddalashtirish boʻyicha islohotlarni izchil davom ettiramiz. Bunda hech kimga alohida imtiyozlar berilmaydi, sogʻlom raqobat muhiti uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi.
Toʻrtinchidan, sogʻliqni saqlash tizimida aholiga yanada sifatli va malakali tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytiramiz.
Barcha hududlarda shoshilinch tibbiy yordam qamrovini oshirib, uni odamlarga yanada yaqinlashtiramiz.
Maqsadimiz – xalqimiz sogʻlom hayot kechirishi va oʻrtacha umr koʻrish darajasini uzaytirishga erishish.
Beshinchidan, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash masalasi doimo diqqatimiz markazida boʻladi.
Sohaga jalb qilinayotgan investitsiyalar hajmi keskin koʻpaytiriladi.
Shu bilan birga, muammoli hududlarga toza ichimlik suvini yetkazish va sifatini yaxshilash boʻyicha alohida dasturlarni amalga oshiramiz.
Muhtaram doʻstlar!
Albatta, bunday keng koʻlamli vazifalarni amalga oshirishda oldimizda turli qiyinchilik va muammolar paydo boʻlishi tabiiy hol. Lekin oʻz tarixida qancha-qancha sinov va mashaqqatlarni boshidan kechirgan mard va matonatli xalqimiz har qanday qiyinchilikni yengib oʻtishga qodir. Men bunga qatʼiy ishonaman.
Asosiy muallifi va ijodkori xalqimiz boʻlgan – yangilanayotgan Konstitutsiyamiz bu yoʻlda mustahkam huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.
Asosiy qonunimizni shoshilmasdan, chuqur oʻylab, xalqimiz bilan maslahat qilib, faqat umumxalq referendumi asosida qabul qilamiz.
Ishonchim komil, Yangi Konstitutsiyamiz chinakam xalq Qomusi, chinakam xalq Konstitutsiyasi boʻladi.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Jahondagi bugungi murakkab vaziyat bizdan ishning koʻzini bilib, kechayu kunduz fidoyi boʻlib, samarali mehnat qilishni talab etmoqda.
Shu bois Qurolli Kuchlarimizning qudrati va salohiyatini yuksaltirish ham ustuvor vazifamiz boʻlib qoladi.
Askar va ofitserlarimizning jangovar tayyorgarligi, harbiy mahorati, vatanparvarlik fazilatlarini oshirishga yanada koʻproq ahamiyat beramiz.
Mana shu qutlugʻ kunda Vatan himoyasida doimo sergak va hushyor turgan mard va jasur oʻgʻlonlarimizni chin dildan qutlab, ularga kuch-gʻayrat va omadlar tilaymiz.
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Bugun biz oʻz oldimizga ulugʻvor va yuksak maqsadlarni qoʻymoqdamiz.
Ana shunday ulkan marralarga yetish yoʻlida koʻpmillatli el-yurtimiz yanada birlashib, yagona ahil oila, yagona xalq boʻlib, astoydil harakat qilmoqda.
Bu – biz erishayotgan barcha yutuqlarimizning mustahkam garovi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Fursatdan foydalanib, islohotlarimizni faol qoʻllab-quvvatlab, ularni amalga oshirishda doimo fidoiylik koʻrsatib kelayotgan mehnatkash, olijanob va bagʻrikeng xalqimizga chin dildan taʼzim qilaman.
Siz, aziz yurtdoshlarimni Oʻzbekiston mustaqilligining oʻttiz bir yillik bayrami bilan yana bir bor qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman.
Ezgu orzu-niyatlarimiz amalga oshsin!
Yaratganning oʻzi barchamizni panohida asrasin!
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon, Mustaqilligimiz abadiy boʻlsin!