Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yoʻl qoʻymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

0
135
marta koʻrilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 22 avgust kuni oʻtkazilgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini yaratish, ushbu huquqlarni cheklayotgan omillarni bartaraf etish boʻyicha vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida, shuningdek, 2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq:

1. Xususiy mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqini bevosita yoki bilvosita cheklashni nazarda tutuvchi, mulkiy munosabatlarda bozor iqtisodiyoti tamoyillarini toʻliq joriy etishga toʻsqinlik qiluvchi quyidagi tartiblar, talablar va cheklovlar 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab bekor qilinsin:

a) er uchastkalariga boʻlgan huquqlardan foydalanish sohasida:

er uchastkalariga boʻlgan huquqning vujudga kelishi uchun asos boʻlgan hujjatlarni, shu jumladan, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hujjatlarini ularning oʻzi yoki yuqori turuvchi organ va mansabdor shaxslar tomonidan, xususan prokuror protesti asosida bekor qilish yoʻli bilan yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tugatish, bundan ushbu hujjatlarni sud tomonidan bekor qilish yoki haqiqiy emas deb topish holatlari mustasno;

er uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda unga boʻlgan huquqning bekor qilinishini Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan rasmiylashtirish. Bunda, yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechish toʻgʻrisida notarial tasdiqlangan ariza ushbu yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni bekor qilish uchun asos boʻlib hisoblanadi;

yuridik shaxs tugatilishi munosabati bilan uning yer uchastkasiga (qishloq xoʻjaligi yerlaridan tashqari) boʻlgan huquqlarini bekor qilish. Bunda, ushbu huquqlar yuridik shaxs muassislariga (ishtirokchilarga), agar qonunchilikda, taʼsis hujjatlarida yoki muassislar oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq boshqacha shartlar nazarda tutilmagan boʻlsa, ularning yuridik shaxsdagi ulushiga (qoʻshilgan hissasiga) mutanosib ravishda oʻtkaziladi;

er uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyishda kompensatsiya sifatida davlat mulkidagi boshqa koʻchmas mulk obyektini mulk qilib berish, bundan koʻp kvartirali uylarda joylashgan turar joy obyektlari mustasno;

b) turar joyga boʻlgan mulkiy huquqlarni amalga oshirish sohasida:

turar joyga nisbatan mulkiy huquqlarga yoki turar joy mulkdori bilan qarindoshlik aloqalariga ega boʻlmagan shaxslarni ushbu turar joydan doimiy roʻyxatdan chiqarish uchun ularning roziligini olish, bundan taraflar oʻrtasida boshqacha kelishuv tuzilgan holatlar mustasno;

sud tomonidan turar joyga nisbatan insofli egallovchi deb topilgan jismoniy shaxsdan ushbu turar joyni unga nisbatan mulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab uch yil oʻtgach natura shaklida talab qilib olish;

v) jismoniy va yuridik shaxslarga mulk huquqi bilan tegishli boʻlgan bino va inshootlar, transport vositalaridan foydalanish sohasida – mulkiy huquqlarning vujudga kelishi uchun asos boʻlgan maʼmuriy hujjatlarni ushbu hujjatni qabul qilgan yoki yuqori turuvchi maʼmuriy organ va mansabdor shaxslar tomonidan, xususan prokuror protesti asosida bekor qilish yoʻli bilan huquqlarni tugatish, bundan ushbu hujjatlarni sud tomonidan bekor qilish yoki haqiqiy emas deb topish holatlari mustasno;

g) korporativ munosabatlar sohasida:

davlat organlari tomonidan davlat ishtirokidagi korxonalar mol-mulkini tasarruf etish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar yoki boshqa koʻrinishdagi maʼmuriy hujjatlar qabul qilish amaliyoti. Bunda, xoʻjalik jamiyatining ustav fondidagi (kapitalidagi) davlat ulushiga (aksiyalariga) egalik qiluvchi davlat organlari ulushdor (aksiyador) sifatida qarorlar qabul qilishni (ovoz berishni) yuqori turuvchi davlat organi bilan yozma tarzda kelishib olishi mumkin;

yuridik shaxslarning ustav fondidagi (kapitalidagi) garovga qoʻyilgan ulushlarni (qoʻshilgan hissalarni) garovga oluvchining roziligisiz tasarruf etish amaliyoti. Bunda, mazkur rozilik olinmaganligi taʼsis hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirishlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish uchun asos boʻlib hisoblanadi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.

2. 2023 yil 1 yanvardan boshlab Kadastr va koʻchmas mulklarni roʻyxatdan oʻtkazish integratsion axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda – UZKAD tizimi) koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reestri hamda koʻchmas mulk obyektlari haqidagi maʼlumotlar yuritiladigan, maʼlumotlarining haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadigan yagona axborot tizimi etib belgilansin.

Bunda:

UZKAD tizimiga Garov reestri, “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi, Koʻchmas mulk obyektlari manzillari yagona reestri, Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reestri, Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining yagona reestri, “Davlat mulki” axborot tizimi, Nodavlat notijorat tashkilotlar va ularning boʻlinmalari reestri, litsenziyalar, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar reestrlari va koʻchmas mulk obyektlariga oid maʼlumotlar yuritilayotgan boshqa barcha davlat axborot tizimlari integratsiya qilinadi hamda real vaqt rejimida onlayn maʼlumot almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi;

onlayn maʼlumot almashinuvi paytida koʻchmas mulkka boʻlgan huquq qogʻoz shaklida yoki boshqa axborot tizimida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi, shu sababli UZKAD tizimida boʻlmaganligi aniqlangan taqdirda, uch kun ichida ushbu huquq UZKAD tizimida haq undirmasdan va ariza talab qilmasdan davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi va maʼlumot taqdim etiladi;

koʻchmas mulk bilan bogʻliq bitimlarni rasmiylashtirish va davlat roʻyxatidan oʻtkazish UZKAD tizimidagi maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi, koʻchmas mulk haqida ushbu tizimda boʻlmagan boshqa maʼlumotlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, maʼlumotlarning haqqoniyligi davlat tomonidan kafolatlanadi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno;

jismoniy va yuridik shaxslarga soliqlarni hisoblash, notarial harakatlarni rasmiylashtirish, davlat xizmatlari, bank, kommunal, sugʻurta va boshqa ommaviy xizmatlarni koʻrsatishda koʻchmas mulkka oid barcha maʼlumotlar tegishli davlat organlari hamda xizmat koʻrsatuvchi shaxslar tomonidan UZKAD tizimidan olinadi;

Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reestriga kiritilgan yozuvlar va koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha “mulk tarixi”ga oid maʼlumotlar jismoniy va yuridik shaxslar uchun ochiq boʻladi va ulardan haq evaziga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali foydalaniladi, davlat siriga oid hamda “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilgan maʼlumotlar bundan mustasno.

Kadastr agentligi qogʻoz shaklida yoki boshqa axborot tizimlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar haqidagi maʼlumotlarni har bir koʻchmas mulk obyektini bosqichma-bosqich identifikatsiyalagan holda UZKAD tizimiga toʻliq oʻtkazsin.

3. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan zararlarning oʻrnini jismoniy va yuridik shaxslarga qoplash boʻyicha respublika markazlashtirilgan jamgʻarmasi – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish boʻyicha respublika maqsadli jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – respublika kompensatsiya jamgʻarmasi) etib;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi Yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan zararlarning oʻrnini jismoniy va yuridik shaxslarga qoplash boʻyicha hududiy markazlashtirilgan jamgʻarmalar – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish boʻyicha hududiy maqsadli jamgʻarmalar (keyingi oʻrinlarda – hududiy kompensatsiya jamgʻarmalari) etib qayta nomlansin.

4. Mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda, 2023 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilar natijasida etkazilgan zararlar respublika va hududiy kompensatsiya jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan qoplab berilishi belgilansin:

koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reestriga noqonuniy yoki haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarning kiritilishi natijasida ularga ishonib harakat qilgan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zarar;

davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va xizmatchilarining qonunga xilof deb topilgan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) natijasida mulkdorga yetkazilgan va sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan zarar;

tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning qonunga xilof deb topilgan harakatlari (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan zarar va maʼnaviy ziyon;

mazkur Farmonning 1-bandi “b” kichik bandida nazarda tutilgan hollarda turar joy insofli egallovchidan talab qilib olinmasligi natijasida mulkdorga yetkazilgan zarar.

5. Belgilab qoʻyilsinki:

ushbu Farmonning 4-bandiga asosan respublika va hududiy kompensatsiya jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan toʻlovlar keyinchalik aybdor shaxslardan toʻliq miqdorda regress tartibida undirib olinadi, bundan mazkur bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollar mustasno;

qonunchilikda ushbu Farmonning 4-bandida nazarda tutilgan zararlarni qoplashning boshqa manbalari belgilangan hollarda, kompensatsiya toʻlovlari respublika va hududiy kompensatsiya jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan amalga oshirilib, keyinchalik ushbu manbalar hisobidan qoplab beriladi;

sudning qarori bilan zararni qoplash zarar yetkazilishida aybdor boʻlgan mansabdor shaxslar zimmasiga yuklanmagan va (yoki) regress tartibida undirib olish shartisiz davlat tomonidan qoplab berilishi koʻrsatilgan hollarda, respublika va hududiy kompensatsiya jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan toʻlovlar Davlat byudjetidan qoplab beriladi.

6. Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy sud, Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Savdo-sanoat palatasining mulk huquqi daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvni cheklash maqsadida quyidagi huquqiy institutlarni qonunchilikda va yuridik amaliyotda qoʻllash koʻlamini yanada kengaytirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:

a) fuqarolik huquqlarini himoya qilish usullarini, bunda:

insofli egallovchining mulkiy huquqlari himoya qilinadi, mulkdorning buzilgan huquqlarini tiklashning moliyaviy mexanizmlari qoʻllaniladi;

kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyilgan mol-mulk belgilangan tartibda auksion orqali sotilganda, kreditorning roziligiga koʻra, sotib oluvchiga mulkning qiymatini uch yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlash huquqi beriladi;

b) maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos boʻladigan xususiy mulk huquqini buzish holatlari roʻyxatini, bunda, mansabdor shaxslar va xizmatchilarning qonunda toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan holatlardan tashqari quyidagi harakatlari xususiy mulk huquqini erkin amalga oshirishga aralashish va daxlsizligini buzish deb hisoblanadi hamda ularga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortishgacha boʻlgan choralar qoʻllanilishiga asos boʻladi:

mulkka erkin egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf etishni cheklash, taqiq qoʻyish, mulkiy huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni asossiz rad etish yoki boshqacha har qanday koʻrinishda mulkdor yoki uning mulkiy huquqlariga taʼsir oʻtkazish;

mulkdorning xoʻjalik faoliyatiga yoki mol-mulkdan foydalanish natijasida olinadigan hosil va mahsulotni realizatsiya qilish hamda daromadlarni tasarruf etishga aralashish;

xususiy mulk obyekti va u joylashgan hududga, shu jumladan, turar joy boʻlmagan koʻchmas mulk obyektiga mulkdorning ruxsatisiz kirish, bu haqda uchinchi shaxslarga koʻrsatma berish;

mol-mulkni va unga boʻlgan huquqni boshqa shaxsga oʻtkazish, foydalanishga berish yoki boshqacha tarzda tasarruf etishga aralashish, bu toʻgʻrisida huquqiy hujjat qabul qilish;

mulkdorga uning ixtiyoriga zid tarzda mol-mulki bilan bogʻliq ijtimoiy, iqtisodiy yoki boshqa davlat va jamoatchilik vazifalarini yuklash yoxud nomaqbul shartlarni qoʻyish;

mol-mulkdan mulkdorning roziligisiz va tegishli haq toʻlamasdan foydalanish;

mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanishga oid maʼlumotlarni soʻrash yoki bunday maʼlumotlarni mulkdorning ruxsatisiz ishlatish;

mulk va mulkiy huquqlardan sud qarorisiz mahrum etish yoki mulkdorga ulardan voz kechishga qaratilgan har qanday jismoniy, ruhiy yoki boshqa shakldagi majburlov choralar qoʻllash, tazyiq oʻtkazish yoxud mol-mulkni tasarruf etishga doir asossiz talablarni qoʻyish;

v) qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlarni, shu jumladan, uning zaruriy mudofaa turini, bunda:

mulkdor yoki uning vakili oʻz mulkini har qanday tajovuzdan huquqni buzishga mutanosib ravishda va huquq buzilishining oldini olish uchun zarur harakatlar doirasida, shu jumladan, zaruriy mudofaa holatida oʻzi himoya qilish huquqiga ega boʻladi;

koʻchar mulk oʻzboshimchalik bilan olib qoʻyilganda mulkdor taʼqib qilish orqali uni qaytarib olishi, koʻchmas mulkka nisbatan esa unga oʻzboshimchalik bilan kirgan yoki egallab olgan shaxsni chiqarib yuborish orqali egaligini tiklashi mumkin boʻladi;

mulkni oʻzboshimchalik bilan egallash yoki unga kirish yoxud mulk daxlsizligini boshqacha tarzda buzish qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi;

