Muhandislik sohalarida ilm va taʼlimni rivojlantirish boʻyicha muloqot boʻldi

0
63
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 20 iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Dunyoda raqobat kuchaygan bugungi zamonda mamlakatimiz ichki resurslarga tayanib, industrial rivojlanish yoʻlidan bormoqda. Yiliga 3 mingta sanoat korxonasi ishga tushirilib, 150 ming atrofida ish oʻrni yaratilayapti.

Joriy yilda davlat investitsiya dasturlari asosida 21 trillion soʻmlik loyihalar amalga oshiriladi. Shuningdek, bu yil 37,5 milliard dollarlik xorijiy va hududiy investitsiya loyihalari nazarda tutilgan.

Shunga mutanosib ravishda davlat tomonidan ilm, taʼlim va innovatsiyaga eʼtibor qaratilmoqda. Masalan, oʻtgan toʻrt yilda 1 ming 727 ta amaliy, innovatsion, fundamental va startap loyihalarga 2,2 trillion soʻm yoʻnaltirilgan. Tadqiqot, tajriba-konstruktorlik uchun xarajatlar 2 barobar oʻsgan.

Lekin bu boradagi natijalar, yuqori malakali muhandislar hali yetarli emas. Oliy oʻquv yurtlari bilan sanoat oʻrtasida uzilish bor.

Shu bois yigʻilishga texnika yoʻnalishidagi muassasalar rektorlari ham taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari avvalo sohadagi muammolarga toʻxtalib oʻtdi.

Yurtimizda texnika yoʻnalishidagi 36 ta davlat oliygohida yiliga 67 ming bitiruvchi chiqadi. Ammo ulardagi dastur va mutaxassisliklar ishlab chiqaruvchilar talabiga mos emas. Oqibatda muhandislarning 60 foizi oʻzi oʻqigan yoʻnalishda ishlamayapti.

Oliy taʼlim muassasalari fundamental tadqiqotlar oʻtkazish bilan cheklangan, iqtisodiyot uchun amaliy ishlanmalar juda kam. Muhandislik yoʻnalishida yuzlab startap va innovatsion loyihalar “qogʻoz”da qolib ketayapti.

Xorijiy universitetlarda “tannarx muhandisligi” “qiyoslash muhandisligi”, “qayta muhandislik” kabi ixtisosliklar bor. Bizdagi texnika oliygohlarida bu yoʻlga qoʻyilmagan. Oqibatda mahalliy sanoat tarmoqlari katta mablagʻ sarflab, ishchilarini xorijda oʻqitishga yoki chetdan mutaxassis olib kelishga majbur.

Oxirgi yetti yilda oliy taʼlim qamrovi 5 barobar oshgan boʻlsa-da yoshlarning muhandislik-texnikaga qiziqishi juda past. Universitet va ilmiy laboratoriyalarning ayrim uskunalari eskirgan. Koʻp professor-oʻqituvchilar amaliyotdan uzilib qolgan. Rektorlar korxonalarga borib, yangi texnologiyalar bilan tanishmaydi, uskuna va dastgohlarni oʻrganmaydi.

Soʻnggi toʻrt yilda oliy taʼlim muassasalarining ilmiy tadqiqot uchun tuzgan shartnomalari 3 karra koʻpaygan. Ulardan daromad 6 karra oshgan. Lekin ilmiy ishlanmalar natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish juda past. Ixtirolarni patentlashda ham hamma birdek emas.

Prezidentimiz sohani rivojlantirish uchun yangi tashabbuslarni maʼlum qildi.

Endi texnika yoʻnalishida oʻqitish va ilmiy-tadqiqot jarayonlari ilgʻor tajriba asosida toʻliq oʻzgaradi. 36 ta oliy oʻquv yurti va ularning filiallari bosqichma-bosqich yiriklashib, jami 20 ta oliygoh qoladi. Ular dual taʼlim tizimiga toʻliq oʻtadi.

