“Milliy tiklanish”demokratik partiyasining nomzodlari ishonchingizni oqlaydi

0
945
marta koʻrilgan.

Bugungi kunda  siyosiy partiyalar fuqarolik jamiyatining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ularning erkin faoliyati, mamlakat siyosiy hayotida, davlat ahamiyatiga molik muhim va dolzarb qarorlarni qabul qilishda faol ishtiroki partiyalarning siyosiy kuch sifatidagi ijtimoiy taʼsirini sezilarli darajada oshirmoqda.

Maʼlumki, Milliy qonunchiligimizda saylovlarda deputatlikka nomzodlar faqat siyosiy partiyalar tomonidan ilgari surilishi qatʼiy belgilab qoʻyilgani har bir partiya zimmasiga masʼuliyat yuklaydi. Bugungi kunda siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasiga oʻz nomzodini koʻrsatish boʻyicha mutlaq huquqidan faol foydalanmoqda. Bu ularga partiya va elektorat manfaatlarini qonun loyihalari, muhim davlat dasturlarini ­ishlab chiqish va qabul qilish orqali ilgari surish imkonini berayapti.

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi saylovga nomzodlarni tanlab olishda oʻz strategiyasini belgilab oldi va  28 mingdan ziyod zahira kadrlar orasidan partiya gʻoyalarini chuqur his etadigan, saylovchilar bilan muloqot qilishda haqqoniylik, ochiqlik va shaffoflikni ustun qoʻyadigan nomzodlar tanlab olindi. Maʼlumki, partiyaning parlamentda koʻp oʻrin egallashi, eng avvalo tanlangan nomzodlar va ularning salohiyatiga bogʻliq. Shu boisdan ham bu borada har bir nomzodning bilim-saviyasi, obroʻ-eʼtibori, uning ijtimoiy-siyosiy faolligi, jamiyat hayotidagi ishtiroki muhim oʻrin tutadi. Boʻlajak deputatlarga jamiyatimizda qoʻyilayotgan talablar tobora ortib borayotgani partiyalarga ham, deputatlikka nomzodlarga ham ushbu jarayonga tayyor boʻlishni taqozo etadi. Partiyamiz raisi Alisher Qodirov taʼkidlaganlaridek, ayni paytda asosiy maqsadimiz – parlament quyi palatasidan koʻp oʻrin egallash. Ana shunda partiyamiz gʻoyalari, maqsad-vazifalarini toʻliq amalga oshirish imkoni yaratiladi, biz uchun. Nomzodlarimiz ichida el-yurt tanigan insonlar juda koʻp. Yana bir muhim masala. Biz bu safar mahalliy Kengashlarga koʻrsatilgan nomzodlarga alohida eʼtibor qaratdik. Bu- bejiz emas. Chunki mazkur chaqiriqda mahalliy Kengashlarga juda katta vakolatlar beriladi. Ular partiyamiz maqsad-vazifalarini joylarda toʻlaqonli amalga oshirish, elektorat manfaatlarini taʼminlash va himoya qilishda jonbozlik koʻrsatishi kerak boʻladi.

Shu oʻrinda ortga bir nazar tashlasak. Bundan roppa-rosa besh yil oldingi saylovda Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Xorazm viloyat kengashidan Oliy Majlisga 3 nafar, shahar va tuman Kengashlariga 80 nafar, shundan viloyat kengashiga 15 nafar deputatlar saylangan. Xalq deputatlari Yangiariq, Qoʻshkoʻpir va Urganch shahar kengashlariga saylov okruglaridan deputatlarning salmoqli qismi saylanganini qayd etib oʻtish joiz.

Oldingi saylovlarda nihoyatda salohiyatli, siyosiy bilimi yuksak, zamon bilan hamqadam, mahalladoshlari, hamkasblari, jamoasi orasida obroʻ-eʼtibori baland, orzu-intilishlari partiyamiz gʻoyasi va maqsadlariga hamohang, eng muhimi xalqqa yaqin, xalq bilan hamnafas insonlarni deputatlikka nomzodini taqdim qilganmiz. Ular koʻpchiligi haqqoniy, munosib ravishda saylanganlardir. Deputatlarimizning oʻtgan besh yil davomida oʻz saylovchilari ishonchini oqlab, ularga yelkadosh boʻlayotgani, mushkulini oson qilishga koʻmaklashayotgani, hayotida sezilarli ijobiy oʻzgarishlarni yasashga hissa qoʻshayotgani quvonarli hol. Hatto, ayrim saylovchilar orasida “Falon  deputat yana nomzodini koʻrsatsin, u xalq dardini hamisha tinglaydi, murojaatlarimizni jon qulogʻi bilan eshitadi, muammolarimizni bartaraf etishga koʻmaklashmoqda, u bizga kerak ”, — deya  deputat nomzodini soʻrab, uni bu safar ham qoʻllab-quvvatlashlarini bildirayotganlarning borligi aslo mubolagʻa emas.

– Hozirgi kunda mamlakatimizda saylov kampaniyasining muhim bosqichi — saylovoldi tashviqoti qizgʻin olib borilmoqda. Biz saylovchi sifatida oʻz qarashlarimizni aniqlab olish maqsadida nomzodlar dasturlari va partiyalar maqsad hamda vazifalari bilan tanishamiz. Elektorat sifatida ular dasturlaridagi ustuvor yoʻnalishlarni oʻz manfaatlarimiz bilan taqqoslab, munosib nomzodlarni tanlaymiz, albatta, — deydi saylovchi Raʼno Jumaniyozova.

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Dasturi — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatligiga nomzodning oʻz dasturini ishlab chiqish uchun asosdir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodning dasturida, eng avvalo, qonunlar qabul qilish hamda ularning bajarilishini parlament tomonidan nazorat qilish orqali muammolarni yechishga koʻmaklashish va aniq bir saylov okrugidagi saylovchilarning davlat manfaatlariga javob beruvchi ehtiyojlarini hisobga olish masalalari aks etishi kerak, albatta. Barcha darajadagi deputatlikka nomzodning saylovoldi dasturida avvalo, umumxalq, umumdavlat manfaatlarining ustuvorligini ifoda etishi muhim. Shuningdek, iqtisodiy jihatdan asoslanmagan takliflarni kiritish va asossiz vaʼdalarni berishdan cheklanish, koʻrsatilayotgan muammolarni shu joyning oʻzidagi mavjud imkoniyatlariga tayangan holda hal etishning asoslangan yoʻllariga eʼtiborni qaratish talab etiladi.

Kutilayotgan saylovga ham partiyadan deputatlikka nomzodlar koʻrsatishda oldingi tajribalarimizga tayanib ish koʻrishni maʼqul, deb bilamiz. Albatta, bunda xalqning xohish-istaklarini ham inobatga olish juda muhim. Chunki deputatni xalq saylaydi, xalq tanlaydi. Bu safar ham eng munosiblarning nomzodlarini koʻrsatmoqdamiz. Shuni ishonch bilan ayta olamizki, ular ertaga partiyamiz maqsad-vazifalarini joylarda toʻlaqonli amalga oshirish, elektorat manfaatlarini himoya qilish yoʻlida bilim-salohiyati, bor kuch-gʻayratlarini safarbar etadilar. Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining deputatlikka nomzodlari ishonchingizni albatta, oqlaydi!

 Rajabboy ROʻZMETOV,

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik

partiyasi Xorazm viloyat Kengashi raisi

 

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.