Koronavirus infeksiyasining dunyo miqyosida keng tarqalib borayotganligi sababli xorijiy davlatlardagi yurtdoshlarimiz muntazam ravishda maxsus reyslarda mamlakatimizga olib kelinmoqda.
Jumladan, Namangan xalqaro aeroportiga qoʻngan ikkita reysda Latviya va Eron davlatlaridan fuqarolarimiz olib kelindi. Tegishli dizenfeksiyalash ishlaridan soʻng, yoʻlovchilar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, avtobuslarda 14 kunlik karantin uchun maxsus tayyorlangan muassasalarga olib ketildi.
Ayni paytda ulardan bir guruhi “Kosonsoy” sihatgohiga joylashtirilgan. Dam olish maskanida ularning belgilangan muddatda istiqomat qilishlari uchun zarur sharoitlar muhayyo etilganiga guvoh boʻlish mumkin.
– Karantinga olingan hamyurtlarimizning salomatligi qatʼiy nazoratga olingan, – deydi “Kosonsoy” sanatoriysi faoliyati va holati boʻyicha masʼul Tohirjon Turdiyev. – Tegishli shifokorlar guruhi ish olib bormoqda. Dori-darmon va dizinfeksiyalash vositalari zahirasi yaratilgan. Karantindagilar vaqtlarini koʻngilli oʻtkazishlari uchun sport jihozlari mavjud. Savdo xizmati ham yoʻlga qoʻyilgan. Sihatgoh oshxonasida 3 mahal issiq ovqat berilyapti.
Cogʻliqni saqlash vazirligi rasmiy kanali — @ssvuz