Butun dunyo sizu biz yashab kelayotgan ushbu asrga “Axborot asri” deya nom bergan. Bu davrda axborotni ommaga toʻgʻri va xolis yetkazib berish zamonning eng dolzarb masalalaridan biri boʻlib turibdi. Har jabhada boʻlgani kabi sport boʻyicha ulkan oʻzgarishlar, kattadan katta yutuqlarga guvoh boʻlmoqdamiz. Ayniqsa, yaqinlashib kelayotgan Tokio Olimpiadasiga tayyorgarlik haqidagi faoliyat alohida katta mavzudir. Kunchiqar yurt mezbonlik qiladigan Olimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligida misli koʻrilmagan darajada katta tayyorgarlik olib borilmoqda.
Xususan, tashkil etilayotgan oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari, xalqaro litsenzion musobaqalar, terma jamoalarga xorijlik murabbiylarni jalb etish, meditsina va farmakalogiya yoʻnalishlarida olib borilayotgan ishlar shular jumlasidan. “Sevimli” telekanalining pavilonlaridan birida mana shu mavzularni keng yoritish, uni xalqimizga tezkor va toʻgʻri yetkazib berish mavzusiga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, shuningdek, Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Komiljon Xudoyberganov va yurtimizda sport sohasida faoliyat olib boradigan OAV vakillari ishtirok etishdi.
“Soʻnggi paytlarda sport sohasida ijobiy oʻzgarishlar shu qadar koʻp boʻlmoqdaki, ochigʻi, bularning barchasini yoritishda MOQ va bizning matbuot xizmatlarimizning kuchi yetmaydi. Shunday ekan, bu borada Sizlarning yordamingiz kerak boʻladi. Biz bu borada hamkorlik qilishga tayyormiz”, – dedi Dilmurod Nabiyev.
Oʻz navbatida Rustam Shoabdurahmonov ham sohada olib borilayotgan oʻzgarishlar haqida toʻxtalib oʻtdi.
“Haqiqatdan ham soʻnggi paytlarda juda katta hajmda ishlar olib borilmoqda. Bularni barchasini xalqimizga tushunarli qilib yetkazib berishimiz kerak. Misol uchun, muhtaram Prezidentimiz tomonidan 4 sentyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishidan soʻng terma jamoalarimizda 20 nafar xorijlik murabbiy ishlay boshladi, koʻplab federatsiyalarga sport shifokorlari, diyetolog, psixologlar biriktirildi. Yaqin kelajakda sport yoʻnalishida ham ilmiy-tadqiqot instituti faoliyat koʻrsata boshlaydi, Toshkent viloyatining soʻlim Boʻstonliq tumanida 450-500 oʻrinli Olimpiya tayyorgarlik markazi qurilishi loyihalashtirilgan. Bizning rejamizga koʻra, Tokioga qoʻlga kiritiladigan litsenziyalarimiz soni 100 tadan kam boʻlmasligi kerak”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.
Ochiq muloqot tarzida oʻtgan suhbat davomida jurnalistlar sport musobaqalarini yoritish, barcha federatsiyalarda matbuot-xizmatini toʻliq yoʻlga qoʻyish va ularning saytlari va ijtimoiy tarmoqlarini faollashtirish, terma jamoa faoliyati bilan bogʻliq maʼlumotlarni olish boʻyicha oʻz taklif va mulohazalarini bildirib oʻtdilar. Shuningdek, mutasaddi rahbarlar OAV vakillariga qishki sport turlarini yanada rivojlantirish boʻyicha olib boriladigan bosqichli dasturlar, Tokio Olimpiadasidan soʻng boʻlib oʻtadigan boshqa yirik kompleks musobaqalarga tayyorgarlik rejalari haqida gapirib berishdi.
Komiljon Xudoyberganov, Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi