Munosabatlarning shonli tarixi bugungi hamkorlik uchun mustahkam poydevor

0
126
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Xiva shahriga tashrif buyurdi.

Kecha boʻlib oʻtgan muzokaralar yakunida davlatimiz rahbari oʻzbek va ozarbayjon xalqlari munosabatlarining shonli tarixi bugungi koʻp qirrali hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratganini taʼkidlagan edi.

Haqiqatan ham, qardosh xalqlarimiz azaldan bordi-keldi qilib, bir-birining madaniyatini boyitgan. 2500 yildan ziyod tarixga ega Xiva bunda muhim oʻrin tutgan.

Shu jihatdan, Oʻzbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarining bu qadimiy shaharga tashrifi katta maʼnoga ega.

Ichan qalʼa nodir shahar-yodgorlik sifatida diqqatga sazavor. Bu yerda 120 dan ziyod meʼmoriy obidalar bor. Shu bois Xiva shahri 1990 yil 12 dekabrda YUNYeSKO Madaniy meros roʻyxatiga kiritilgan.

Davlat rahbarlari Ota darvozadan kirib, Koʻk minora, Koʻhna ark saroyi, Shergʻozixon madrasasi, Juma masjidi, Tosh hovlini tomosha qildi, Allomalar muzeyi bilan tanishdi.

 Xorazmcha qoʻshiq va raqslar ijrosi mehmonlarga koʻtarinki kayfiyat baxsh etdi.

Prezidentlar Ichan qalʼa yaqinidagi Nurillaboy saroyini ham borib koʻrdi.

Bu majmuani 1884 yilda Xiva xoni Muhammad Rahimxon Feruz qurdirgan. Keyinchalik qoʻshimcha binolar ham barpo etilib, beshta hovlidan tashkil topgan. Saroyda ham sharqona, ham yevropacha uslubdagi arxitektura ajoyib tarzda uygʻunlashgan. Yana bir eʼtiborli jihati, XX asr boshlarida koʻpgina siyosiy jarayonlar aynan shu saroyda kechgan.

Xivaning davlatchilik va ilm-fan rivojida tutgan oʻrni, qadimiy obidalari va sanʼati ozarbayjonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.