Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar natijasida barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy hayotimizda ham katta oʻzgarishlar yuz bermoqda. Muqaddas dinimizning tinchlik, doʻstlik, bagʻrikenglik va insonparvarlik gʻoyalarini, islom sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan ulugʻ ajdodlarimizning boy ilmiy merosini oʻrganish va targʻib etish, yoshlarni shu ruhda sogʻlom va barkamol etib tarbiyalash, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish borasida keng imkoniyatlar ochilmoqda.
Ayniqsa, yurtimiz moʻmin-musulmonlari xalqimiz uchun asrlar davomida ezgulik, mehr-oqibat va xayru saxovat ramzi boʻlib kelgan muqaddas Ramazon oyini katta shodu xurramlik va shukronalik bilan kutib olib, ezgu amallarni ado etmoqdalar.
Ushbu muborak oyning jamiyatimiz hayotida tinchlik-barqarorlik, oʻzaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimizning diniy-maʼnaviy qadriyatlarini asrash va rivojlantirish borasidagi ahamiyatini hisobga olib hamda uni har tomonlama munosib oʻtkazish maqsadida:
2021 yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 13 aprel kuniga toʻgʻri kelishi haqidagi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Ramazon oyini karantin qoidalariga rioya qilgan holda milliy anʼana va qadriyatlarga mos va munosib holda oʻtkazishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
Joylarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam boʻlgan insoniylik, maʼnaviy poklik, sabr-qanoat kabi fazilatlarni eʼzozlash, bugungi tinch va farovon hayotimizni qadrlash, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilish, ahil va hamjihat boʻlib yashashga daʼvat etadigan hamda yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, azaliy anʼana va qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan targʻibot tadbirlarini oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilsin.
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev