Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 54-sessiyada Kengash raisi J.Artiqxodjayev tomonidan deputatlarga oʻz okruglarida aholi bilan uchrashuvlar oʻtkazilgan jarayonlarda tibbiyot, taʼlim va maktabgacha taʼlim tizimlariga alohida eʼtibor qaratib, xududlardagi mavjud muammolar yuzasidan takliflar kiritish borasida vazifalar belgilab berilgandi.
Shu bilan birga, 2022 yil davomida poytaxt tumanlarida ijtimoiy sohaga, aholining turmush sharoitini yaxshilash, oʻsib kelayotgan yosh avlodni zamonaviy sport zallarida shugʻullanishlariga imkoniyatlar yaratish, ayollar va bolalarga yuqori darajadagi tibbiy xizmatlarni koʻrsatish masalasiga ham eʼtibor qaratilib, buning uchun sektor rahbarlari bilan yaqindan xamqorlik qilish topshirigʻi ham berib oʻtildi.
Mazkur vazifalardan kelib chiqqan holda, 31-“Uchuvchilar” okrugi deputati H.Qoʻchkarova va Xalq deputatlari Sergeli tuman Kengashi deputati, kotibiyat mudiri J.Mirzayevlar “Madaniyat” mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan 12-oilaviy poliklinika bosh shifokori T.Yuldashev bilan uchrashib, poliklinikadagi muammolar bilan yaqindan tanishib chiqdilar. Suhbat davomida shifokor tomonidan tibbiyot jihozlarning eskirgani, ammo shunga qaramay aholiga xizmat toʻlaqonli amalga oshirilayotgani, binoning ayrim xonalari taʼmirga muhtoj ekanligi aytib oʻtildi.
Deputatlar mazkur masala yuzasidan oʻz takliflarini Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining tegishli komissiyasiga kiritish boʻyicha kelishib olishdi.
Shuningdek, deputatlar okrugdagi “Shukrona” mahalla fuqarolar yigʻiniga borib mahalla raisi G.Murtazayeva bilan suhbatda boʻlib, fuqarolar murojaatlari bilan tanishdilar.
H.QOʻChQAROVA, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati