“Muslim traveler”: Bir kunni oʻzida ham qor, ham sakura gullari, ham dunyodagi eng qadimgi Qurʼon musʼhafini yana qayerda uchratish mumkin?!

0
433
marta koʻrilgan.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Indoneziyaning “Net TV” telekanali bilan hamkorlikdagi loyihasi “Muslim traveler” koʻrsatuvi ijodkorlari yurtimizning eng goʻzal manzillarini kashf etishda davom etmoqda.

Ijodkorlar dastlabki kunni ziyoratgohlarga sayrdan boshlagan boʻlsa, keyingi kun erta tongdan tabiat qoʻyniga sayohat zavqi bilan Chimyon togʻlariga yoʻl olishdi. Indonez sayyohlariga jonu dili boʻlgan qor va changʻi uchish majmuasi mehmonlarni bir necha soat eʼtibori va fotokameralarini band etdi. Tasvirga olish ishlarida Toshkent viloyati hokimining turizm masalalari boʻyicha oʻrinbosari yaqindan koʻmak berdi.

Kunning ikkinchi yarmida shaharga qaytib, indonez mehmonlar taʼrifi bilan aytganda, «juda keng va ozoda koʻchalar» boʻylab sayr uchun Toshkentning koʻzga koʻringan saylgoh va madaniy hordiq markazlariga yoʻl olishdi. Sayyohlarning eng sevimli saylgohlaridan biri sanalgan Amir Temur hiyoboni va Sohibqiron haykali orqali yurtimizning tarixiga nazar tashlandi, shaharsozlikning yuksak naʼmunalarini yaratgan bobomiz davomchilari yangi avlodlar bunyod etayotgan koʻrkam binolar namoyish etildi.

Saylgohda boshlovchi Shaza Belladona mahalliy badiiy sanʼat ustalari ishlarini kuzatib, oʻzining portretini chizdirishga jazm qildi. Natijadan koʻngli toʻlib, Indonez sayyohlariga albatta ushbu manzilda bir toʻxtab, mahalliy musavvirlar xizmatidan foydalanishga tavsiya berishini aytib oʻtdi.

Yurtimizda sayyohlarga gid xizmatlari koʻrsatish sohasida ham katta ishlar qilinayotgani, yoshlarning turli xorijiy tillarni mukammal egallayotgani haqida gapirib, boshlovchi Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Sanjar Turdiyevni suhbatga tortdi. Aynan Sanjar bilan suhbat orqali yurtimizda 2004 yildan beri Indonez tiliga boʻlgan qiziqish, sayyohlar uchun yurtimizda yaratilayotgan qator sharoitlar haqida Indonez tilida maʼlumotga ega boʻlishdi. Keyingi manzil esa, poytaxtimiz mehmonlarini befarq qoldirmaydigan Alisher Navoiy nomidagi Opera va balet teatri boʻldi. U yerda yurtimizda opera va balet sanʼatiga boʻlgan qiziqish ham yuqori darajada ekanligini va sanʼatsevar oʻzbek xalqini yana bir karra kashf etishdi.

“Net TV” telekanalining yurtimizga tashrifi va tasvirga olish ishlarining qizgʻin jarayoni haqida «Dunyo boʻylab» telekanalida maxsus koʻrsatuv tayyorlanmoqda. Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va «Dunyo boʻylab» telekanali ijodiy jamoasi bilan birgalikda amalga oshiriladigan bu singari loyihalar yurtimizda tashqi va ichki turizmni rivojlantirishga ham hissa qoʻshadi.

Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.