Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muzokaralari kengaytirilgan tarkibda davom etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev majlis ishtirokchilarini qutlar ekan, ikkinchi Maslahat uchrashuvining oʻtkazilishi manfaatlarning oʻzaro mushtarakligi, mamlakatlarimiz mintaqaviy taraqqiyotning eng dolzarb masalalari boʻyicha ochiq muloqot va birgalikda qarorlar qabul qilishga tayyor ekanini yana bir bor yaqqol tasdiqlashini taʼkidladi.
Markaziy Osiyo doimo oʻzining boy madaniy-tarixiy merosi bilan Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bogʻlaydigan noyob koʻprik boʻlib xizmat qilib kelgani qayd etildi. Bugungi kunda mintaqada ulkan tabiiy zaxiralar, katta insoniy salohiyat mavjud, dunyoning oʻzaro raqobatga kirishayotgan qudratli davlatlari manfaatlari kesishgan.
Shu va boshqa omillar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka taʼsir etadigan yirik beqarorlik oʻchoqlari bevosita yaqin hududlarda joylashgani mintaqa mamlakatlari oldiga barqarorlik, yangi xavf-xatar va tahdidlar vujudga kelishi, bunday sharoitda mintaqaviy hamkorlik qanday olib borish kerakligi xususida murakkab masalalarni qoʻymoqda.
– Siyosiy iroda va amaliy qadamlarimiz tufayli biz hamkorlikning yanada yuqori bosqichiga koʻtarilmoqdamiz, – dedi davlatimiz rahbari. – Bizning hamjihatligimiz va faol saʼy-harakatlarimiz koʻpqirrali mintaqaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochib berdi. Biz qisqa muddatda birgalikda, amalda oldinga siljishga erishdik.
Xususan, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi soʻnggi yillarda 2 barobarga, qoʻshma korxonalar soni 4 barobarga oʻsdi. Birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan chegaralarning huquqiy rasmiylashtirish ishlari yakunlanish arafasida, oltmishga yaqin oʻtish punktlarining toʻlaqonli faoliyati taʼminlandi, vizalar bekor qilindi. Ishbilarmonlik va hududlararo aloqalar, transport qatnovlari, madaniy-gumanitar almashinuvlar kengayib bormoqda.
Oʻtgan yili Oʻzbekistonda birinchi Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi hamda mamlakatlarimizning bosh vazirlari oʻrinbosarlari darajasida Ishchi guruhning dastlabki uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Bularning barchasida barqaror bir tendensiya – davlatlarimizning mustaqil roli va umumiy kelajak uchun masʼuliyati kuchayib borayotgani namoyon boʻlmoqda, deb taʼkidladi Prezident Shavkat Mirziyoyev. Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaviy va global masalalar boʻyicha tobora koʻproq umumiy pozitsiyadan turib fikr bildirayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
– Bizning mintaqadagi oʻzaro yaqinlashuvimiz va hamkorlikni kengaytirishimiz – bu zamon talab qilayotgan va orqaga qaytmaydigan jarayon ekanini taʼkidlamoqchiman. U qatʼiy siyosiy qarorga asoslangan boʻlib, chuqur tarixiy omillarga ega va kimningdir manfaatlariga qarshi qaratilgan emas, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari uchrashuv ishtirokchilarini savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va energetika sohalaridagi vazifalarni amalga oshirish uchun butun kuch va imkoniyatlarni safarbar etishga chaqirdi.
Shu munosabat bilan, Markaziy Osiyo investitsiya forumi va mamlakatlarimiz savdo-sanoat palatalarining ilk yigʻilishini oʻtkazish, shuningdek, Transport kommunikatsiyalari boʻyicha mintaqaviy kengash tuzishni tezlashtirish, “Bir sayohat bilan butun mintaqa boʻylab” tamoyili asosida qoʻshma dasturlarni ilgari surish uchun Xalqaro turizm konferensiyasini tashkil etish taklif etildi.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlari Parlamentlararo doʻstlik guruhini taʼsis etish hamda “Markaziy Osiyo – yagona oʻtmish, umumiy kelajak” shiori ostida madaniy-gumanitar almashuv platformasining yaratilishi bizning barcha xalqlarimiz manfaatlariga javob berishi taʼkidlandi.
Prezidentimiz ilm-fan, madaniyat va sanʼat sohalarida erishilgan salmoqli yutuqlar uchun Markaziy Osiyo mukofotini taʼsis etish, shuningdek, universitetlar forumlari va mintaqaviy sport oʻyinlarini tashkil etish taklifini ilgari surdi.
– Har yili Navroʻz bayrami arafasida navbati bilan har bir mamlakatda Markaziy Osiyo madaniyat kunlarini oʻtkazishni muhim deb hisoblaymiz. Bularning barchasi qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Suvdan birgalikda foydalanishning dolzarb masalalarini, mintaqaning murakkab suv va ekologik muammolarini hal qilishning barcha uchun maqbul yechimini izlash oʻzaro kelishilgan yondashuvlarni talab etadi. Innovatsion texnologiyalarni jalb qilish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini tatbiq etish, choʻllashishni bartaraf qilish va boshqa kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish maqsadida Oʻzbekiston Prezidenti BMT shafeligidagi Orolboʻyi mintaqasi uchun Trast fondi imkoniyatlarini samarali ishga solishni taklif etdi.
Eng muhim ustuvor vazifa – mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlashdan iborat ekanini hisobga olib, davlatimiz rahbari Oʻzbekiston zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga keng miqyosda qarshi turish uchun mamlakatlarimizning huquqni muhofaza qiluvchi idoralari va maxsus xizmatlarining operativ hamkorlik qilishi boʻyicha ishchi mexanizmlarni yaratish tarafdori ekanini taʼkidladi.
– Afgʻoniston mintaqamizning uzviy bir qismidir. Ushbu diyorga tinchlik va taraqqiyot yoʻliga qatʼiy qadam qoʻyishi uchun yordam berish – barchamizning umumiy manfaatlarimizga toʻliq mos keladi. Muammoni siyosiy yoʻl bilan hal qilish borasidagi asosiy tamoyillarga amal qilish zarur deb hisoblaymiz. Avvalambor, bu – zoʻravonlikdan voz kechish, oʻt ochishni toʻxtatish, muloqot va murosaga tayyorlikni namoyon etishdan iborat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, Afgʻonistonda muhim infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ushbu mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga faol jalb etishga qaratilgan kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish oʻta muhimdir.
Prezidentimiz bu ustuvor vazifalar Markaziy Osiyoda hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha Yagona qarash hujjatida oʻz aksini topishiga ishonch bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev uchrashuv ishtirokchilarini oʻzaro hamkorlikning asosiy maqsad va tamoyillarini kelishib olishga, inson, kapital, tovar va xizmatlarning harakati, shuningdek, keng madaniy-gumanitar almashinuvlar uchun qulay sharoitlar yaratib berish, Markaziy Osiyoda doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklikni mustahkamlashning amaliy mexanizmlarini shakllantirish va yoʻlga qoʻyishga chaqirdi.
Turkmaniston Prezidentining taklifiga binoan davlat rahbarlari Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti — Elboshi Nursulton Nazarboyevni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvining Faxriy raisi etib bir ovozdan sayladilar.