Moʻtabar maskanlar obod qilinadi

0
23
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 mart kuni Samarqandga tashrif buyurib, Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Qurʼon tilovat etilib, duo oʻqildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

– Kuni kecha xalqimiz bilan Navroʻz ayyomini kutib oldik. Bugun, muqaddas Ramazon oyida mana shu tabarruk joyga kelib turibmiz. Bu ulugʻ kunlarga tinchlik-xotirjamlikda yetkazgani uchun Yaratganga shukronalar aytamiz. Ilohim, hamisha yurtimiz tinch, elimiz farovon boʻlsin, hamma xayrli niyatlarimiz amalga oshsin. Bu majmuani Imom Buxoriy bobomizga munosib tarzda qurayapmiz. U ziyorat bilan birga maʼrifat, tarbiya, ibrat oʻchogʻi boʻlsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Imom Buxoriy maqbarasi butun islom olamida eʼzozli maskan. Koʻp ming sonli ziyoratchilarga sharoitlarni kengaytirish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan bu yerda yangi majmua barpo etilmoqda.

Majmuaning umumiy maydoni 44 gektar. Bugungi kunda mahobatli maqbara, 10 ming kishiga moʻljallangan masjid qurib bitkazilgan. Balandligi 75 metrlik 4 ta minora majmuaga ulugʻvorlik bagʻishlagan. Shuningdek, muzey, ayvonlar, maʼmuriyat va xizmat koʻrsatish binolari barpo etilgan. 

Ayni paytda pardozlash ishlari olib borilmoqda. Bunda milliy anʼanalar va issiq ranglardan foydalanilmoqda. Peshtoqlar va ayvon devorlariga “Sahihi Buxoriy”dan hadislar bitiladi.

Bundan tashqari, hududda ikki ming oʻrinli yigirmadan ortiq mehmonxona, xiyobonlar, toʻrtta tahoratxona barpo etiladi.

Bu yil yurtimizda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlanadi. Shu haqdagi Prezident qarorida kalom ilmi sultonining Samarqand shahridagi majmuasini qayta taʼmirlash va obodonlashtirish belgilangan.

Tashrif chogʻida Prezidentimizga ushbu loyiha taqdimot qilindi.

Qayd etilganidek, Moturidiy majmuasida 1 ming 500 kishiga moʻljallangan jome masjid, maʼmuriy bino qurilishi koʻzda tutilgan. U yerda kutubxona, majlislar zali, innovatsion muzey hamda mutaxassislar uchun xonalar boʻladi. Majmua yaqinida ziyoratchilar uchun avtoturargoh, tahoratxona quriladi. 

Imom Abu Mansur Moturidiy islom olamida ixtiloflar avj olib, har xil firqalar koʻpaygan paytda yashagan, butun hayotini islomiy aqidani himoya qilish va maʼrifatini yoyishga bagʻishlagan. U zotning moturidiylik taʼlimoti, “Taʼvilotul Qurʼon”, “Kitob at-Tavhid” kabi asarlari bagʻrikenglik va moʻtadillik tamoyillari bilan ahli sunna val-jamoaning maʼnaviy asoslariga aylangan.

Davlatimiz rahbari bu tamoyillar bugungi kunda ham dolzarb boʻlib borayotganini taʼkidlab, alloma bobomizning merosini yanada keng oʻrganish va jahonga targʻib etish, majmuaga keluvchilarga sharoitlarni kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. 

Yana bir xayrli loyiha – Oqdaryo tumanidagi Mahdumi Aʼzam qadamjosini obod qilishga qaratilgan. Asli hozirgi Kosonsoy tumanida tugʻilgan soʻfiy olim naqshbandiya taʼlimotining rahnamolaridan biri boʻlgan. Ilm va din yoʻlidagi uzoq safardan soʻng, Samarqand viloyatida abadiy qoʻnim topgan.

Bu maskanga keluvchi ziyoratchilar ham koʻp. Ularga sharoitlarni yaxshilash maqsadida Mahdumi Aʼzam maqbarasi yonida uch qavatli avtoturargoh, tahoratxona qurilishi rejalashtirilmoqda.

Samarqand zaminidan yetishib chiqqan boshqa olim va mutafakkirlar, aziz avliyolarning qadamjolari ham bosqichma-bosqich qayta taʼmirlanib, obod qilinadi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.