Prezident Shavkat Mirziyoyev Karmana tumanida iqtisodiy loyihalar bilan tanishdi.
“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida yaqin ikki yilda 32 ta yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ularning natijasida 1 ming 660 ga yaqin ish oʻrni yaratilib, 138 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. Qiyos uchun: 2010-2016 yillarda 22 loyiha bajarilib, 904 ta ish oʻrni yaratilgan va 20 million dollarlik eksport qilingan.
Prezidentimiz erkin iqtisodiy zonaga boʻsh turgan binolar va qoʻshimcha yer maydoni ajratish taklifini maʼqulladi.
Ushbu erkin iqtisodiy zonada amalga oshiriladigan loyihalardan biri Gʻazgʻon marmari va granit boʻlaklaridan kompozit tosh mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasidir. Bunday material juda noyob va eksportbop boʻlib, mazkur korxona shu yoʻnalishdagi dunyodagi beshinchi zavod boʻladi. Loyiha natijasida yiliga 12 million dollarlik materiallar eksport qilinadi.
Prezidentimiz shisha mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Umumiy qiymati 97 million yevrodan ortiq boʻlgan mazkur korxonaga Germaniya, Fransiya va Xitoy texnologiyalari oʻrnatiladi. Qurilish va sanoat uchun oynalar, shisha idishlar ishlab chiqariladi.
Bu korxona mamlakatimizdagi qurilishlarga oyna yetkazib berish va import oʻrnini bosishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Navoiy viloyatida choʻl va togʻ hududi koʻpligi, suv tanqisligi bois sugʻorishda gidrogellardan foydalanish rejalashtirilmoqda. Bunday mahsulotning 10 grammi 3-4 litrgacha yomgʻir suvini shimib oladi va oʻzida saqlaydi. Bu oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish, avtomobil va temiryoʻllar atrofini obodonlashtirishda qoʻl keladi.
Prezidentimiz bu loyihaga qoʻshimcha mablagʻ ajratish, uni qoʻllashni kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Qishloq xoʻjaligi loyihalari bilan tanishar ekan, davlatimiz rahbari parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirish zarurligini taʼkidladi. Bu aholi farovonligini oshirish, goʻsht, baliq, tovuq va tuxum narxini arzonlashtirishda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Masalan, tomorqalarda kichik suv havzalari tashkil etib, Xitoy tajribasi asosida intensiv usulda baliq yetishtirish juda qulay va samarali. Tomorqada 2 sotixlik havzada bir yilda 12 tonnagacha baliq yetishtirish mumkin.
Shavkat Mirziyoyev bu loyihani Navoiy viloyati tajribasi sifatida yoʻlga qoʻyish, uylarda shunday havzalar tashkil etib, ularni chavoq va ozuqa bilan taʼminlash tizimini hududning oʻzida yaratish zarurligini taʼkidladi.
Bogʻ va zamonaviy issiqxonalarni koʻpaytirish orqali meva-sabzavotlarni eksport qilish, yaylovlardan samarali foydalanish, qorakoʻlchilik markazini tashkil etish, echkichilikni kengaytirish, junni qayta ishlash, paxta-toʻqimachilik klasterini rivojlantirish va boshqa loyihalar namoyish etildi.
Prezidentimiz loyihalarni ishga tushirish muddatini tezlashtirish va quvvatini oshirish, mahalliy xomashyodan foydalanib, import oʻrnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish boʻyicha topshiriqlar berdi. Markaziy telekanallarda Navoiy viloyati imkoniyatlarini keng targʻib qilish, yurtimiz tadbirkorlari va chet ellik investorlarni jalb etgan holda biznes-forum oʻtkazish zarurligini taʼkidladi.