Moʻgʻuliston Prezidenti tantanali kutib olindi hamda Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston Prezidentlari koʻp qirrali hamkorlikning yangi dasturini tayyorlash toʻgʻrisida kelishib oldilar

0
59
marta koʻrilgan.

24 iyun kuni Koʻksaroy qarorgohida mamlakatimizga davlat tashrifini amalga oshirayotgan Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxni rasmiy kutib olish marosimidaye keyin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara oʻtkazdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Suhbat avvalida Moʻgʻuliston Prezidenti davlatimiz rahbariga Oʻzbekistonga davlat tashrifi bilan kelish taklifi va koʻrsatilayotgan samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik bildirdi.

Mamlakatimiz rahbari oliy martabali mehmon va rasmiy delegatsiyaning barcha aʼzolarini dildan qutlab, Moʻgʻuliston Prezidentining ilk davlat tashrifi Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston koʻp qirrali munosabatlarini rivojlantirishda yangi sahifa ochishini alohida taʼkidladi.

Muzokaralar davomida mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Hukumatlar, vazirlik va idoralar darajasidagi aloqalar va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi ortib bormoqda. Bugungi sammitga tayyorgarlik doirasida oʻtkazilgan siyosiy maslahatlashuvlar samarali boʻldi. Shu kunlarda Toshkentda Moʻgʻuliston elchixonasining rasmiy ochilishi boʻlib oʻtadi.

Siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish, xavfsizlik sohasida aloqalarni faollashtirish muhimligi taʼkidlandi.

Moʻgʻuliston Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishini toʻliq qoʻllab-quvvatlagan birinchi davlatlardan biri boʻlgani va tegishli bayonnomani imzolagani qayd etildi.

Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Yaqin yillarda oʻzaro savdo hajmini, eng avvalo, talab yuqori boʻlgan mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish hisobiga 5-10 barobarga oshirish uchun salohiyat mavjudligi taʼkidlandi.

Shu maqsadda hukumatlarga tovar ayirboshlash hajmini oshirish masalalari boʻyicha qoʻshma ishchi guruh tuzish, Ulan-Bator va Toshkentda rasmiy savdo uylarini ochish, Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimni imzolashga tayyorlash hamda bozorlarga kirish sharoitlarini oʻzaro yengillashtirish boʻyicha takliflar kiritish topshirildi.

Bundan tashqari, ikki davlat poytaxtlarida oʻzaro sanoat koʻrgazmalari oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Davlatimiz rahbari oʻrta muddatli Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi. Hamkorlikning bir qator yoʻnalishlari aniqlab olindi.

Bu, avvalo, geologik qidiruv, xomashyo resurslarini oʻzlashtirish va qayta ishlash sohasida hamkorlik qilish, shu jumladan, bu sohada kadrlar tayyorlashni tashkil etish.

Shuningdek, qishloq xoʻjaligi va turdosh tarmoqlarda kompleks hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi. Bu borada Qoraqalpogʻiston, Namangan va boshqa viloyatlarda yirik chorvachilik komplekslarini tashkil etish boʻyicha aniq rejalar bor.

Moʻgʻulistondan goʻsht va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlarni import qilish, shuningdek, Oʻzbekistondan tovuq goʻshti, meva-sabzavot va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha takliflar tayyorlandi.

«Halol» standartlariga muvofiq goʻsht mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha klaster tashkil etish va mintaqadagi mamlakatlarga eksport qilish rejalari qoʻllab-quvvatlandi.

Shuningdek, teri va junni chuqur qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha loyihalar taklif etildi.

Bu yoʻnalishlarda, shu jumladan, chorvachilik sohasida ilmiy-tadqiqot institutlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish lozimligi taʼkidlandi.

Tomonlar xususiy sektor loyihalarini amalga oshirishga va biznes tashabbuslarini ilgari surishga koʻmaklashishga kelishib oldilar.

Bugun Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston yetakchilari ikki mamlakat biznes doiralari vakillari bilan uchrashuv oʻtkazadilar. Ular tomonidan yangi loyiha takliflari tayyorlangan.

Toshkentda ilgʻor texnologik yechimlar asosida zamonaviy diagnostika markazini ochish, yengil sanoat, raqamlashtirish, farmatsevtika sohasidagi loyihalar shular jumlasidan.

Yangidan tuzilayotgan Ishbilarmonlar kengashining faoliyati va qoʻshma biznes forumlari muntazam oʻtkazilishi bu boradagi rejalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Kooperatsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash uchun investitsiyalarni oʻzaro himoya qilish va soliqqa tortish prinsiplari toʻgʻrisidagi asosiy bitimlar qabul qilinadi.

Transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash maqsadida tashrif davomida havo va avtomobil transportida tashishlar toʻgʻrisida muhim bitimlar qabul qilinadi. Ikki poytaxt oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovni yoʻlga qoʻyish masalasi oʻrganiladi.

Shuningdek, eng samarali va qisqa, shu jumladan Qirgʻiziston va Xitoy orqali oʻtadigan transport yoʻlaklarini birgalikda tahlil qilish taklif qilindi.

Iqtisodiy kun tartibidagi barcha masalalarni samarali ilgari surish uchun Bosh vazir oʻrinbosarlari darajasidagi Hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Madaniy-gumanitar aloqalar va almashinuvlarni mustahkamlashga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Turli yillarda Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlarida tahsil olgan moʻgʻulistonliklar doʻstlik va hamkorlikning haqiqiy koʻprigi boʻlayotgani taʼkidlandi.

Eng nufuzli universitetlar oʻrtasida akademik almashinuvlarni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, grantlar asosida iqtidorli moʻgʻulistonlik talabalarni Oʻzbekistonda oʻqitishni qayta tiklash boʻyicha kelishuvga erishildi.

Ertaga Toshkentda mashhur «Morin Xuur» moʻgʻul orkestri ishtirokida sanʼat ustalarining qoʻshma konserti boʻlib oʻtadi.

Ikki mamlakat xalqlarini yaqinlashtirish maqsadida Gumanitar hamkorlik dasturini tayyorlash va kelgusi yilda Toshkent va Ulan-Batorda madaniyat kunlarini oʻtkazish taklif qilindi.

Ikki mamlakat oʻrtasida mavjud vizasiz tartibni inobatga olgan holda, qoʻshma dasturlar va mahsulotlar asosida turizm almashinuvlarini rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, sport va yoshlar sohalarida hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.

Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni tayyorlash topshirildi.

Davlatimiz rahbari Prezident Uxnaagiyn Xurelsuxning samarali muloqotni davom ettirish uchun Moʻgʻulistonga javob tashrifi bilan kelish taklifini qabul qildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.