Nafis va nozik kasb sohibasi

0
198
marta koʻrilgan.

Akbarova Gulnora yetmishdan oshganida  “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi. Keksalik gashtini surayotganda-ya deyishingiz mumkin. Opa ana shu ulugʻvor yoshida hamon tetik, hamon gʻayratli va hamon tashabbuskor. Hamon safda.

Gulnora Ilyasovna faoliyat yuritayotgan soha juda nozik didni, chuqur bilimni, muntazam oʻqib izlanishni, kitoblar titkilashni, bir soʻz bilan aytganda tinib-tinchimaslikni talab qiladi. Bu qanday kasb deb qiziqayotgan boʻlishingiz tabiiy.

Opa Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligining badiiy ekspertiza boshqarmasi bosh sanʼatshunos-eksperti. Madaniyat vazirligi huzuridagi ushbu boshqarmada 25 yildan buyon faoliyat yuritib keladi.   Undan avval  oʻzi oʻqigan  – Mannon Uygʻur nomidagi Toshkent Davlat sanʼat instituti (hozirgi Oʻzbekiston sanʼat va madaniyat instituti)da pedogog sifatida deyarli yarim asr ishladi. Sanʼatshanos olim, fan nomzodi, dotsent.

– Institutda ishlab yurganimda  qadimgi sanʼat yodgorliklarini baholash boʻyicha qonun tayyorlanadigan boʻldi.  Shu sohada dars berayotganim uchun meni ham qonun yaratuvchi ijodiy guruhga kiritishdi. Oʻshanda xorijiy mamlakatlarning qonunlarini qiyosiy oʻrganib chiqdim va mamlakatimiz qonunini tayyorlanayotganda milliy xususiyatlarimizni  eʼtiborga olib oʻz mulohazalarimni bildirdim. Mana shundan beri deyarli 25 yildan ortiq muddat  oʻtdi.  Qonunni qayta tahrir qilish vaqti yetdi. Oʻshanda biz 50 yil avval yaratilgan asarlar ham qadimiy  hisoblanadi deb aytganmiz. Bu sanani qayta koʻrib chiqish kerak.  Bizda rassomchilik sanʼati   oʻtgan asrning 20 yillarida keng tus oldi. Respublikamizga kelib ijod qilgan rus rassomlari qatorida oʻzbeklardan yosh tasviriy sanʼat ijodkorlari yetishib chiqdi. Bu yangi bir davrning boshlanashi edi.  U asarlar yoʻqolib ketishi mumkin emas. Oʻzbek sanʼatshunosligida bu yillar  ulugʻvor bir davrni ifodalaydi. Undan avval kitoblarga chizilgan miniatyuralar esa  oʻziga xosligi qadimiy va nayob asarligi bilan ajralib turadi. Asosan kitoblarda ifodalangan bu  asarlarni ham alohida asrash kerak. Xullas biz oʻsha paytda mustaqil Oʻzbekiston uchun zudlik bilan qabul qilinishi kerak boʻlgan qonunni yaratdik.   Endilikda uni yanada takomillashtirish kerak – deydi sanʼatshunos olima.

Gulnora opa terilarga bitilgan qadimiy bitiklar, hujjatlar, kitoblar, chinnilar, kulolchilik, kandakorlik, daraxtlarga yasalgan naqshlar  namunalari bu bizning, xalqimizning ulugʻvor boyligi, ularning ijodkorlari bilan faxrlanamiz. Qadimiy sanʼat asarlarini asrab avaylashimiz, sovetlar davrida mamlakatdan chiqib ketgan  moʻjizamonand ijod namunalarini qaytarishni iloji boʻlmasa odamlarning qoʻlida saqlanayotgan ijod namunalarini asrab qolish kerakligi haqida jon kuydirib gapirdi.

– Yuridik shaxslardan tashqari jismoniy shaxslardan ham buyurtmalar olinadimi? Mahsulotning qiymati aniqlab berilishi uchun qonunda narx — navolar belgilanganmi?

– Ha. Qiymatini belgilab berishimiz mumkin. Biroq bizning ham majburiyatlarimiz bor. Bu sanʼat  moʻjizalari sir saqlanishi darkor. Biz ularni arxivimizda nomerlashtirib qoʻyamiz va qatʼiy sir saqlaymiz. Koʻpincha bizga bu meni shaxsiy mulkim – bobomdan, momomdan qolgan. Men uni istaganimcha sota olmaymanmi, deya murojaat qilishadi.  Qadimiy sanʼat moʻjizalarining bari bu  umumxalq mulki, uni farzandingizga meros sifatida qoldirishingiz mumkin.  Farzandingiz ham uni sota olmaydi. Agar sotish niyatingiz boʻlsa, qadr- qiymatiga qarab davlatimiz sotib oladi, deya tushintiramiz. Shuningdek, tasodifiy qoʻlga tushgan topilmalar bor.  U ham oʻzbek halqining mulki, uni faqat davlatgina sotib oladi. Maʼlum foyizi topgan kishiga beriladi. Insonlarga shu masalalarni tushintirishimiz darkor boʻladi. Bizning tashkilotimiz ana shunday savob ishlarga,  oʻzbek xalqining ijodiy boyliklarini asrashga, har birining qadr-qiymatini belgilab berishga xizmat qiladi.

Xorijiy koʻrgazmalarga amaliy sanʼat namunalari olib ketiladi. Ularni toʻliq qaytib kelishiga ham masʼul boʻlsangiz kerak.

– Albatta.  Har bir namunaning taʼrifu tavsifini va qiymatini belgilab beramiz va ularning roʻyxatini  tegishli tashkilotlarga topshiramiz. Ular roʻyxatga qarab xorijga  chiqarishadi va shunga qarab qabul qilib olishadi.

Oʻzbek xalqining moʻjizalarini asrab avaylashga munosib hissa qoʻshayotgan opaginamizni  yuksak davlat mukofoti bilan yana bir bor qutlaymiz. Ishlarida  omadlar tilaymiz.

Raʼno Zaripova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.