Moliyaviy nazorat rejalari boʻyicha axborot berildi

0
13
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 20 yanvar kuni Hisob palatasi tomonidan 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yilgi asosiy vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi va dasturlar samaradorligida moliyaviy nazorat muhim. Soʻnggi yillarda Hisob palatasining ish uslubi oʻzgartirilib, hududlarda byudjet intizomiga koʻmak beruvchi hamkor idoraga aylantirildi. Oldingi tekshiruv tizimi oʻrniga xalqaro standartlar asosida audit tizimi joriy qilindi. Jahon bankining “Tashqi audit indikatori”da Oʻzbekiston “yaxshi” darajaga koʻtarildi.

2024 yil 10 iyulda Oʻzbekiston Prezidentining “Byudjet mablagʻlaridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Unda vazirlik va davlat idoralarida ichki audit tizimini takomillashtirish, tizimni raqamlashtirish,  konsolidatsiyalashgan byudjet ijrosini tashqi auditdan oʻtkazish kabi vazifalar belgilandi.

Raqamli transformatsiya jarayoni amalga oshirilmoqda. “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy qilinib, unga 34 ta vazirlik va idora bogʻlandi.

2024 yilda Hisob palatasi yangi manbalar hisobidan 3,7  trillion soʻm byudjetga qoʻshimcha tushumlarni taʼminladi. Vazirlik va idoralarning 9,2 trillion soʻmlik samarasiz xarajatlari maqbullashtirildi, 2,3 trillion soʻmlik moliyaviy kamchiliklar oldi olindi. Davlat xaridlariga oid 4,5 trillion soʻmlik kamchiliklar bartaraf etildi.

Bunday amalga oshirilayotgan tizimli ishlarni joriy yilda ham izchil davom ettirish zarur.

Jumladan, “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga  110 ta vazirlik va idoraning maʼlumotlar bazasi integratsiya qilinadi. Bu orqali joriy yilda 480 trillion soʻmlik byudjet xarajatlari monitoringi toʻliq qamrab olinadi.

Byudjetga qoʻshimcha daromad manbalarini aniqlash, moliyaviy va boshqa xavflarning oldini olish doimiy vazifa hisoblanadi. Davlat ulushi bor korxonalarning moliyaviy faoliyatini doimiy monitoring qilib borish ham muhim.

Joriy yilda byudjetga 309 trillion soʻm daromadlar tushishini taʼminlash choralari koʻriladi. Xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarni xalqaro standartlar asosida auditdan oʻtkazish amaliyoti boshlanadi.

Prezident barcha davlat idoralarida moliyaviy intizom va tejamkorlikka qatʼiy amal qilinishi zarurligini taʼkidladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.