Mamlakatimizda oʻsmir sportchilarimizga alohida eʼtibor berib kelinmoqda. Minskda oʻtkazilgan oʻsmirlar oʻrtasidagi II jahon chempionatida muvaffaqiyat qozonib, shohsupaga koʻtarilgan yosh hamyurtlarimiz oʻzbek shaxmatchilarining salohiyatini, yurimizda kuchli shaxmatchilarning yangi avlodi kamolga yetayotganini oʻzida ifoda etishdi.
Oʻzbekistonlik yosh shaxmatchilar Belorus poytaxti Minsk shahrida boʻlib oʻtgan shaxmatning blits va rapid yoʻnalishida oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionatida 9 ta medalni qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egalladilar.
Mazkur jahon chempionatida hamyurtlarimiz rapid yoʻnalishida 2 ta oltin (Humoyun Begmurotov, Umida Omonova), 2 ta kumush (Afroʻza Hamdamova, Olmos Rahmatullayev), blits bellashuvlarida esa 3 ta oltin (Humoyun Begmurotov, Afroʻza Hamdamova, Umida Omonova) hamda 2 ta kumush (Ruqiya Olimova, Shahrombek Karimov) medallarini qoʻlga kiritishdi.
«Jahon chempioni boʻlib, shohsupaga koʻtarilganimdan juda xursandman. Shaxmatchilardan norvegiyalik Magnus Karlsenga havas qilaman, uning muxlisiman. Kelajakda dunyoning eng yosh grossmeysteri boʻlmoqchiman, undan tashqari kattalar oʻrtasida jahon chempioni boʻlishni orzu qilaman», – dedi rapid va blits yoʻnalishidagi jahon chempioni Humoyun Begmurotov.
« Bellashuvlarda kuchli raqiblar koʻp boʻldi, ammo biz ulardan kuchli ekanligimizni namoyish etib, umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdik. Bundan juda xursandmiz. Endi Ispaniyada tashkil qilinadigan anʼanaviy shaxmat boʻyicha jahon chempionatida qatnashamiz, u yerdan ham chempion boʻlib qaytmoqchimiz», – dedi jahon birinchiligi gʻolibi Afroʻza Hamdamova.
Javlon SAʼDULLAYEV