Muzokaralar keng doirada davom etdi

0
80
marta koʻrilgan.

Shavkat Mirziyoyev va Sooronboy Jeenbekov muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibdagi muzokarada davom ettirdilar,  deya xabar bermoqda prezident. uz  saytida. 

Unda asosiy eʼtibor Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport kommunikatsiyalari, ilmiy-texnikaviy, bank-moliyaviy, madaniy-gumanitar va hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, energetika, sanoat, qishloq va suv xoʻjaligi, turizm va boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlash masalalariga qaratildi.

Savdo-iqtisodiy aloqalar rivojida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya muhim oʻrin tutmoqda. Ikki mamlakat Bosh vazirlari mazkur komissiyaning hamraislari etib tayinlangani tomonlarning oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga yuksak eʼtiboridan dalolat beradi.

Keyingi paytda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash koʻrsatkichi surʼat bilan yuksalmoqda. Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida oʻzaro savdo hajmi 56 foizdan ziyodga oʻsib, 235 million dollardan oshdi.

Ammo, muzokarada taʼkidlanganidek, bu koʻrsatkich ikki mamlakatning mavjud imkoniyatlarini toʻliq aks ettirmaydi. Ikki tomonlama tovar ayirboshlash nomenklaturasini diversifikatsiya qilish va yaqin yillarda uning hajmini 500 million dollarga yetkazish borasida ulkan salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Tashqi savdo infratuzilmasi va eksport-import operatsiyalarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini faol rivojlantirish, birgalikda savdo uylari ochish, biznes-forumlar va sanoat mahsulotlarining milliy koʻrgazmalarini oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi.

Qirgʻiziston Prezidentining rasmiy tashrifi doirasida tashkil etilgan sanoat mahsulotlari koʻrgazmasi va ishbilarmonlarning muzokaralarida ikki mamlakatdan koʻplab yetakchi biznes vakillari ishtirok etgani, uning yakunida 140 million dollarlik shartnomalar imzolangani savdo-iqtisodiy munosabatlar jadal rivojlanish pallasiga kirganini namoyon qiladi.

Iqtisodiy hamkorlik haqida soʻz borar ekan, Qirgʻiziston Respublikasi hududida Oʻzbekistonning qishloq xoʻjaligi texnikasi, yengil avtomobillari, avtobuslari, maxsus pritseplari va maishiy buyumlarini birgalikda yigʻishni tashkil qilish loyihalarini amalga oshirish hamda qurilish materiallari va toʻqimachilik sanoatida qoʻshma korxonalar tuzish zarurligi qayd etildi.

Tomonlar bu loyihalar bilan cheklanmasdan, sanoat kooperatsiyasi sohasida istiqbolli yoʻnalishlarni birgalikda topishga kelishib oldilar.

Ishbilarmonlarning tashriflarini tashkil qilish, hamkorlikning barcha sohalarida qoʻshma tadbirlar oʻtkazish, ikki mamlakat fuqarolari oʻrtasidagi aloqalarni  kengaytirish orqali Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasida hududlararo hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga bundan buyon ham alohida eʼtibor beriladi.

Qirgʻiziston tomoni Oʻzbekistonning ikki mamlakat Bosh vazirlari rahbarligida Hokimlar va chegaradosh viloyatlar maʼmuriyatlari rahbarlari kengashining birinchi majlisini oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifini qoʻllab-quvvatladi.

Prezidentlar qisqa muddatda jahon bozorlariga chiqish imkonini beradigan transport va tranzit yoʻlaklarni rivojlantirish sohasida ikki tomonlama hamkorlik strategik ahamiyatga egaligini qayd etdilar.

Davlat rahbarlari «Oʻzbekiston-Qirgʻiziston-Xitoy» temir yoʻlining qurilishi imkon qadar tezlashtirish mintaqa mamlakatlarining tub manfaatlariga xizmat qilishini alohida taʼkidladilar. Bu Markaziy Osiyoni jozibadorligini oshirish va uning tranzit salohiyatini yuzaga chiqarish imkonini beradi.

2017 yil 30 oktyabr-3 noyabr kunlari «Andijon-Oʻsh-Irkishtom-Qoshgʻar» yoʻnalishi boʻyicha oʻtkazilgan tajribaviy avtopoygaga yuksak baho berildi. U mintaqadagi transport yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilishda yana bir muhim omil boʻldi.

Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasida suv-energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bu masalalarni konstruktiv tarzda yechish uchun Qoʻshma ikki tomonlama suv xoʻjaligi komissiyasini tuzish va yaqin vaqt ichida uning majlisini oʻtkazishga kelishib olindi.

Gumanitar hamkorlik masalalari muhokama qilinar ekan, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston xalqlarining urf-odatlari, madaniyati, qadriyatlari mushtarakligi taʼkidlandi. Bizning tilimiz, dinimiz, tarix va merosimiz bir. Bu jihatlar madaniy-gumanitar aloqalar rivojida muhim omil boʻlmoqda. Oʻzbekistonda qirgʻiz tili va madaniyati, Qirgʻizistonda oʻzbek tili va madaniyatini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Buning natijasi oʻlaroq, joriy yilda Qirgʻiziston teatr ijodkorlari Fargʻona vodiysida, oʻzbekistonlik sanʼatkorlar Oʻsh, Oʻzgan, Aravon, Novqat, Qorasuv, Jalolobod shaharlarida ijodiy safarda boʻldi. Qirgʻizistonda Oʻzbekiston madaniyati kunlari oʻtkazildi.

Davlat rahbarlarining kelishuviga binoan kelasi yil Oʻzbekistonda xalqlarimiz intiqib kutgan Qirgʻiziston madaniyat kunlari boʻlib oʻtadi. Shu bilan birga, 2018 yilda ikki xalq Qirgʻizistonning atoqli adibi Chingiz Aytmatov yubileyini keng nishonlaydi.

Shu munosabat bilan Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti davlatimiz rahbariga Oʻzbekiston Milliy universitetida zabardast qirgʻiz oʻgʻloni Chingiz Aytmatovning hayoti va ijodiga bagʻishlangan doimiy koʻrgazma tashkil qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.