Davlatimiz rahbari Navoiy viloyatida rejalashtirilgan yangi investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Keyingi yetti yilda viloyatga 3 milliard 500 million dollardan ortiq investitsiyalar jalb etilgan. Ularning natijasida 64 ming 700 ta ish oʻrni va yiliga 1 milliard 200 million dollarlik eksport imkoniyati yaratilgan. Bu yil 2 milliard 100 million dollarlik 577 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Bu ishlar izchil davom ettirilib, xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 26 milliard 800 million dollarlik yuzdan ortiq strategik va yirik loyiha shakllantirilgan.
Prezidentimizga ularning 12 tasi taqdimot qilindi.
Loyihalarga AQSH, Fransiya, Germaniya, Avstriya, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Xitoy, Yaponiya, Koreya, Turkiya kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Bu tashabbuslar kimyo, energetika, togʻ-kon, elektrotexnika, tibbiyot, qurilish industriyasi, tekstil va toʻqimachilik kabi tarmoqlarni qamrab olgan.
Masalan, Xitoy bilan hamkorlikda Karmana tumanida yiliga 2 milliard 500 million soʻmlik yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlaydigan loyihalar amalga oshiriladi. Kimyo hamda qurilish materiallariga ixtisoslashgan sanoat parkini tashkil etish, shamol generatorlari uchun parraklar ishlab chiqarish korxonasi shular sirasiga kiradi.
Shu tumanda Rossiya bilan yana bir investitsion tashabbus – oziq-ovqat sanoati uchun alyumin qadoqlar yasash yoʻlga qoʻyiladi. Turkiya bilan hamkorlikda Konimex tumanida yiliga 370 ming tonna fosforit qazib olish, qayta ishlash hamda fosfor kislotasi va mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish tashkil etiladi. Avstriya bilan esa Navoiy shahrida yiliga 170 ming tonna sianit natriy tuzlari va kaustik soda olish loyihasi rejalashtirilgan.
Mazkur loyihalar natijasida 17 ming 800 nafardan ortiq aholi ish bilan taʼminlanadi.
Prezidentimiz tashabbuskorlarga tashkiliy-moliyaviy masalalarda koʻmaklashib, loyihalarni tezlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.