Shu kuni Namangandagi “Markaziy” stadioniga 25300 nafar muxlis tashrif buyurdi. Bu hozircha joriy mavsumdagi stadionga muxlislar tashrifi boʻyicha rekord natijadir.
Aslida Namangandagi stadionga 21913 nafar muxlis sigʻishi haqida avval xabar berib oʻtgandik. Lekin kecha katta futbolni sogʻingan muxlislar sevimli jamoalari ishtirokidagi uchrashuvni tomosha qilish uchun tribunalar zinalari, uning atroflaridan joy olishdi.
Namangandagi mavsumning ochilish marosimida Oʻzbekiston milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti va OʻFA 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov bilan birga Namangan viloyati hokimi, Namangan viloyati futbol assotsiatsiyasi prezidenti Xayrulla Bozorov, Namangan shahri hokimi, “Navbahor” klubi prezidenti Shavkat Abdurazzoqov ham ishtirok etdi.
“Navbahor” klubi 3-turdan oʻrin olgan uchrashuvda mamlakatning amaldagi chempioni “Lokomotiv” klubini 2:0 hisobida magʻlubiyatga uchratdi.