Navoiy viloyatida investitsiya va bandlik imkoniyatlari katta

0
14
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 dekabr kuni Navoiy viloyatida qoʻshimcha imkoniyatlarni ishga solish, ish oʻrni va investitsiyani koʻpaytirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Navoiy – ham hudud, ham infratuzilma, ham sanoat salohiyati jihatidan katta viloyat. Soʻnggi yetti yilda 8 milliard dollar investitsiya kiritilib, 6 ming 500 ta loyiha ishga tushirilgan. Bu yil 2 milliard 200 million dollarlik 577 ta loyiha yakunlanmoqda.

Davlatimiz rahbarining oʻtgan oyda viloyatga tashrifi chogʻida iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, qoʻshimcha imkoniyatlarni izlab topish boʻyicha topshiriqlar berilgan edi. Yigʻilishda shu asosida tayyorlangan takliflar koʻrib chiqildi.

Masalan, Karmana tumanidagi kimyo texnoparkiga tutash yaylov yerda yangi sanoat korxonalarini joylashtirish moʻljallanmoqda. Infratuzilma va xomashyo borligi bois u yerda kelgusi yilning oʻzida kaolin, kvars, dioksid kremniy, mato boʻyogʻi loyihalarini boshlash mumkin.

Xitoylik investorlar Xatirchi tumanida kvars va granitni qazib olish hamda qayta ishlash tashabbusini bildirgan. Konimex, Navbahor va Uchquduq tumanlarida joylashgan 11 ta foydali qazilma maydoni ham oʻzlashtirish uchun istiqbolli.

“Aydarkoʻl” atrofidagi 150 gektarda mehmonxona va dam olish maskanlari barpo etilsa, 10 ming nafargacha sayyohlarga xizmat koʻrsatadigan loyihalar amalga oshiriladi, 200 ta ish oʻrni yaratiladi. Nurotaning Sentob, Xatirchining Langar va Angidon qishloqlarida 200 ta oilaviy mehmon uyi tashkil etilishi yiliga 600 mingga yaqin sayyohlarni jalb qilish, 500 nafar aholi bandligini taʼminlash imkonini beradi.

Yurtimizdagi yaylovlarning 43 foizi Navoiy viloyatida, lekin uning 5 foizidan foydalanayapti, xolos. Shu bois 350 ming gektar yaylovga dron bilan iqlimga mos ozuqa ekinlari, dorivor va ziravor urugʻlar sepiladi hamda aholiga boʻlib beriladi. Tomdi hamda Uchquduq tumanlarida echkichilik va qoʻychilik rivojlantiriladi.

Shuningdek, Tomdi va Nurota tumanlarini qurilish materiallari, chorvachilik hamda turizmga, Xatirchini toʻqimachilik va meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirish uchun barcha sharoit bor. Xususan, Xatirchida geni oʻzgarmagan va organik mahsulot sertifikatini beradigan zamonaviy laboratoriya tashkil qilinmoqda. Mazkur tumanda 500 gektar, Navbahorda 200 gektar adir yerlarda intensiv bogʻ va tokzorlar barpo qilinadi.

Dalalar va mahallalarda bozorbop mahsulotlar yetishtirish ragʻbatlantiriladi. Jumladan, Italiyadan kungaboqar urugʻi olib kelib, takroriy ekin sifatida 10 ming gektarda ekishni taklif qilinmoqda. Natijada 5 ming aholi qoʻshimcha daromadga ega boʻladi, ishlab chiqariladigan kungaboqar yogʻi viloyat aholisining yillik talabini qoplaydi. Paxtachilikda ham hudud tuprogʻiga mos, suvsizlikka chidamli goʻza Xitoy navlarini ekish kengaytiriladi.

Bu yilning oʻtgan davrida viloyatda 111 ming aholi ishga joylashtirilgan. 2025 yilda 140 ming aholining bandligini taʼminlash, 10 mingta oilani kambagʻallikdan chiqarish maqsad qilingan.

Yigʻilishda Navoiy viloyati hokimi shu kabi resurslarni ishga solish, 2025 yilda tarmoq korxonalaridan tashqari 2 milliard dollar investitsiya jalb etish, 320 million dollar eksportni taʼminlash boʻyicha rejalarini taqdimot qildi.

Lekin bular viloyat salohiyati darajasida emasligi bois rejalarni qayta koʻrib chiqish topshirildi.

Yangi loyihalarni koʻproq Konimex, Nurota, Xatirchi va Tomdi tumanlarida joylashtirish muhimligi koʻrsatib oʻtildi. Ishsiz aholini zamonaviy kasblarga oʻqitib, yurtimizda va chet eldagi yuqori daromadli ishlarga joylashtirish vazifasi belgilandi. Iqtisodiy imkoniyatlari keng, shu bilan birga, aholisi nisbatan koʻp boʻlmagan Navoiy viloyatini ishsizlikdan xoli hududga aylantirish mumkinligi taʼkidlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.