Qadrli vatandoshlar!
Siz, azizlarni Navoiy kon-metallurgiya kombinati tashkil etilgani va yurtimizda uran sanoatiga asos solinganining 65 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Sizlarning fidokorona mehnatingiz bilan bepoyon Qizilqum bagʻridan qazib olinayotgan, dunyo miqyosida yuksak eʼtirof etilayotgan oltin, tabiiy uran va boshqa nodir qazilma boyliklar mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlashda beqiyos strategik ahamiyatga ega ekani barchamizga yaxshi maʼlum.
Shu maʼnoda, 40 dan ortiq millatga mansub qariyb 50 ming nafar yuqori malakali ishchi, muhandis va mutaxassislar mehnat qilayotgan mazkur kombinat va 3 yil oldin uning tarkibidan ajralib chiqqan “Navoiyuran” korxonasi milliy sanoatimiz faxri, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Keyingi yillarda soha rivojiga qaratilayotgan ulkan eʼtibor hamda ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalar jadal joriy etilayotgani tufayli kombinat oltin ishlab chiqarish boʻyicha yetakchi xorijiy kompaniyalar orasida 7-oʻrindan 4-oʻringa koʻtarildi. “Muruntov” koni esa xalqaro reytinglarda yuqori pogʻonalarni egallab kelmoqda.
Qisqa muddatda kombinatda 23 ta yirik investitsiya loyihasi, jumladan, 5, 6 va 7-gidrometallurgiya zavodlari, 2-gidrometallurgiya zavodining ikkinchi navbati ishga tushirilib, 15 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratilgani diqqatga sazovordir. Ana shunday saʼy-harakatlar natijasida bu yil oltin ishlab chiqarish hajmi 2016 yilga nisbatan 25 foiz, tabiiy uran 20 foiz, kumush esa 46 foizga oshganini alohida taʼkidlash lozim.
Bugungi kunda Oʻzbekiston uran qazib olish boʻyicha dunyoda 5-oʻrinni egallab turibdi. “Navoiyuran” davlat korxonasi oʻz mahsulotini yuz foiz eksportga yoʻnaltirmoqda.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida yangi quvvatlar uchun zarur asbob-uskuna va jihozlar hududning oʻzida ishlab chiqarilmoqda. Birgina Navoiy mashinasozlik zavodida yiliga oʻrtacha 15 ming turdan ziyod import oʻrnini bosadigan mahsulotlar tayyorlanayotgani buni tasdiqlaydi.
Soha uchun malakali muhandis kadrlar yetkazib berish maqsadida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining moddiy-texnika bazasi va ilmiy-pedagogik salohiyati mustahkamlanmoqda. Murakkab texnologik jarayonlarni asosan ana shunday oliygohlarimizda taʼlim olgan azmu shijoatli yoshlarimiz boshqarayotgani barchamizni quvontiradi.
Ishchi va xizmatchilar mehnatini ragʻbatlantirish, ularning mehnat va dam olish sharoitlarini yaxshilash doimo eʼtiborimiz markazida boʻlib kelmoqda. Koʻplab konchilarimiz Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanmoqda. Bugungi bayram munosabati bilan yana bir guruh soha vakillari faxriy unvon, orden va medallarga sazovor boʻldilar. Ularni ana shunday yuksak mukofotlar bilan chin dildan tabriklab, kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilayman.
Hurmatli doʻstlar!
Biz “Oʻzbekiston–2030” strategiyasi doirasida ushbu sohada ham koʻplab ishlarni amalga oshirishni reja qilganmiz. “Oqtov” konini oʻzlashtirish, koʻplab yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda uran qazib olish va qayta ishlash hajmini uch barobar koʻpaytirish shular jumlasidandir.
Oʻz hayotini shunday muhim sohaga bagʻishlagan siz, azizlar jamoalaringizdagi shonli mehnat anʼanalarini munosib davom ettirish, mamlakatimiz kon sanoati shuhratini yanada oshirish uchun bundan buyon ham katta kuch-gʻayrat bilan mehnat qilasizlar, deb ishonaman.
Sizlarni bugungi qutlugʻ ayyom bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt, olijanob faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti