Namanganda uchta elektr stansiyasi qurilishi boshlandi

0
45
marta koʻrilgan.

25 mart kuni Namangan viloyatida yangi elektr stansiyalari qurilishiga bagʻishlangan marosim boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Soʻnggi yillarda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryoda 1,6 gigavattli 9 ta quyosh va shamol elektr stansiyalari tarmoqqa ulandi. Andijon, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 183 megavattli 6 ta gidro elektr stansiyasi ishga tushirildi.

Bugungi kunda Namanganda jami 913 megavatt generatsiya quvvati mavjud. Soʻnggi uch yilda elektr isteʼmoli 24 foizga oʻsgan va bu, tabiiyki, davom etadi.

Shu bois viloyatda jami qiymati 1,1 milliard dollar, quvvati 1 ming 228 megavatt boʻlgan uchta majmua loyihalashtirildi. Bular gidroelektr stansiyalar kaskadi hamda ikkita quyosh elektr stansiyasidir.

Jumladan, “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati 434 million dollar evaziga Uychi tumani, Norin daryosida 228 megavattli 6 ta “GES kaskadi”ni barpo qiladi. Buning natijasida yiliga 1 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, 310 million metr kub gaz iqtisod qilinadi, 430 ming xonadonga elektr uzatiladi.

Yana bir eʼtiborli tomoni, ushbu GES toʻliq yurtimizda ishlab chiqarilayotgan uskuna va texnologiyalar hisobiga quriladi. Yaʼni u mamlakatimizda “birinchi milliy GES” boʻladi. 

Bu stansiyalarda 133 kishi, qurilish davrida 4 ming odam ishlaydi.

Pop tumanida Germaniyaning “Hyper Partners GmbH” kompaniyasi tomonidan 500 megavatt quvvatli quyosh elektr stansiyasi quriladi.  Mazkur loyihaning qiymati 350 million dollar boʻlib, yillik ishlab chiqarish hajmi 1 milliard 95 million kilovatt-soatni tashkil etdi. 

Birlashgan Arab Amirliklarining “Tepelen Group Holding Limited” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi quyosh elektr stansiyasi ham Popda quriladi. Uning ham qiymati 350 million dollar, quvvati 500 megavatt boʻladi.

Ushbu stansiyalarni shu yil yakuniga qadar tarmoqqa ulash koʻzda tutilgan. Ularda 120 kishi doimiy ish oʻrniga ega boʻladi.

Mazkur loyihalar natijasida Namangan viloyatining generatsiya quvvatlari 2 141 megavattga yetadi. Yillik 7,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu esa viloyatning elektr energiyasiga boʻlgan 5,5 milliard kVt soatlik talabini toʻliq qoplaydi. Ortgan 30 foiz elektr Andijon va Fargʻona viloyatlariga yoʻnaltiriladi.

Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, mazkur yirik energetika loyihalari qurilishini boshlab berdi.

— Odamlarimiz farovon yashashiga sharoit yaratish yangi Oʻzbekiston siyosatining asosiy poydevorlaridan biridir. Buning katta-kichik loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish, ularning barqaror faoliyati uchun uzluksiz energiya taʼminoti nihoyatda zarur. Shu maʼnoda, bugungi marosim ham tarixiy voqea. Barchangizni shunday yangi loyiha va tashabbuslar bilan tabriklayman, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Taʼkidlash joizki, 2025 yilda Pop va Uychi tumanlarida umumiy quvvati 200 megavatt boʻlgan elektr energiyasini saqlash tizimlari ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu loyihalar isteʼmol ortgan davrda yagona energetika tizimini rostlash va elektr energiyasini isteʼmolchilarga barqaror yetkazib berishga xizmat qiladi.

Shu yilning oʻzida respublikamizda 14 ta quyosh va shamol stansiyasini qurish doirasida 2,6 gigavatt quvvat tarmoqqa ulanadi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.