Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Xorazm viloyat boshqarmasi, Advokatlar palatasi Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi va boshqa davlat tashkilotlar bilan hamkorlikda Xorazm viloyatining Qoʻshkoʻpir tumanida “Fuqarolar davlat organlariga emas, davlat organlari fuqarolarga xizmat qilishi kerak!” shiori ostida “Huquqiy axborot kunlari” oʻtkazildi.
“Huquqiy axborot kunlari”ni oʻtkazish boʻyicha Xorazm viloyati hokimining 2018 yil 24 apreldagi 95-f-son farmoyishi qabul qilinib, tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Tadbirning dastlabki kunida adliya boshqarmasi hamda mutasaddi tashkilotlarning masʼul xodimlari ishtirokida 250 nafar xodimdan iborat 25 ta ishchi guruhga tashkil qilingan holda, tumandagi jami 50 ta MFYda har bir xonadonga uyma-uy kirish orqali fuqarolar, yaʼni aholimiz bilan bevosita muloqot oʻtkazildi.
“Huquqiy axborot kunlari”ning soʻnggi kunida Qoʻshkoʻpir tumani xiyobonida tashkil etilgan yakuniy bayramona tadbir “Huquqiy sayl”ga aylanib ketdi.
Xiyobonga joylashtirilgan 30 ta stolda adliya boshqarmasi, notariuslar, FHDYo xodimlari, advokatlar, IIB, bandlikka koʻmaklashish, davlat xizmatlari agentligi xodimlari tomonidan tadbirga tashrif buyurgan fuqarolarning bergan savollari yuzasidan huquqiy maslahatlar berildi, 80 turdan ortiq plakatlar, ularga tarqatilgan 44 turdagi buklet va 12 turdagi flayerlarda fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiluvchi maʼlumotlar sodda va tushunarli shaklda namoyish etildi.
Tadbir davomida sanʼatkoru raqqosalar, harbiy xizmatchilaru kaskadyor-haydovchilarning chiqishlari hammaga birdek manzur boʻldi.
“Huquqiy axborot kunlari” yakunida bu kabi tadbirlarni keyinchalik viloyatning boshqa hududlarida ham doimiy ravishda oʻtkazib borishga kelishib olindi.