Muhandislik kasblari taʼlimi boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi

0
41
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Olmazor tumanidagi “Inno” innovatsion oʻquv-ishlab chiqarish texnoparkida boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Ushbu texnopark uch yil oldin bunyod etilgan. Bu yerda sanoat sohalarini rivojlantirish uchun innovatsion gʻoya va ixtirolar ishlab chiqiladi. Yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻrgatish maqsadida oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Har yili 15 ming nafarga yaqin talaba va oʻquvchilar ishtirokida seminar, amaliy mashgʻulotlar tashkil etiladi.

Yurtimizda bunday innovatsion markazlar koʻpayib bormoqda. Sanoat, energetika va axborot texnologiyalari rivojlanib, yangi-yangi majmualar ishga tushirilmoqda. Ular uchun zamonaviy bilim va malakaga ega muhandis va texniklar kerak.

Shu yerda Toshkent davlat texnika universiteti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti, Toshkent davlat Transport universiteti, Fargʻona politexnika instituti, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzurida tashkil etilayotgan oliy muhandislik maktablari taqdimoti oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 2 fevraldagi qarorida bu borada qator vazifalar belgilangan. Xususan, qarorga muvofiq, muhandislik-texnika yoʻnalishida kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari tashkiliy-boshqaruv faoliyati takomillashtirilmoqda. Amaldagi oʻquv dasturlarining zamonaviy texnologiyalar va ish beruvchilar talabiga muvofiqligi oʻrganilib, tubdan oʻzgartirilmoqda.

Davlatimiz rahbariga shular haqda maʼlumot berildi.

Dastlabki bosqichda 10 ta oliy taʼlim muassasasi huzurida oliy muhandislik maktablari ochiladi. Maktabning kuzatuv kengashiga olimlar bilan birga hamkor korxonalar vakillari aʼzo boʻladi.

Ushbu maktablarda ikki yillik amaliy magistratura dasturlari yoʻlga qoʻyilib, ishlab chiqaruvchilar buyurtmasi asosida nomzodlar saralab olinadi. Birinchi yil talabalar korxonalar buyurtmasi asosida yangi mahsulotlarni loyihalashtiradi, ilmiy izlanishlar oʻtkazadi, bu borada chuqurlashgan modul dasturlar asosida oʻqitiladi. Ikkinchi yil yangi mahsulotlar boʻyicha tajriba-konstruktorlik namunalarini yaratish bilan bogʻliq texnologik jarayonlarni korxonalarda sinovdan oʻtkazadi.

Prezident oliy taʼlim muassasalaridagi ilmiy izlanishlarning hayotiyligi va samaradorligiga ahamiyat berdi. Taʼlim tizimiga qaratilayotgan eʼtibor ilm-fan yutuqlarida oʻz ifodasini topishi kerakligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari olimlarning ixtirolari, ilgʻor ishlanmalar bilan ham tanishdi. Jumladan, energiya tejamkor uskunalar, yuklama ortishi sabab transformatorlar portlashidan himoyalovchi sovutish tizimi, neft-gaz sohasida muhim boʻlgan kimyoviy reagentlar, bunyodkorlik, yoʻlsozlikdagi zamonaviy yondashuvlar, suv inshootlari uchun muhandislik loyihalari, axborot texnolgiyalariga oid zamonaviy ixtirolar haqida maʼlumot berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.