Muhim ijtimoiy loyihalar taqdimot qilindi

0
107
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 avgust kuni Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash hamda Toshkent shahrida xizmatlar sohasida yangi ish oʻrinlari tashkil etishga doir loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bugungi kunda Surxondaryo viloyati aholisining 46 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanmagan. 218 ta suv inshooti va 3 ming kilometrdan ziyod tarmoqlar taʼmirga muhtoj. Viloyatning janubiy tumanlari va Termiz shahrida suv mineralizatsiyasi miqdori oshgan.

Shu bois Prezidentimiz 2 iyun kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida “Toʻpalang” suv omboridan ichimlik suvi tarmogʻi tortish boʻyicha koʻrsatma bergan edi. Shunga muvofiq,  dastlabki loyiha ishlab chiqildi.

Loyihaga koʻra, “Toʻpalang” suv omborining quyi qismida bosimni soʻndirish, suvni tozalash va tarqatish inshootlari quriladi. U yerdan tumanlardagi suv taqsimlash uzellarigacha jami 361 kilometr quvur tortiladi. Bu tizim samarasida Sariosiyo, Denov, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon, Jarqoʻrgʻon, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi 1 million 700 ming aholining suv taʼminoti yaxshilanadi.

Loyihaning umumiy qiymati 138 million dollar boʻlishi hisob-kitob qilingan. Uni 2024 yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Davlatimiz rahbari loyihani maʼqullab, uni bosqichma-bosqich amalga oshirish boʻyicha koʻrsatma berdi. Qurilish ishlarini “Obod qishloq” dasturi bilan uygʻunlashtirish, suv taʼminoti boʻyicha davlat-xususiy sheriklikni yoʻlga qoʻyish zarurligini taʼkidladi.

Servis iqtisodiyotda ham, ijtimoiy hayotda ham katta ahamiyatga eaga. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 11 maydagi “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida bu sohani iqtisodiyotda muhim drayverga aylantirish va 2023 yilga qadar xizmatlar hajmini ikki baravarga oshirish maqsadi belgilangan. Shunga muvofiq, 2021-2023 yillarda xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha hududiy dasturlarni tasdiqlash vazifasi qoʻyilgan.

Bu borada Toshkent shahrining imkoniyatlari juda katta. Xususan, joriy yilning iyun-dekabr oylarida xizmatlar sohasida 415 mingta ish oʻrni yaratish moʻljallangan. Bu reja yangi tadbirkorlik subyektlari va tunu kun ishlaydigan savdo-koʻngilochar koʻchalar tashkil etish, oʻzini oʻzi band qilish, birinchi qavat va yertoʻlalarni ijaraga berish orqali amalga oshiriladi. Jumladan, iyun-iyul oylarida 24 ming kishi oʻzini oʻzi band qilgan, yangi tadbirkorlik subyektlarida 17 ming fuqaro ishli boʻlgan.

Prezidentimiz bu tajribani mamlakatimizning boshqa hududlarida ham tatbiq etish boʻyicha topshiriq berdi. Qonunchilikka oʻzgartirish kiritib, xizmat koʻrsatuvchilarga moliyaviy yengilliklar berish orqali ular faoliyatini rasmiylashtirish muhimligi taʼkidlandi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.