Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan maktabgacha taʼlim tizimini yuksaltirish, bolalarni maktabga sifatli tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Joylarda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan toʻliq qamrab olish maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy bogʻchalar qurilib, foydalanishga topshirilmoqda, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Surxondaryo viloyatida oʻtgan yili 288 maktabgacha taʼlim muassasasida 3-7 yoshli bolalarning 11,6 foizi qamrab olingan boʻlsa, ayni paytda 355 ta davlat va 177 ta nodavlat bogʻchada jami bolalarning 24,3 foizi tarbiyalanmoqda. Yil oxirigacha bu koʻrsatkichni 32,3 foizga etkazib, 74 ming oʻgʻil-qizni zamonaviy bogʻchalarga qamrab olish rejalashtirilgan.
Denov tumanidagi Bogʻi Eram mahallasida «Mehnat farovon hayot» fermer xoʻjaligi tomonidan 150 oʻrinli “Smart kids” nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi barpo etildi. Ikki qavatli mazkur bogʻcha chet tillarga ixtisoslashgan boʻlib, bolalar ingliz, rus va koreys tillari boʻyicha beshta guruhda tarbiyalanadi. Bundan tashqari, bogʻchada sport, musiqa va sanʼat turlari boʻyicha toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Maktabgacha taʼlim muassasasida asosan shu hududdagi harbiy shaharchada yashayotgan harbiylarning, shuningdek, mahalliy aholining farzandlari tarbiyalanmoqda. Bogʻchaga ishga qabul qilingan 22 tarbiyachining 14 nafari harbiylarning turmush oʻrtoqlaridir.
Davlatimiz rahbari bogʻchada yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi, tarbiyachilar bilan muloqot qildi. Bogʻcha tarbiyalanuvchilari Prezidentimizga Beshta tashabbus haqida sheʼr aytib berdi. Davlatimiz rahbari bolalarga sovgʻalar topshirdi.
Prezidentimiz bogʻchalarda bolalar maʼnaviy boy boʻlib ulgʻayishiga koʻproq eʼtibor qaratish, bogʻchani qurgan tadbirkorning xayrli ishini keng targʻib qilish kerakligini taʼkidladi.
– Tadbirkorlarimizning sharoitni tushunib bogʻchalar qurayotgani hozirgi siyosatimizga koʻmak, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bunday bogʻchalar asosiy eʼtiborni bola tarbiyasiga qaratadi, davlat bogʻchalari bilan raqobatda ishlaydi.
Shu yerda Maktabgacha taʼlim vazirligi va «Oʻzavtosanoat» aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan mobil va modul bogʻchalar taqdimoti oʻtkazildi.
Maʼlumki, olis va chekka hududlardagi kam xonadonli aholi punktlarida bogʻchalar qurish oʻzini oqlamaydi. Shuni hisobga olib, mobil bogʻchalar taklif qilinmoqda. Buning uchun «Isuzu» avtobusi bogʻcha xonasi koʻrinishida modernizatsiya qilinib, jihozlandi. «Aqlvoy» deb nomlangan mobil bogʻchalar chekka hududlarga borib, bolalarga kunduz kuni taʼlim-tarbiya beradi. Yana bir jihati, mobil bogʻchalar uchun 2 sotix yerda oʻyin maydonchasi barpo etiladi. Bu bolalarga anʼanaviy bogʻchalardagidek sharoitda tarbiyalanish imkonini beradi.
Dengiz konteynerlaridan qurilgan modul bogʻchalarda 90 nafargacha bolani qamrab olish mumkin. Bunday bogʻchalar sirti issiq va sovuq oʻtkazmaydigan material bilan qoplangan, uning ichida ham zamonaviy bogʻchalardagi kabi sharoitlar yaratilgan. Bolalarning taʼlim olishi, turli oʻyinlar oʻynashi, uxlashi uchun yaratilgan qulayliklar chet el tajribasiga toʻla mos keladi.
Yangi loyihalarni maktabgacha taʼlim tizimida keng yoyish, mamlakatimizda bogʻchalar qamrovini kelasi yilda 50 foizga yetkazish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.