g) gumon qilinuvchi, ayblanuvchining mulkiy huquqlariga nisbatan “Xabeas korpus” institutini, bunda, curishtiruvchi va tergovchining mol-mulkni xatlash bilan bogʻliq qarorlarini koʻrib chiqish uchun sudga kiritish nazarda tutiladi;

d) davlat organlari, jismoniy va yuridik shaxslarning sudga murojaat qilish huquqlarini davlat boji orqali tartibga solish tizimini, bunda:

davlat organlari va tashkilotlari sudlarda davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan holatlarni qisqartirib, ularning jismoniy va yuridik shaxslarning mulkiy huquqlarini cheklash, mahrum qilish yoki boshqa har qanday koʻrinishda taʼsir qilishga qaratilgan daʼvolari, arizalari va shikoyatlari uchun umumiy asoslarda davlat boji toʻlanishi, davlat bojini toʻlash boʻyicha mablagʻlar byudjet tashkilotlarining xarajatlar smetalariga kiritilishi, ushbu mablagʻlardan oqilona va asosli foydalanilayotganligini nazorat qilish nazarda tutiladi;

fuqarolik sudlarida mol-mulkni oʻzganing noqonuniy egaligidan talab qilib olish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan daʼvogarlar (davlat organlari va tashkilotlari bundan mustasno) davlat bojini toʻlashdan ozod qilinadi, bunda daʼvogarning daʼvo talablarini qanoatlantirish toʻliq yoki qisman rad etilgan taqdirda, undan talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda davlat boji undirish nazarda tutiladi;

iqtisodiy sudlarda mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan regressiv (daʼvo qiymati oshishiga qarab davlat boji stavkasi proporsional ravishda tushib boradi) davlat boji stavkalarini qoʻllash joriy etiladi.

7. Adliya vazirligi Bosh prokuratura, Oliy sud, Ichki ishlar vazirligi, Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga quyidagi qonun loyihalarini kiritsin:

Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirdagi loyihasini, loyihada ushbu qonun qabul qilinishi munosabati bilan Fuqarolik, Soliq, Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslar va boshqa qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutsin;

tadbirkorlik subyektlarining bankdagi hisobvaraqlaridan pul mablagʻlarini asossiz hisobdan chiqarganlik, ortiqcha undirilgan va toʻlangan pul mablagʻlarini tadbirkorlik subyektining birinchi talabiga binoan qaytarmaganlik uchun javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini.

8. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Adliya vazirligi va Moliya vazirligi uch oy muddatda davlat mulki obyektlarini respublika mulki va munitsipal mulk obyektlariga ajratish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari toʻplamini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, bunda quyidagilar nazarda tutilsin:

respublika mulki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar munitsipal mulki, tuman (shahar) munitsipal mulki obyektlarining namunaviy roʻyxati;

respublika mulki obyektlarini boshqarishda Vazirlar Mahkamasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, boshqa davlat organlari va davlat mulkidan foydalanuvchilarning vazifalarini aniq chegaralash;

respublika mulki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar munitsipal mulki, tuman (shahar) munitsipal mulki obyektlarini boshqarish boʻyicha vakolatli tuzilmalarni, ularning vazifalarini belgilash;

2025 yilga qadar bosqichma-bosqich respublika mulki obyektlarini respublika byudjetidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) munitsipal mulki obyektlarini tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika byudjeti va tegishli mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan saqlash tizimiga oʻtish.

9. Vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa davlat tashkilotlari 2022 yil yakuniga qadar oʻzlari hamda tizim tashkilotlari boshqaruvidagi davlat koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning kadastr organlarida qonunchilikda belgilangan tartibda toʻliq davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.

Belgilansinki, 2023 yil 1 yanvardan boshlab tegishli huquqlari kadastr organlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan davlat koʻchmas mulk obyektlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan rasmiylashtiriladigan dalolatnoma asosida uning tegishli hududiy boshqarmasiga operativ boshqaruv huquqi asosida begʻaraz oʻtkaziladi.

10. Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yoʻl qoʻymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

11. Adliya vazirligiga Xalqaro mulk huquqlari indeksida (IPRI) Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini tizimli tahlil qilib borish va uni yaxshilash boʻyicha takliflar ishlab chiqish vazifasi yuklatilsin.

12. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilikka mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov va adliya vaziri R.K.Davletov belgilansin.

Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2023 yil 1 yanvarga qadar, keyinchalik har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                          Sh.MIRZIYOYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.