Mehnat bozorida talab yoʻq mutaxassisliklar qisqaradi. Ayrim kafedralar birlashtiriladi. Dekanatlarning talabalarga xizmat koʻrsatish funksiyalari toʻliq raqamlashadi. Xorijdagi kabi “Registrator ofisi” tashkil qilinadi.

Har bir oliygoh Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Singapur kabi rivojlangan hamkor davlatlarimizni nufuzli texnika universitetlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi.

“Tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida, har bir oliygohga sanoat hamkori belgilab beriladi.

Barcha muhandislik oliygohlari hamkor korxonalarida kafedralar ochadi va dual taʼlimni yoʻlga qoʻyadi. Bunda, korxonalar kafedralarni jihozlash, oʻqituvchi va talabalarni ragʻbatlantirishga mablagʻ ajratadi. Talabalarning amaliyoti va bitiruv kursdagi taʼlimi toʻliq hamkor korxonalarda tashkil qilinadi.

Vazirlik va korxonalar tizimida 32 ta tarmoq kengashlari tashkil qilinadi. Ular institutlar bilan texnika sohalaridagi ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi va buyurtmachi boʻladi.

Shuningdek, birinchi bosqichda 10 ta oliygohda “Oliy muhandislik maktablari” ochiladi. Ularda ikki yillik amaliy magistratura dasturlari yoʻlga qoʻyilib, ishlab chiqaruvchilar buyurtmasi asosida nomzodlar saralab olinadi. Korxonalar “Oliy muhandislik maktabi”da laboratoriya ochish va jihozlashni moliyaviy qoʻllab-quvvatlaydi. Davlat ham byudjetdan mablagʻ ajratadi.

Endi oliy taʼlim muassasalarining tajriba ishlab chiqarish korxonalari maqomi qonun bilan mustahkamlanadi. Ularga IT-park rezidentlariga qoʻllanilayotgan imtiyozlar beriladi. Shoʻba korxonasi ishchisining kamida 60 foizi doktorant va talabalardan iborat boʻladi.

Kelasi yildan texnika yoʻnalishidagi loyihalarga davlat grantlari 4 karra oshiriladi. Korxonaga oliygoh bilan hamkor tashkilot ham taʼsischi boʻlishiga ruxsat beriladi.

Viloyat hokimlari va tarmoq rahbari ilmiy va ishlab chiqarish loyihalari uchun oliygohlarga 10 milliard soʻmgacha buyurtmani toʻgʻridan-toʻgʻri berishi mumkin boʻladi.

Investitsiya loyihalari qiymatining kamida yarim foizini ilmiy ishlarga ajratish tizimi joriy qilinadi.

Muhandislik yoʻnalishlari boʻyicha “eng yaxshi gʻoya”, “eng yaxshi loyiha” va “eng yaxshi ixtiro” respublika tanlovi oʻtkaziladi. Unda oʻqituvchilar, talabalar va amaliyotchi muhandislar ishtirok etishi mumkin boʻladi. Birinchi oʻringa elektromobil beriladi.

Shuningdek, gʻoya, loyiha va ixtiro muallifi boʻlgan eng zoʻr 10 nafar ishtirokchi Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Singapur kabi davlatlarga stajirovkaga yuboriladi.

Yigʻilish ochiq muloqot tarzida davom etdi. Tarmoq rahbarlari, olimlar, rektorlar va muhandislar sohada ilm-fan va taʼlimni rivojlantirish boʻyicha fikrlarini aytdi.

Ularning takliflari asosida alohida farmon loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

— Iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish uchun bizga yuqori malakali muhandis-texnologlar  suv bilan havodek zarur. Har bir vazir, tarmoq rahbari, rektor va professor-oʻqituvchi masʼuliyatni chuqur his qilib, qattiq ishlasa, izlansa, bunga albatta erishamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.